“Baxshichilik sanʼati” YUNESKO roʻyxatiga kiritildi

    Turizm 16 Dekabr 2021 3026

    YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasi (NMMMHQ) XVI sessiyasi doirasida “Baxshichilik sanʼati” Oʻzbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.

    Ushbu element boʻyicha nominatsion paket Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonning YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, 2020-yilda NMMMHQga taqdim etilgan. Ikki yil davomida YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya va Oʻzbekistonning Parijdagi doimiy delegatsiyasi Qoʻmitaga aʼzo davlatlar, Baholash komissiyasi va YUNESKO Kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur elementni targʻib qilish boʻyicha faol ish olib bormoqda.

    Sessiya doirasida Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekistonning YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan “Baxshichilik sanʼati” nominatsiyasining taqdimoti oʻtkazildi. Tadbir ishtirokchilariga ushbu sanʼat turini asrab-avaylash hamda milliy va xalqaro miqyosda targʻib qilish boʻyicha hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Bunda Prezidentimiz rahbarligi ostida soʻnggi yillarda “Baxshichilik sanʼati” ni qayta tiklash, jumladan, Oʻzbekistonda har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan “Baxshichilik sanʼati” xalqaro festivalini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.

    2019-yil aprel oyida Termiz shahrida boʻlib oʻtgan “Jahon sivilizatsiyasida baxshichilik sanʼatining tutgan oʻrni” mavzusidagi anjumanning muhim xulosalari, baxshichilikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlar, shuningdek, ushbu sanʼat turini kelajak avlodga munosib yetkazish maqsadida ixtisoslashtirilgan kollej va oliy oʻquv yurtlarida yosh baxshilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv dasturlari ham muhokama markazida boʻldi.

    Tadbirda Oʻzbekiston hududida baxshichilikning rivojlanish tarixini aks ettiruvchi maxsus videorolik namoyish etildi.

    NMMMHQ ushbu elementni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritishni akklamatsiya (keng konsensus) yoʻli bilan hech qanday debatlar va ovozga qoʻyishlarsiz maʼqulladi.

    Baholash komissiyasi vakillarining fikricha, baxshichilik sanʼati noyob tarixiy-madaniy meros boʻlib, nominatsiyalar toʻplami ushbu milliy elementni Nomoddiy madaniy merosning Reprezentativ roʻyxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga javob beradi. Qabul qilingan qaror YUNESKO koʻmagida baxshichilik sanʼatini asrab-avaylash, koʻpaytirish va targʻib qilish chora-tadbirlarini milliy va xalqaro miqyosda yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

    “Baxshichilik sanʼati” Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Reprezentativ roʻyxatga kiritilgan nomoddiy madaniy merosning oltinchi elementi boʻldi. Bunga qadar ushbu roʻyxatdan “Boysun tumani madaniy makoni” (2008), “Katta ashula” (2009), “Askiya” (2014), “Palov madaniyati va anʼanalari” (2016) va “Lazgi” (2019) oʻrin olgan edi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston boshqa davlatlar bilan hammualliflikda “Shoshmaqom” (2008), “Navroʻz” (2016) va “Miniatyura sanʼati” (2020) nominatsiyalarini ilgari surishda ishtirok etdi.

    Kelgusi yillarda “Oʻzbekiston kulolchilik maktabi” milliy elementlari, shuningdek, boshqa davlatlar bilan “Hunarmandchilikning anʼanaviy uslubi” va “Rubob chalish”, “Markaziy Osiyoda anʼanaviy kashtachilik uslubi”, “Xoʻja Nasriddin qissalarini aytish anʼanasi” kabi koʻp millatli nominatsiyalarni NMMMHQ muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan.

    YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasi XVI sessiyasi 13-18-dekabr kunlari Tashkilotning Parijdagi shtab-kvartirasida virtual rejimda oʻtkazilmoqda.