Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademiklarini yoshlar orasida tanitish, ularning faoliyatlari, ilmiy ishlarini keng targʻib etish, yosh olimlar, tadqiqotchi va iqtidorli talabalarning ilm olishga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, ularga ilmiy motivatsiya berish, yetakchi olimlar, isteʼdodli yosh ilmiy xodimlarning faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash, qolaversa, «Ilm-fansiz kelajak yoʻq» gʻoyasi asosida rejalar ishlab chiqish, yoshlarning zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashga boʻlgan qiziqishni oshirish, bugungi kun talablaridan kelib chiqib, barcha sohalarga ilmiy gʻoyalarni hayotga tatbiq etishdan iborat boʻldi.
Mazkur kongress Namangan muhandislik-texnologiya instituti tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan boʻlib, xorijiy oliy taʼlim muassasalari, Oʻzbekistonning yetakchi oliy oʻquv yurtlari rektorlari, Akademiklar, professorlar, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan 200 ga yaqin ortiq ilm-fan vakillari va besh mingdan ortiq oʻquvchi-yoshlarni qamrab oldi.
Kongressni Oʻzbekiston fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev ochib berdi. Shundan soʻng, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov kongressga onlayn tarzda tabrik yoʻlladi.
Namangan viloyati hokimi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi vitse prezidentlari va bir guruh Akademiklar oʻz nutqlari va maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Akdemiklar va yoshlar uchrashuvi doirasida Namangan viloyatida joylashgan yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar va iqtisodiyotning tegishli tarmoqlaridagi mavjud muammolar yechimiga bagʻishlangan muhokamalar oʻtkazildi hamda «ishlab chiqarish-Fanlar akademiyasi-oliy taʼlim» zanjiri yaratilib, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yanada mustahkamlandi.
Kongress yakunlariga koʻra, yetakchi oliy taʼlim muacsasalari, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi, ilmiy tekshirish institutlari va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik shartnomlari imzolanib, mazkur shartnomalarga koʻra, ilmiy-innovatsion yoʻnalishlarda faol hamkorlik ishlarini olib borish, tadqiqotlarni birgalikda oʻrganish, stajirovkalar tashkil etish, fundamental va amaliy grant loyihalari boʻyicha xalqaro tanlovlarida birgalikda ishtirok etish, ilmiy amaliy anjumanlar tashkil etish, dunyoning eng nufuzli ilmiy institutlari bilan doʻstona aloqalarni yanada kengaytirish hamda fizika fanini oʻqitish boʻyicha Namangan tajribasi ommalashtirishiga keng hissa qoʻshildi.
Maʼrufjon USMONOV,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti
Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy
ishlar boʻyicha birinchi oʻrinbosari