Mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini yangi bosqichga koʻtarishga, biznes vakilalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirda Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda yurtimiz hududlarida faoliyat olib borayotgan 200 nafardan ortiq yetakchi tadbirkor ayollar ishtirok etdi.
Senat Raisi oʻz soʻzida tadbirkorlikka endi qadam qoʻyayotgan ayollarni qoʻllab-quvvatlash, moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirish maqsadida ularni doimiy tarzda oʻqitib borish, yuqori texnologiyali kasblarga oʻrgatish, yangi ishlanmalarga asoslangan startap loyihalarni qoʻllash, oʻzaro hamkorlik va tajriba almashish uchun muloqot maydonini tashkil etish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikdagi loyihalarni kengaytirish masalalariga toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, forum doirasida muvaffaqiyatli tadbirkor ayollar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, bugun yurtimizda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkor xotin-qizlar soni 200 mingdan oshdi, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida ayollar ulushi 46 foizni tashkil etadi. Kichik biznes subyektlarining 120 mingdan ziyodini, fermer xoʻjaliklarining 4 ming 550 dan ortigʻini xotin-qizlar boshqarib kelyapti.
Prezident Farmoni bilan joriy yildan boshlab ayollarning kichik biznes va xususiy tadbirkorligini tashkil etish uchun 100 million dollar ajratildi.
Shuningdek, kelgusi ikki yilda kichik va oʻrta biznesda xotin-qizlarning ulushini hozirgi 25 foizdan 40 foizga oshirish boʻyicha ulkan maqsad qoʻyilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning biznes sohasidagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda muammolarini bartaraf etish uchun joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish, ularda koʻnikmalarni shakllantirish va tadbirkorlikni boshlash uchun kredit olishda amaliy yordam koʻrsatishning yangi tizimi joriy etildi.
Forumda yaqin oʻtmishda ham xotin-qizlar tadbirkorlikning ayrim sohalarida, xususan xizmatlar sohasida, qisman toʻqimachilik sohasida faol ish olib borgan boʻlsa, bugungi kunga kelib xotin-qizlar biznesning har bir yoʻnalishiga shiddat bilan kirib kelgani va yuqori natijalarga erishgani alohida qayd etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar biznesda ayollarning ishtirokini kengaytirish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdilar.
Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish, mahalliy tadbirkor ayollarning xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari boʻyicha kelishib olindi.
Forum yakunida ishtirokchilarning muhim sanalgan yoʻnalishlardagi aniq takliflarini oʻz ichiga olgan Murojaat qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.