Aniqlanishicha, 2025-yil 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Boʻka va Quyi Chirchiq tumanlaridagi davlat maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari tuman tibbiyot birlashmalariga sogʻligʻidagi qator shikoyatlar (tana haroratining koʻtarilishi, koʻngil aynishi va ich ketishi) bilan murojaat qilgan.
Dastlabki tibbiy koʻriklar xulosasi asosida bemor bolalarga zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning oʻzida aksariyat bolalarning sogʻligʻi yaxshilangani tufayli uylariga javob berilgan, ogʻir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi hamda Piskent, Boʻka va Oqqoʻrgʻon tuman boʻlimlari mutaxassislari tomonidan DMT muassasalarining oshxonalari koʻzdan kechirilib, bolalar sutkalik isteʼmol qilgan taomlardan olingan namunalar laboratoriyalarda tegishli tartibda tekshirilmoqda.
Bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bogʻliq har qanday vaziyat mutasaddi idoralarning alohida nazoratida oʻrganiladi.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan JKning 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtayi nazaridan holat boʻyicha oʻz kuzatuvini davom ettiradi.