Davlatimiz rahbarining 2021-yil 21-apreldagi “Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xom ashyo bazasini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Oʻzbekgeologiya qidiruv” AJ tashkil etilgan edi.
Bugun mazkur jamiyat zamonaviy va yuqori samarali uskunalar, ilgʻor texnika va innovatsion texnologiyalar orqali hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini jadal bajaryapti. Shu orqali mamlakat mineral xomashyo bazasini boyitishga katta hissa qoʻshmoqda. Jumladan, oʻtgan davrda yer qaʼrini geologik oʻrganish, rangli qimmatbaho metallar va boshqa foydali qazilma maydonlarida geologik-qidiruv ishlarini tashkil etish borasida jiddiy oʻzgarishlar boʻldi. Xususan, rangli va qimmatbaho metallarning istiqbolli maydonlarini topish uchun ilmiy-tematik ishlar bajarildi. Qolaversa, resurs borligi prognoz qilingan maydonlarning mayda, oʻrta va yirik koʻlamli geologik xaritalari yaratildi. Bu kabi ishlar mineral xomashyo bazasini kengaytirishga xizmat qiladi.
2025-yilda 100 dan ortiq loyiha doirasida qidiruv ishlari rejalashtirilgan. Hozir dastur doirasida oltin, kumush, mis, qoʻrgʻoshin, rux, volfram kabi rudali foydali qazilmalar hamda norudali minerallar – qurilish materiallari va kimyo sanoatida qoʻllanadigan resurslar boʻyicha ham ishlar bajarilmoqda.
Soha vakillarining axborotiga koʻra, bugun kompaniya zamonaviy uskunalari orqali 1200–1900 metr chuqurlikkacha burgʻilash ishlarini bajarmoqda. Avval namunalar faqat 50–60 foiz darajada olinayotgan boʻlsa, hozirgi texnologiyalar yordamida bu koʻrsatkich deyarli 100 foizga yetgan. Bu esa tahlillar aniqligini oshirib, yoʻqotishlarni kamaytiradi. Shuningdek, jamiyat zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlangan. Qolayersa, kimyoviy elementlar soni ham oshgan. Tahlil jarayonlari 60-70 ta elementdan ortgani aytilmoqda. Bu esa yerdagi noyob elementlar va kamyob metallar boʻyicha aniq, sifatli maʼlumotlar olishga xizmat qiladi.
– Hisor markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi (MGQE) mamlakatning janubiy hududida joylashgan. U Qashqadaryo va Surxondaryo dala ekspeditsiyalarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlariining janubiy hududida qattiq foydali qazilmalar boʻyicha geologik qidiruv ishlarini bajaradi, – deydi Qashqadaryo dala geologiya qidiruv ekspeditsiyasi bosh geologi Zoyir Sattorov. – Shu paytga qadar ekspeditsiya faoliyati davomida yurtimizning turli viloyatida geologik qidiruv ishlarini bajargan. Jarayonda bir nechta maʼdanli va nomaʼdan foydali qazilma konlari topilgan. Bundan tashqari, koʻplab istiqbolli maydonlar aniqlangan. Bu maydonlar prognoz resurslar hisoblanadi va istiqbolli maydonlar qatoriga kiritilgan.
Joriy yilda Hisor markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi 24 ta loyiha doirasida geologik qidiruv ishlarini rejalashtirgan. Qashqadaryo dala ekspeditsiyasi tomonidan 7 ta loyiha doirasida ishlar bajarilmoqda. Jumladan, volfram va oltin kabi qimmatbaho resurslarni ilgarilama oʻrganish, rux va grafit maʼdanlari, shuningdek, kaliy tuzlari boʻyicha baholash ishlari uddalandi.
Hisor markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi asosan oltin, volfram, rangli va noyob metallar hamda noruda foydali qazilmalarni izlash, baholash bilan shugʻullanadi. Geologik qidiruv ishlari yerusti va yerosti togʻ lahimlari hamda burgʻilash ishlari yordamida bajariladi. Ekspeditsiyaning geologik ishlari asosan ogʻir sharoitdagi togʻli hududlarda amalga oshiriladi.
Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, 2019–2024-yillarda Hisor markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasining Qashqadaryo dala ekspeditsiyasi tomonidan Madmon maʼdanli maydonidagi Akba oltin konida batafsil geologik ishlar bajarildi. Ushbu ishlar Akba oltin konining qanot va chuqur gorizontlarini baholash, Sharqiy Kaylyuk oltin namoyonida dastlabki tahlil, shuningdek, Shimoliy Akba uchastkasini oʻrganish loyihasi doirasida bajarildi. Natijada Akba oltin konining sanoatbop zaxiralari rasman hisobga olindi.
Hisoblangan oltin zaxirasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi davlat zaxiralari komissiyasida koʻrib chiqilgan. Natijada C1+C2 toifa boʻyicha 13 tonnadan ortiq oltin zaxirasi davlat zaxiralar balansiga topshirilgan.
Hozir Akba oltin konining gʻarbiy tomonida Sharqiy Kaylyak oltin namoyonida dastlabki baholash ishlari bajarilmoqda. Shimoliy Akba uchastkasida esa yerusti togʻ lahimlari va kolonkali burgʻi quduqlari orqali izlanishlar davom ettirilyapti. Akba oltin koni atrofidagi geologik qidiruv ishlari natijasiga koʻra, bu konning yon qanotlari oʻrganilib, kelajakda 50 tonnaga yaqin oltin zaxirasi aniqlanib, respublika xomashyo bazasi rivojlantirilishiga katta hissa qoʻshiladi.
– Joriy yilda Hisor markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi doirasida 31 ming 970 kub metr hajmda yerusti togʻ-lahim ishlari, 2900 pogonometr yerosti lahimi qurilishi hamda 72 ming pogonometr burgʻilash ishlarini bajarish rejalashtirilgan, – deydi tajribali geofizik Botir Hakimov. – Joriy yilda foydali qazilmalar zaxirasi boʻyicha salmoqli koʻrsatkichlarni bajarish maqsad qilingan. Jumladan, oltin – 157 tonna, kumush – 190 tonna, mis – 270 ming tonna, qoʻrgʻoshin – 42 ming tonna, rux – 48 ming tonna, volfram – 8500 tonna, litiy — 5000 tonna, koʻmir zaxirasini 6000 tonnaga koʻpaytirish koʻzda tutilgan.
Buning uchun 131 ta loyiha amalga oshiriladi. Shundan 50 tasi davlat byudjeti, 24 tasi OKMK AJ, 63 tasi NKMK AJ mablagʻi hisobidan ishga tushiriladi. Ushbu loyihalar asosida geologiya qidiruv ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.
Press-tur davomida ishtirokchilar tosh maydalash sexida kern namunalarini tayyorlash hamda Akba oltin uchastkasida geofizik va burgʻilash jarayoni bilan tanishdi.
Sexda namunalar yerusti va yerosti burgʻilashidan olinishi, maydalanishi va laboratoriyaga tahlil uchun joʻnatilishi xususida maʼlumot berildi.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Hamkorlik materiali