Ayollar huquqlarini himoya qilish: xalqaro va milliy mexanizmlar

    Mamlakatimizda 8 Sentabr 2023 1613

    6-7-sentyabr kunlari Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda oʻquv kursi oʻtkazildi. Mashgʻulotlar Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov tinglovchilarga oʻquv kursidan koʻzlangan asosiy maqsad va vazifalar haqida atroflicha tushuncha berdi.

    Bugungi shiddatli va murakkab globallashuv davrida inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida xotin-qizlarning huquqlariga rioya etilishi sohasidagi vaziyat ham jahon hamjamiyatini tashvishga solib kelyapti. Maʼlumki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979-yil 18-dekabrda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya qabul qilingan.

    Ushbu Konvensiyaga Oʻzbekiston 1995-yil 6-mayda qoʻshilgan.

    Oʻzbekistonda ayollar huquqlarini himoya qilishning milliy tizimi yaratilgan va u oltita yoʻnalishdan iborat. Birinchidan, bu borada zarur huquqiy baza yaratilgan; ikkinchidan, tegishli institutsional tizimga asos solingan; uchinchidan, muayyan oʻquv-tarbiya ishlari yoʻlga qoʻyilgan; toʻrtinchidan, sohaga oid qonunlar ijrosining monitoringi olib borilyapti; beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanilyapti; oltinchidan, ayollar huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro hamkorlik izchil amalga oshirilyapti.

    Mamlakatimizda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan boʻlib, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham ushbu muhim masalalar oʻz aksini topdi.

    Keyingi yillarda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasiga muvofiq xotin-qizlarni himoya qilish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik boʻyicha murosasizlikni taʼminlash borasida qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash, barcha xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirishga qaratilgan 9 ta maqsad ishlab chiqilgan va ular izchil amalga oshirib kelinyapti.

    Oʻquv kursida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, uning hududiy boʻlimlari va namunali tumanlararo markazlari direktorlari hamda huquqshunoslari – jami 50 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

    Bunda asosiy eʼtibor, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari rahbar va xodimlarining ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini xalqaro amaliyot hamda milliy tajriba negizida qoʻllashga oid amaliy koʻnikmalarini yanada rivojlantirishga qaratildi. Oflayn va onlayn tarzdagi mashgʻulotlarda:

    • inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarning mazmun-mohiyati va mamlakat milliy huquqiy tizimi uchun ahamiyati;
    • ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari: xalqaro va milliy mexanizmlar;
    • xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar, zoʻravonlik sodir etgan shaxslar bilan oʻtkazilayotgan profilaktika ishlari;
    • tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarga yordam berish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish boʻyicha chora-tadbirlar;
    • gender tenglikni taʼminlash: xalqaro va milliy tajriba yuzasidan tinglovchilarning bilimlari oshirildi.

    Ayni mavzularda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi ekspertlari tomonidan maʼruzalar taqdim qilindi. Tinglovchilar huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari ham soʻzga chiqdi.

    Mashgʻulotlar yakunida psixologik-pedagogik trening va yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha amaliy mashqlar tashkil etildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazining matbuot xizmati.