Bu haqda AOKAda “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan oʻtkazilayotgan matbuot anjumanida ma'lum qilingan.
2021-yil 1-dekabrdan quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatiladi:
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno);
Taraflarning roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sogʻligʻini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi, shu jumladan davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid ishlar, shuningdek, ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlar boʻyicha sud majlislari (yopiq sud majlislari bundan mustasno).
Shuningdek, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining yangi Qonuni loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqiladi
Har yil yakunlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi.
Mazkur Farmonda koʻrsatilgan qoida va tartiblarning buzilishi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi sifatida baholanadi.