Bir daryodan suv ichgan ikki xalqmiz

    Xalqaro hamkorlik 7 Aprel 2021 916

    Oʻzbek va qirgʻiz xalqi azal-azaldan qoʻni-qoʻshni, quda-anda boʻlib ahil-inoqlikda yashab kelishgan. Yillar davomida bu ikki xalqning oʻzaro hamkorlik rishtalari turli sinovlarga dosh berib, qondosh va jondosh, har tomonlama ishonchli mamlakatga aylanishdi.

    Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan joriy yil 11-12-mart kunlari Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan yurtimizda boʻlib, Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilgan edi. Rasmiy muloqotlar chogʻida Namangan va Jalolobod viloyatlari oʻrtasida 2021-yilga moʻljallangan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni yana-da kengaytirish va chuqurlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” tasdiqlangandi.

    Mazkur uchrashuvlarning mantiqiy davomi sifatida shu yil 18-mart kuni mahalliy hokimliklar masʼullari, tadbirkorlik subyektlari vakillaridan iborat Namangan viloyati delegatsiyasi Jalolobod viloyatiga amaliy tashrif bilan borib, ikki tomonlama qator kelishuvlar yoʻlga qoʻyilgandi.

    30-31-mart kunlari esa Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattar Sirgabayev boshchiligidagi delegatsiya javoban Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolari Andijon viloyatidagi “Madaniyat” chegara-bojxona postida milliy urf-odatlarimizga binoan kutib olindi.

    Tashrif munosabati bilan dastlab viloyat hokimligida rasmiy qabul marosimi oʻtkazildi. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattor Sirgabayev, Qirgʻizistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibragim Junusov ishtirok etgan uchrashuvda alohida urgʻu qaratilganidek, oʻzbek va qirgʻiz birodarligi yoʻlida yangi davr boshlandi.

    Maʼlumot oʻrnida, Namangan Qirgʻiz milliy-madaniy markazi rahbari Mafiratxon Istamqulovaning aytishicha, yetti tumani Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyati bilan chegaradosh boʻlgan Namangan viloyatida bugungi kunda 23 mingga yaqin qirgʻiz millatiga mansub fuqarolar munosib hayot kechirishmoqda. Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy va Chortoq tumanlaridagi qirgʻiz mahallalarida qardosh elning urf-odatlari yuksak qadrlab kelinmoqda. Bundan tashqari, viloyat Qirgʻiz milliy-madaniy markazi, uchta qirgʻiz maktabi va qirgʻiz ishbilarmonlari sarmoyasi ishtirokidagi toʻqqizta qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda.

    Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyatida esa ayni paytda 1 million 238 ming aholi istiqomat qilib, ularning 26 foizi oʻzbeklardan iborat. Oʻzbek tiliga ixtisoslashgan 21 ta maktabda zarur sharoitlar hozirlangan. Oʻzbek tilida “Yangi tong” gazetasi ham bosiladi.

    - Imzolangan tarixiy hujjat viloyatlararo koʻp yillik va samarali hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash va bundan ham yuqori pogʻonaga koʻtarishga xizmat qiladi. 2020-yilda viloyatimizning Qirgʻiziston Respublikasi bilan oʻzaro tovar aylanmasi 102 million 600 ming dollarni tashkil qildi. Bunda Namangan eksportida Qirgʻizistonning ulushi 25 foiz boʻldi, - dedi Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov. - Huquqiy qomus sifatida dasturilamal vazifasini oʻtaydigan “Yoʻl xaritasi”ga asosan qiymati 22 million dollarlik 6 ta loyihani amalga oshirish va 300 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratish hamda qiymati 132 million 500 ming dollarga teng 35 ta savdo shartnomasi ijrosini taʼminlash belgilangan. Qolaversa, ikki hudud oʻrtasidagi mavjud aloqalarni yana-da mustahkamlash maqsadida “Uchqoʻrgʻon – Kensay”, “Nanay – Kerben” chegara-bojxona posti faoliyatini qayta tiklash va “Kosonsoy – Baymak” chegara-bojxona oʻtish punkti orqali transportlar harakatiga ruxsat berish uchun amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Chegaroldi hududlarda oʻzaro savdoni kengaytirish, logistika markazlari tashkil etish, turizmni rivojlantirish hisobiga 1500 ziyod ish oʻrnini ochish imkonini beradi.

    Qirgʻiziston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibragim Junusov “Yurtimizdagi diplomatik missiyani boshlagan vaqtimda toʻrtta nazorat-oʻtkazuv punkti ishlagan. Hozirga kelib ularning soni sakkiztaga yetgan. Yaqinda ikki mamlakat Prezidentlari uchrashuvi davomida barcha 15 ta nazorat-oʻtkazuv punktlarini ochish boʻyicha topshiriq yuklatildi. Sanitariya, bojxona va chegara qoʻshinlari oʻz masalalarini hal etishsa, uch oy ichida barchasini ochamiz. Birinchi boʻlib 1-apreldan Fargʻona viloyatining Rishton va biz tarafdan «Qaytmas” postidan boshlaymiz. Punktlardan oʻtayotgan fuqaro pasport tekshiruvi uchun bir yarim daqiqadan ortiq vaqti ketmasligi taʼminlanadi. Ikki taraflama oʻtkazish punkti boʻyicha meʼyoriy talablar yechilganidan keyin Jalolobod va Namangan oʻrtasida avtomobillar qatnovi ham yoʻlga qoʻyiladi», dedi jurnalistlarga bergan intervyusida.

    Demak, 500 kilometrga yaqin aylanma yoʻl masofasining qisqarishi va Xitoyga transport-logistik xarajatlarni kamaytirish natijasida mahsulotlar tannarxi pasayadi.

    Tomonlar iqtisodiy munosabatlardan tashqari, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik, talabalar almashinuvi sohalarida yaqindan ishlashga tayyorligini bildirdi. Rasmiy qabuldan soʻng “Uch favvora” xiyobonida Namangan va Jalolobod viloyatlari “Birodar hududlar” deya eʼlon qilinganiga bagʻishlangan tantanali marosim uyushtirildi. Unda ikki viloyatlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va viloyat Qirgʻiz milliy-madaniy markazi faollari qatnashdi. Xiyobon hududiga Namangan va Jalolobod viloyatlari oʻrtasidagi tarixiy kunni oʻzida aks ettiruvchi monument oʻrnatildi. Bu xiyobonga hamdoʻstlik mamlakatlaridan birinchi boʻlib Qirgʻiziston Respublikasi bayrogʻi olqishlar ostida koʻtarildi.

    Jalolobod viloyatining administratsiyasi va huquq-tartibot idoralari masʼul xodimlari, sanoat korxonalari rahbarlari, ishbilarmonlar doiralari vakillari, jurnalistlardan iborat delegatsiya aʼzolari Namangan shahrida joylashgan monomarkaz, viloyat markazining Davlatobod tumanidagi “Oʻn bir Ahmad” ziyoratgohi, “Yangi Oʻzbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxonasi, Prezident maktabi, “Dashtbogʻ”, “Orzu” va “Yuksalish” kichik sanoat zonalaridagi “Dreamliner textile”, “Ideal orzu tekstil”, “Art soft cluster holding”, “Flat tile”, “Zamin kiyim sanoat”, “Samira amir tekstil”, “Fabrika nashe”, “Santex dizayn”, “Aisha home textile”, “Merrymed farm” MCHJ kabi korxonalar faoliyati bilan tanishdilar. Mazkur korxonalar bilan birgalikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar almashildi. Namangan viloyatining diqqatga sazovor joylari hamda yirik ishlab chiqarish majmualari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

    “Navkent - Oʻsh oraligʻi 200 kilometr. Uchqoʻrgʻondagi post ochilgach, Oʻshga Namangan orqali 70 kilometr yoʻl bosamiz, yaʼni 130 kilometr yutamiz”, deydi “Doʻstuk ayil ukmati” boshchisi Zamirbek Mamasadikov.

    - Tumanimiz markazi Kerben shahrida 6 ming atrofida oʻzbek yashaydi. Kerben Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumaniga qarashli Nanay qishlogʻi bilan chegaradosh. Agar avval shu yerning oʻzida boʻlgan nazorat punkti tiklansa, Namanganga oʻtish uchun Baymakdan 50-60 kilometrlab uzoq yoʻl bosib yurilmaydi, masofa butkul yaqinlashadi. Ayni muhim masalani ikki viloyat rahbarlari maslahatlashishdi va rasmiy qabul vaqtida ijobiy hal qilindi, - deydi Jalolobod viloyatining Axsi tumani hokimi Jirgalbek Shakiov. - Darvoqe, Namangan shahridagi ulkan qurilishlar, zamonaviy binolar qiyofasi, yoʻl infratuzilmasi, landshaft dizayni, Prezident maktabi va yaqinda foydalanishga topshirilgan zamonaviy axborot-kutubxona markazining noodatiy meʼmoriy uslubdagi arxitekturasi juda yoqdi.

    Tashrifning ikkinchi kunida Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattar Sirgabayev boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamrohligida Toʻraqoʻrgʻon tumanida Namangan – Jalolobod biznes forumi va “Made in Namangan” mahalliy ishlab chiqaruvchilar koʻrgazmasida ishtirok etdi. Unda 50 dan ortiq sanoat ishlab chiqarish korxonasi mahsulotlari namoyish qilindi.

    Forumda Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattar Sirgabayev nutq soʻzlab, hamkorlikni rivojlantirish tadbirlari davom etishini bildirdi.

    - Menga, ayniqsa, Namanganning tekstil yoʻnalishida Yevropa bozorlarida oʻz oʻrnini topib, rivojlangan davlatlar tadbirkorlari bilan raqobatlasha oladigan mahsulotlar ishlab chiqarayotgani maʼqul keldi. Viloyat eksport hajmida tikuvchilik mahsulotlari ulushi 50 foiz ekan. Xususiy va kichik biznes vakillariga, xorijiy investorlarga yaxshi shart-sharoitlar borligiga havas qildik. Oʻrganadigan jihatlarimiz koʻp, - dedi Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattar Sirgabayev.

    Maʼlumot uchun, “Namangan” va “Kosonsoy” erkin iqtisodiy zonasi hamda viloyat shahar va tumanlaridagi 73 ta kichik sanoat zonasida yana mingdan ortiq loyiha ishga tushishi natijasida koʻrsatkich ikki barobarga oshib, 9 trillion soʻmlik mahsulotlar eksportga va mahalliy bozorga chiqariladi. 2021-2022-yillar mobaynida Namangan viloyatida umumiy qiymati 2,2 milliard AQSH dollarlik 1 ming 700 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

    Forumda ziyorat turizmini rivojlantirish, Namanganda tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan qirgʻizistonlik ishbilarmonlarni viloyatdagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida loyihalarini tatbiq etish, chorvachilik va pillachilik sohalarida birgalikda kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish kabi istiqbolli takliflar bildirildi, rejalar va imkoniyatlar oʻrtoqlashildi.

    Har ikki viloyat tadbirkor va ishbilarmon doiralari vakillarining oʻzaro “B2B” formatdagi muzokaralari natijasida Namangan va Jalolobod viloyatlari biznesmenlari oʻrtasida bir qator memorandum va bitimlarga erishildi.

    Xususan, Urugʻchilikni rivojlantirish markazi Namangan viloyati boshqarmasi hamda “Mirkozim hoji ferma chorvasi” fermer xoʻjaligi oʻrtasida urugʻlik chigiti va bugʻdoyini yetkazib berish boʻyicha 65 ming AQSH dollarlik memorandum, Pop tumanidagi “Asadbek Chorkesar” fermer xoʻjaligi va “Qirgʻiz eko eksport” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida chorvachilikni rivojlantirish va junni qayta ishlash boʻyicha 30 million AQSH dollarlik bitim, Namangan shahridagi “Namangan porloq taʼmirlash servis” MCHJ hamda Navkent tumani maʼmuriyati oʻrtasida qurilish mahsulotlarini eksport qilishga oid bitim tuzildi. Shuningdek, Namangan viloyatidagi tur operatorlar bilan “Sari – Chelek trekking” turistik kompaniyasi oʻrtasida ziyorat va ekoturizmni rivojlantirish, oʻzaro sayyohlar tashriflarini tashkillashtirish boʻyicha memorandum, Uychi tumanidagi “Uychi Asaka” agrofirmasi hamda “Tilek” agrofirmasi oʻrtasida organik oʻgʻitlar ishlab chiqarishga qaratilgan 6 million dollarlik hujjatlar imzolandi. Chortoq tumanidagi “Global eksport Chartak” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Jalolobodga 5 million AQSH dollari miqdorida quritilgan meva yetkazib berishga ham kelishildi.

    - Oʻzim olabuqalikman, Namanganda bundan oʻttiz yilcha avval boʻlganman. Bir daryodan suv ichsak-da, men eski tasavvurda yurgan ekanman. Viloyatingiz mustaqillik yillarida tamomila oʻzgarib, goʻzallashib, barcha sohada rivojlanib, ancha oldinlab ketibdi. Ayniqsa, gullar diyori nomi bilan mashhur, ozoda Namangan shahrida bunyodkorlik avjida, yuksalishlardan hayratdaman. Ochigʻi, hududdagi aholi bandligini taʼminlash, ishsiz qatlam vakillarini bepul 12 xil kasbga oʻqitish va qayta tayyorlash maqsadida yangi barpo etilgan monomarkaz eʼtiborimni tortdi. Bunaqa tajribani ilk bor Namanganda koʻrdim, - deydi Jalolobod viloyatining iqtisod va investitsiya boshqarmasi sektor boshligʻi Aynagul Baymirzayeva. - Namanganda may oyida oʻtadigan anʼanaviy 60-Xalqaro gul bayramiga taklif etilganimizdan boshimiz osmonga yetdi. Mamnun kayfiyatga yurtimizga qaytyapmiz, mehmondorchilik uchun tashakkur, yuksak eʼtibordan minnatdormiz! Yuqori saviyada va koʻtarinki ruhda kechgan ikki kunlik tashrif tili va dini bir qardosh ellarimiz uchun manfaatli boʻlgani, koʻngillarda mehr-oqibatni kuchaytirganidan gʻoyat xursandmiz!..

    Xayrlashuv onlarida Jalolobod viloyati madaniyat boshqarmasi boshligʻi, oqin, Qirgʻiziston xalq shoiri Rahmatilla Qoʻzukeyevning dilsoʻzlarini tingladik: “Namangan biz uchun qadrdon viloyat, men oʻzim Uchqoʻrgʻonda ulgʻayganman. Yoʻllar ochilib, rishtalar qayta bogʻlangani uchun davlatlarimiz rahbarlariga mingdan-ming tashakkur. Sizlar bilan tariximiz, anʼanalarimiz, madaniyatimiz oʻxshash, yeri yeriga tutash, bozor va mozorimiz bitta. Hamjihatlikda beqiyos kuchmiz, porloq kelajagimiz sari olgʻa, samimiy doʻstligimiz abadiy boʻlsin!”

    Orifjon JOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.