Bu yil kuz-qish mavsumi nisbatan seryogʻin keldi. Gidrometeorologik xizmatlar prognozlariga koʻra, bahorning ilk oyi — martda ham yogʻinli kunlar koʻp boʻlishi taxmin qilinmoqda. Odatda yogʻin miqdori koʻp boʻlishi qadimdan yilning qut-barakali kelishiga ishora oʻlaroq ijobiy qabul qilingan. Bu holat sayyoramizda tobora oshib borayotgan ehtiyoj va albatta, iqlim oʻzgarishlari tufayli suv tanqisligi dolzarb muammoga aylanib borayotgan bir sharoitda muhim ahamiyatga ega.
Jumladan, BMT Jahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash tashkiloti oʻtgan yili eʼlon qilgan bayonotida 2050-yilga borib qurgʻoqchilik dunyo aholisining toʻrtdan uch qismidan koʻprogʻiga taʼsir qilishi mumkinligini maʼlum qildi. Bu juda katta raqam va tabiiyki, xavotirli jihatlar yurtimiz iqlim sharoiti, xususan, suv taʼminoti barqarorligiga ham taalluqlidir. Buni birgina soʻnggi 15 yilda yurtimizda yogʻingarchilik miqdori 25 foizga qisqargani ham tasdiqlaydi.
Jahon tabiiy resurslar instituti (World Resources Institute) va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti tadqiqotlariga koʻra esa 2040-yilga borib, suv tanqisligiga eng koʻp uchrashi taxmin qilinayotgan 33 davlat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston ham bor.
Bu esa, oʻz navbatida, ushbu davrga borib taxminlar qay darajada qaror topishidan qatʼi nazar, okean va yirik dengizlardan olisda joylashgan Oʻzbekiston uchun mavjud resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishga oʻtish, bunga ayni paytdan boshlab ustuvorlik berishni talab qiladi.
Shuning uchun ham mamlakatimizda ushbu neʼmatdan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buni 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 7 milliard metr kub suvni tejash vazifasi belgilangani misolida ham koʻrish mumkin.
Suv resurslarini tejash, undan maqsadli va samarali foydalanishda suv tejovchi texnologiyalar alohida ahamiyatga ega. Bu sohada yuqori samaradorlikka erishish uchun dunyoda shakllangan tomchilatib sugʻorish texnologiyalari bozoriga integratsiyalashish va uning ilgʻor tajribalarini Oʻzbekistonda qoʻllash dolzarb hisoblanadi. Bu tajribalar hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllashni sifat jihatidan yuqori darajaga olib chiqadi.
Dunyo tajribasiga bir nazar
Metr kub atamasi qishloq xoʻjaligida suv miqdorini aniqlashning asosiy oʻlchov birligi hisoblanadi. Bilʼaks, tomchi ularning milliondan bir qismi oʻlaroq aniq bir miqdorni anglatmaydi. Lekin masalaning qiziq tomoni shundaki, soʻnggi paytlarda suv miqdorining aniq oʻlchov birligi chetda qolib, tomchi atamasi suv xoʻjaligi tizimi, umuman, suv bilan bogʻliq jarayonlarda faol qoʻllaniladigan soʻzga aylanib boryapti. Tilimizda ushbu oʻzak asosidagi yangi soʻz birikmalari paydo boʻlmoqda.
Shu oʻrinda tomchilatib sugʻorish oʻzi nima ekani va uning qanday paydo boʻlgani tarixiga bir nazar tashlasak, foydadan xoli boʻlmaydi. Tomchilatib sugʻorish suv resurslaridan samarali foydalanishda eng maqbul usullardan biri hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, bu usul birinchi marta oʻtgan asrning 60-yillarida Isroilning Negev choʻlida qoʻllangan. Qisqa vaqt ichida erishilgan ijobiy natijalar, qolaversa, suv tanqisligining kuchayib borishi dunyoning koʻplab mamlakatlarida tomchilatib sugʻorishning tez tarqalishiga sabab boʻldi.
— Natijada dunyoda umumiy hajmi 9,3 milliard dollar qiymatidagi tomchilatib sugʻorish texnologiyalari bozori shakllandi, — deydi tadqiqotchi Komiljon Qoʻziyev. — AQSHning “Rhode Island” universiteti ekspertlari fikricha, 2028-yilga borib bu bozorning hajmi 23,3 milliard dollarga yetadi. Bu hozirgi koʻrsatkichdan deyarli 2,5 baravarga ortiqdir. “Fortune Business Insight” tashkiloti Osiyodagi tomchilatib sugʻorish texnologiyalari bozori hajmini 4,3 milliard dollar qiymatida baholamoqda. Bu bozorning oʻrtacha yillik oʻsish surʼati 9,3 foizni tashkil etsa, 2026-yilga borib uning hajmi dunyo bozorining 40 foizini qamrab olishi prognoz qilingan.
Bu bozorning eng asosiy talabgorlari Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya, Fransiya, Italiya, Avstraliya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Braziliya, Argentina kabi davlatlar sanaladi. Sugʻoriladigan maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar qoʻllangan yer maydoni 100 million gektarga yaqinlashib qoldi. Bu borada Xitoy yetakchilik qilmoqda. Jumladan, 2009-yilda Xitoyda “Milliy suvni tejash — irrigatsiya” dasturi qabul qilingan. Dastur doirasida “2020-yilga borib bunday texnologiyalar oʻrnatilgan sugʻorish maydoni hajmini mamlakatdagi jami sugʻoriladigan yerning 80 foiziga yetkazish, shu jumladan, sprinkler texnologiyali maydonlarni 4,29 million, tomchilatib sugʻorishni 1,3 million, past bosimli trubalar orqali sugʻorishni 8,08 million va kanallar qoplamali sugʻorish maydonlarini 17,8 million gektarga yetkazish” vazifasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bu borada katta natijalarga erishishga zamin yaratgan.
Dunyo mamlakatlari orasida, shuningdek, AQSH (13,8 million gektar), Hindiston (7,7 million gektar), Braziliya (4,5 million gektar) va Ispaniya (4,5 million gektar) davlatlari yetakchi hisoblanadi. Biroq jami sugʻoriladigan maydonga nisbatan bunday texnologiyalar oʻrnatilishi qamrovi boʻyicha Isroil peshqadam. Xususan, Isroilda jami sugʻoriladigan yerning 99 foiziga suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatilgan.
Bu turdagi texnologiyalarning ahamiyatli jihati shundaki, tomchilatib sugʻorish usuli oʻsimliklarning ildiziga suvni kichik dozalarda tomchilatish orqali uni oziqlantirishga asoslangan. Bunda suvning miqdori va chastotasi oʻsimliklarning ehtiyojiga muvofiq tartibga solinadi. Suv barcha oʻsimliklarga teng va bir xil miqdorda oqadi. Butun dala sugʻorilmaydi, yaʼni ortiqcha suv isrof qilinmaydi. Suv faqatgina oʻsimlik ildiziga kerakli miqdorda yetkazib beriladi. Pirovardida, bugʻlanish, shimilish tufayli kuzatilishi mumkin boʻlgan katta yoʻqotishlarning oldi olinadi.
Suvdan tejamli foydalanishda Isroil tajribasi eng samarali hisoblanadi. Ushbu davlatda, avvalo, suvdan samarali foydalanish, uni tejashning huquqiy asoslari mustahkamlangan. Jumladan, 1959-yildan 2001-yilgacha boʻlgan davr mobaynida “Suv resurslari toʻgʻrisida”gi, “Suv quduqlarini burgʻilash ustidan nazorat toʻgʻrisida”gi, “Tuproqni muhofaza qilish va drenaj tizimi toʻgʻrisida”gi, “Suvni oʻlchash toʻgʻrisida”gi va “Suv korporatsiyalari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilingan.
Iiroilning 1972-yilda tuzilgan “Netafim irrigation” kompaniyasi dunyoda tomchilatib sugʻorish tizimlarining birinchi sanoat ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Birinchilik bilan bir qatorda, ushbu korxona tomchilatib sugʻorish tizimining afzalligi shundaki, texnologiyalar suvni nafaqat 70 foizgacha tejaydi, balki mineral oʻgʻit, ishchi kuchi, yoqilgʻi sarfini ham sezilarli darajada qisqartirib, eng asosiysi, manzilli oziqlantirish orqali ekinlar hosildorligini ikki baravar oshirishga imkon beradi. Umuman olganda, Isroilda yaratilgan suv xoʻjaligi tizimi integratsiyasi tejamkorlikning klassik namunasi hisoblanadi.
Suv tejovchi texnologiyalar — yuqori samaradorlik kafolati
Dunyo tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, ekinlarni zamonaviy yondashuvlar — tomchilatib, yomgʻirlatib, umuman olganda, suv tejovchi texnologiyalar yordamida sugʻorish nafaqat suv sarfi hajmini katta miqdorda iqtisod qilish, balki hosildorlikni oshirish, sarf-xarajatni esa sezilarli darajada kamaytirishga zamin yaratadi. Bu esa, oʻz navbatida, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ekologiya barqarorligiga erishish kabi dolzarb masalalar yechimiga xizmat qiladi. Qolaversa, tejalgan yoqilgʻi, mineral oʻgʻit va ishchi kuchi boshqa sohalar rivojida qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
— 24 yildan beri fermerlik faoliyati bilan shugʻullanaman, — deydi Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi fermer xoʻjaligi rahbari Nurmat Ashurov. — 2019-yil tumanda birinchilardan boʻlib tomchilatib sugʻorish usulini dalamda qoʻllay boshladim. Ochigʻi, oʻsha payt koʻpchilik bunga boʻlmaydigan ish, deb qaragandi. Oʻzimda esa bir oz xavotir boʻlgani bor gap. Keyinchalik bu usulga barchaning fikri ijobiy tomonga oʻzgardi. Boisi, bu anchagina tejamkor usul ekani fermerlik faoliyatim misolida yaqqol koʻrindi.
Jumladan, shu yili bankdan 360 million soʻm kredit olib, 20 gektar paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish uskunalarini oʻrnatgan boʻlsam, hali hosil yetilmasidan xarajatlarim qoplana boshladi. Xususan, davlatimiz rahbarining qaroriga asosan, har gektar yerim uchun 8 million soʻmdan — jami 160 million soʻm subsidiya oldim. Shuningdek, 14 foizlik kreditimning asosiy foiz qismi ham davlat tomonidan qoplab berildi. Bu — masalaning yaxshi bir jihati. Asosiy yutuqli tomoni esa hosildorlik oshgani va tejamkorlikda boʻldi. Birinchidan, suv tejalishi hisobiga gʻoʻzalar tanqislik sezmadi, natijada hosildorlik va shunga mos ravishda daromadimiz oʻtgan yillarga nisbatan ancha oshdi. Ikkinchidan, bir gektar yerga avvallari 700-800 kilogrammdan oʻgʻit bergan boʻlsak, tomchilatib sugʻorish orqali bu koʻrsatkich 300-400 kilogrammga tushdi. Shuningdek, yoqilgʻiga sarflaydigan xarajatimiz 50 foizga kamaydi. Oldin yigirma gektar yerni 5-7 kun davomida kamida toʻrt-besh kishi yordamida sugʻorgan boʻlsak, bu usulda 3-4 kunda faqatgina bir suvchi bilan uddalayapmiz. Xullas, buning yana boshqa koʻplab yaxshi tomonlari bor. Asosiysi, daromadimiz avvalgi yillarga nisbatan sezilarli koʻpayib boryapti.
Fermerning qoʻshimcha qilishicha, bu usul suv muammosi mavjud boʻlgan Qashqadaryo sharoitida juda samarali hisoblanadi. Shuning uchun ham Nurmat Ashurov 20 gektar lalmi yerda bogʻ barpo etib, shu usulda sugʻorishni rejalashtirgan.
Sugʻorish tizimida yangi texnologiyalarni qoʻllash, modomiki, mana shunday samaradorlikka ega ekan, yurtimizda buni ommalashtirish holati qay ahvolda, bu borada imkoniyatlarimiz qanday ekani barchamizga birdek qiziq va muhim, albatta.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston hududlarida foydalaniladigan oʻrtacha yillik suv resurslarining miqdori 51-53 milliard metr kubni tashkil etadi. Buning nisbatan kam qismi — 21,5 foizi yurtimiz, qolgan asosiy 78,5 foiz qismi esa qoʻshni davlatlar hududida shakllanadi.
Suvning katta qismi sugʻorishda ishlatiladi va aynan vegetatsiya davrida suv tanqisligi kuzatiladi. Masalan, 2021-yilgi sugʻorish mavsumida hududlarda suv taʼminoti meʼyorga nisbatan 25 foiz kam boʻlishi kuzatildi. Bu qariyb 8-10 milliard metr kub suv tanqisligiga olib keldi.
Hududlarda bu kabi suv tanqisligining ortib borishi mavjud resurslardan tejamli foydalanishni talab qiladi. Shu maqsadda mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilinib, buni amalga oshirish tartibi boʻyicha Nizom ishlab chiqilgan edi. Nizomga koʻra, paxta va uzum plantatsiyalarining 1 gektariga — 8 million soʻmdan 11 million soʻmgacha, mevali ekinlarga — 6 million, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor oʻsimliklarga — 2,5 million, sabzavot ekinlari va kartoshkaga — 1,5 million, poliz ekinlariga — 1,3 million soʻm miqdorida subsidiyalar ajratish belgilangan. Joriy qilingan suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalaridan sugʻorish mavsumida foydalanmaslik holatlari aniqlansa, ajratilgan subsidiya davlat byudjetiga qaytarilishi ham belgilab qoʻyilgan.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan esa bu boradagi xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratish tartibi tasdiqlandi.
Yaratib berilgan qulay sharoit, taqdim etilayotgan imtiyozlar natijasida birgina 2021-yilda 433 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi. 2022-yilda esa bu borada yanada kattaroq marra — 478 ming gektar belgilandi.
Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Rustam Qarshiyevning aytishicha, soʻnggi yillarda mamlakatimizda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar hajmi qariyb bir million gektarga yetkazildi. Zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilgan maydonning katta qismini tomchilatib sugʻorish tizimi tashkil etadi. Ushbu yoʻnalish boʻyicha 2023-yilda amalga oshirilishi reja qilingan ishlarning asosiy qismi ham tomchilatib sugʻorish hissasiga toʻgʻri keladi. Xususan, joriy yil 260 ming gektarda tomchilatib, 25 ming gektarda yomgʻirlatib, 15 ming gektarda diskret usulda sugʻorish texnologiyasini oʻrnatish rejalashtirilmoqda.
Ushbu texnologiyalarni ishlatish orqali 1,9 milliard metr kub suv, 100 ming tonna mineral oʻgʻit, 13 ming tonna yoqilgʻi-moylash materiallari iqtisod qilinadi. Oʻz navbatida, hosildorlik oʻrtacha 15-20 sentnerga oshirilib, 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sugʻorish imkoniyati yaratiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, birgina Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022-yilda irrigatsiya obyektlarida suv sarfini onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi 286 ta “Aqlli suv”, meliorativ kuzatuv quduqlarida sizot suvlar koʻrsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qilish imkonini beruvchi 270 ta “Dayver”, nasos stansiyalarida suv sarfini onlayn hisobini yurituvchi 208 ta “Aqlli hisoblagich” qurilmasi oʻrnatilib, Qizketken-Kegeyli ITB tasarrufidagi “Kegeyli” magistral kanali bosh inshooti boshqaruvi avtomatlashtirilgan.
2023-yilda esa irrigatsiya obyektlariga 1 ming 200 dan ziyod “aqlli” qurilmalar oʻrnatish hamda 2 ta yirik suv xoʻjaligi obyektining boshqaruvini avtomatlashtirish rejalashtirilgan.
— Suvni tejash, ekinlarni sugʻorishda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni ommalashtirishning ahamiyati biz uchun juda muhim, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi sektor rahbari Abu Qidirbayev. — Chunki Qoraqalpogʻiston daryolarning eng quyi oʻzanida joylashgan. Shuning uchun ham suvni tejashga qaratilgan islohotlar va uning doirasida qilinayotgan amaliy ishlar muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, 2022-yilda 5 ming 313 gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar, shundan 3 ming 304 gektar maydonda tomchilatib, 1 ming 909 gektarda yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi va 100 gektar maydonda diskretli sugʻorish tizimini joriy qildik. 35 ming 737 gektar qishloq xoʻjaligi ekin maydoni esa lazerli uskuna yordamida tekislandi.
2023-yil hosili uchun jami 20 ming 224 gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar, shundan 17 ming 649 gektar maydonda tomchilatib, 1 ming 575 gektar maydonda yomgʻirlatib sugʻorish va ming gektar maydonda diskretli sugʻorish tizimini joriy etishni reja qilganmiz.
Shu bilan birga, gʻalla maydonlarida yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha quruvchi korxonalar bilan talabgorlar oʻrtasida pudrat shartnomalari toʻliq rasmiylashtirildi, ayni paytda 227 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilyapti.
Umuman olganda, soʻnggi besh yilda mamlakatimiz boʻyicha suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanayotgan maydonlar hajmi 7,7 barobar ortgan. Bunda koʻproq paxta maydonlariga ana shunday texnologiyalar oʻrnatilgan. Natijada suv sarfi qisqarishi bilan bir qatorda, paxtaning oʻrtacha hosildorligi 1,26 baravarga ortishiga erishilgan. Oʻgʻit va yoqilgʻi ham sezilarli tejalgan. Lekin bu suv tejovchi texnologiyalarning samaradorlikka taʼsiri hali yuqori emasligini koʻrsatyapti. Keyingi yillarda bu boradagi tajribaga hamohang ravishda samaradorlik ham ortib borishini prognoz qilish mumkin.
Suv tejamkorligida qaysi viloyat yetakchi?
Mutaxassislar fikriga koʻra, Oʻzbekistonda yaqin kelajakda suv tanqisligi 7 milliard metr kub, 2050-yillarga borib esa 12-13 milliard metr kub boʻlishi taxmin qilinmoqda. Mana shunday murakkab bir sharoitda suv tejamkorligini yanada oshirish, ayni paytda suv tanqisligi muammosi sezilarli boʻlgan viloyatlarda bu jarayonni yanada jadallashtirish talab etiladi.
Shu oʻrinda qaysi viloyat suv resurslaridan samarali foydalanyapti, degan savol tugʻilishi tabiiy, albatta. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari ayni yoʻnalishda oʻtkazgan tadqiqotdan bunga javob olish mumkin.
Xususan, tadqiqotda viloyatlarda mavjud holat oʻrtacha 1 gektar yerni sugʻorish uchun sarflangan suv miqdori, oʻrtacha bir metr kub suv hisobiga yetishtirilgan mahsulot, suv tejamkor texnologiyalar qoʻllangan maydonlar qamrovi kabi samaradorlikni aks ettiruvchi koʻrsatkichlar asosida tahlil qilingan.
Unga koʻra, soʻnggi yillarda bu borada olib borilgan islohotlar natijasida suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanilgan maydonlar Navoiy (28 foiz), Andijon (23,6 foiz) va Jizzax (21,9 foiz) viloyatlarida kengayib bormoqda. Shuningdek, 2021-yilda Buxoro (16,1) va Xorazm (23,1) viloyatlarida qamrov darajasi avvalgi yillarga nisbatan 2,3-4,3 marotaba ortgan.
Hududlarning suvdan foydalanish samaradorligi 2018-2021-yillarda qayd etilgan natijalariga qarab guruhlarga ajratildi. Reyting natijalariga koʻra, birinchi guruhdan Andijon va Samarqand viloyatlari joy oldi. Sababi, ushbu viloyatlar suvdan foydalanishda yuqori samaradorlikka erishgan.
Suvdan foydalanish samaradorligi oʻrtacha boʻlgan ikkinchi guruhga Toshkent, Jizzax, Navoiy, Namangan va Fargʻona viloyatlari kiritildi.
— Fargʻona viloyatida mavjud suv resurslarining asosiy qismi qoʻshni respublikalardan oqib keluvchi manbalarga bogʻliq va shu bois, ekinlarni suv bilan taʼminlash, uning har tomchisidan oqilona foydalanish muhim, — deydi Sirdaryo-Soʻx irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Faxriddin Tursunov. — Asosiy ehtiyoj Norin daryosi, “Katta Fargʻona” va “Katta Andijon” magistral kanallari orqali qondiriladi. Togʻ muzliklarining yildan-yilga kamayib borishi kichik soylardagi suv zaxiralariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Yuzaga kelgan holatlarning oldini olish, birlamchi suv tanqisligini yumshatishda suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.
Shu kunga qadar viloyatimizda 21 ming 377 gektar maydonda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. Jumladan, 18 ming 919 gektarda tomchilatib sugʻorish, 2 ming 280 gektarda yomgʻirlatib va 178 gektar ekin maydonlarida diskretli sugʻorish tizimlaridan foydalanilmoqda. Natijada birgina paxta maydonlariga sarflangan suv va boshqa resurslar miqdori 40-50 foiz tejaldi, hosildorlik 15-20 sentnergacha oshdi.
Ishlab chiqarishda innovatsion loyihalarni qoʻllash, avvalo, suv tanqisligining oldini olsa, ikkinchidan, qimmat boʻlgan mineral oʻgʻit, mexanizatsiya xizmatlari, yoqilgʻi xarajatlarini kamaytirish imkoniyatini bermoqda. Qoʻshtepa tumanidagi “Fergana Global Textile” MCHJ paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan Solijonobod massividagi bir necha yillardan beri foydalanilmayotgan yerning 215 gektari oʻzlashtirilib, Isroil davlatining “Netafim irrigation” korxonasi texnologiyasi asosida tomchilatib sugʻorish usuli joriy etildi. Ushbu qurilma barcha ish jarayonini bir joydan boshqarish imkoniyatini beradi. Natijada shu vaqtga qadar bor-yoʻgʻi 17-20 sentner hosil olinayotgan yerlardan birinchi terimning oʻzidayoq 45 sentnergacha hosil olish imkoniyati yaratildi, suv va boshqa resurslar 50 foizgacha tejaldi.
Suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish borasidagi tajriba ommalashmoqda, yangi tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanyapti. Joriy mavsumda viloyatda 35 ming 566 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ustida ish olib borilmoqda. Bu maydonlarning 12 ming 850 gektari paxta maydonlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlari suvdan foydalanish samaradorligi nisbatan past boʻlgan uchinchi guruhdan joy oldi. Shunday boʻlsa-da, undan foydalanish avvalgi yilga nisbatan yaxshilangan.
Koʻrib turganingizdek, suv tejamkorligi borasida eng quyi guruhdan joy olgan viloyatlarda ham samaradorlik oʻtgan yillarga nisbatan yaxshilanib bormoqda. Bunda, eng avvalo, klaster va fermerlarga qulay sharoit yaratish, ayni yoʻnalishdagi ishlarni ragʻbatlantirish, tejamkorlikni oshirishni nazarda tutuvchi huquqiy asoslar yaratib berilayotgani muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Xususan, soʻnggi besh yilda bu borada 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 1 ta qonuni, Prezidentimizning 5 ta farmoni, 20 ta qarori hamda 1 ta farmoyishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 60 dan ortiq qaror va farmoyishlari qabul qilindi.
Soha rivojida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 20212023-yillarga moʻljallangan strategiyasi ham hal qiluvchi rol oʻynayapti.
Umuman olganda, ushbu hujjatlar, konsepsiya va strategiyada belgilangan vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar suvni tejash samaradorligining yildanyilga yaxshilanib borishiga xizmat qilishi shubhasiz. Zero, ushbu yoʻnalishda samaradorlik ortib borishi biz yuqorida qayd etib oʻtgan suv tanqisligi bilan bogʻliq murakkab vaziyatlarning salbiy oqibatlarini yumshatishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Avazbek XUDOYQULOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri