Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasining xabar berishicha, fuqaro T.O.ning onasi 2015-yilda ishlash maqsadida Turkiyaga kelgan va Istanbul shahriga joylashgan. Uning onasi Turkiya fuqarosi bilan tanishib, sharʼiy nikoh asosida turmush qurgan va uning uyida yashashni boshlagan.

Afsuski, mazkur “ota” voyaga yetmagan yurtdoshimizga nisbatan jinsiy tajovuz qilgan. Shu sababli, 2017-yilda T.O. Istanbuldagi bolalar uyiga joylashtirilgan.

Joriy yil fevral oyida T.O.ning opasi sudga qilgan murojaati asosida u bolalar uyidan ozod qilingan. Ammo, T.O.ning opasi keyinchalik Turkiya politsiyasiga kuch ishlatgani uchun qamoqqa tushgan, va voyaga yetmagan fuqaro yana qarovsiz qolgan.

Bosh konsulxona “Yelkadosh” va “Oʻzbek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish” jamiyatilari bilan hamkorlikda mazkur fuqaroning Oʻzbekistonga qaytarilishini va uni qonuniy vakillariga topshirilishini tashkil etdi.