Biz nedan taraqqiy istarmiz?! Yoxud vatanparvarlik boʻlmagan joyda farovonlik yoʻllari yopiladi

    Bir qarashda hayotimiz maromida kechayotgandek, har ish, yurtimizdagi har bir oʻzgarish oʻz-oʻzidan boʻlayotgandek koʻrinadi. Ammo tiriklik qismatining oʻz mohiyati, quvvatlanish manbalari bor.

    Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishidan ana shunday xulosalar bilan chiqdik.

    Shu oʻrinda alohida qayd etishni istardikki, mazkur yigʻilish Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 2023-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan majlisida milliy maʼnaviy taraqqiyotga doir ilgari surilgan fikrlarning mantiqiy davomi, vazifalarning tizimliligi sifatida barchamizda joʻshqin taassurot qoldirdi.

    MILLIYLIK IQTIDORI

    Inson his-tuygʻulari, baʼzan zakosi ham koʻpincha muvaqqat boshqaruv iskanjasida qoladi. Bu boshqaruv oʻrami aniq oʻylangan, kimningdir manfaati uchun atalgan mafkuraviy, gʻoyaviy maqsadlarga xizmat qiladi, aniqrogʻi, yoʻnaltiriladi.

    Bir qarashda axboriy koʻrinish kasb etgan mazkur jarayon zamirida katta-katta siyosiy, iqtisodiy manfaatlar yashirin ekani koʻpchilik, hatto ziyolilar qatlami ham sezishi gumon boʻlgan uslubda, gʻoyat mohirona singdiriladi. Bu XXI asrning eng ayovsiz ong osti xurujidir.

    Endi savol tugʻiladi: bu xuruj iskanjasiga qarshi qanday kurashiladi yoki uning “vaksinasi” bormi?

    Buning uchun ikki muhim gʻoyaviy hodisani ulgʻaytirish kerak boʻladi. Birinchisi — makon tushunchasi va daxldorlik tuygʻusi. Ikkinchisi — milliy oʻzlik va milliy gʻurur tarbiyasi.

    Makon bu — Vatan. Jamiyatlashuv ildizlari asrlar osha kishilar ongini takomillashtirib keladi. Odam avlodlari taalluqlilik jihatidan oʻzaro jipslashadi, shunda ichki va tashqi muhit paydo boʻladi. Shu tariqa navbat davlatchilik muhofazasiga yetadi.

    Kim qaysi zaminda tugʻilsa, oʻsha joy uning Vatani boʻlishi ayon haqiqat. Ammo biz bu oʻrinda boshqa bir muhim mushohadaga — milliy davlatchilik qismatiga navbat bermoqdamiz. Davlatchilikni qismat deyapmiz. Boisi, vatan ham, jamiyatdagi qadriyatlar va milliy yashovchanlik taqdiri ham, avvalo, davlat atrofida jam boʻladi, davlatchilik anʼanalari bilan takomiliga yetadi va saqlanadi. Insoniyatning ilk asrlarida milliy xavfsizlik ehtiyoji paydo boʻlishi bilan davlatchilik anʼanalari bardavom boʻlib kelmoqda. Shu maʼnoda, insonlar oʻz makonini sevishi, qadrlashi va qalb tumoriga aylantirishi zaruriy ehtiyojdir. Ikkinchi tomondan, vatanga daxldor boʻlish ham insoniy burch sifatida talqin qilinishi kerak.

    Bugungi dunyoda mutlaqo yangi mafkura shakllanmoqda. Bu haqda Prezidentimiz taʼkidlaganidek, azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari oʻz maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yoʻliga oʻtganiga hammamiz guvohmiz.

    Agar shu nuqtai nazardan xulosa qiladigan boʻlsak, maqolamiz avvalida aytganimizdek, hayotdagi hech bir yutuq, ayniqsa, tinchlik-totuvlik va hamjihatlik tolei oʻz-oʻzidan, osonlikcha boʻlmayotganini anglab, tushunib yetish mumkin. Demak, tiriklik qismatining mohiyati va quvvatlanish manbalari ham, avvalo, shukronalik, vatanga sodiqlik, oʻzlikni anglash va milliy gʻururni yuksaltirish asnosida namoyon boʻladi.

    Endi milliy oʻzlik va milliy gʻurur iqtidori haqida gapirsak. Bunday iqtidor qachon paydo boʻladi va takomiliga yetadi?

    Aslida, bu tuygʻu qon suradi. Yaʼni shajaraviy xususiyatga ega. Soʻng tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Shajaraviy xususiyat, deganimiz sababi shundaki, bobo-momo, ota-ona, umuman, ajdodlar feʼlidagi xususiyatlar, hissiyotlar koʻchib yuradi. Faqatgina u sustlashishi yoki aksincha, faollashishi mumkin. Shu bois, bizda nasl-nasabga keng eʼtibor bilan qaraladi. Bundan kelib chiqadiki, ota-ona gʻururli boʻlsa, farzand ham shunday kamol topadi.

    Milliy yuksalishning tarbiyaviy ahamiyatiga keladigan boʻlsak, atrof-muhit va tashqi taʼsirlar kuchini eʼtirof etish kerak. Bir farzand dunyoga kelishi va uning qobil inson, vatanparvar va zoʻr iqtidor egasi boʻlib kamol topishi jamiyat uchun katta yutuqdir. Chunki bunday farzandlardan hamma birdek manfaat koʻradi, baraka topadi. Taraqqiyot yangi manzillar sari dadil odimlay boshlaydi.

    Xalqimizda ajoyib maqol bor: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”. Bu necha-necha asrlar xulosasi. Eʼtibor bersak, oʻzbek jamiyati mahallalari hamisha tarbiya maskani boʻlgan. Mahallalarda tarbiyani kim taʼminlagan? Albatta, kayvonilar, yaʼni katta avlod vakillari. Darvoqe, etnotariximizdan ham maʼlumki, oilada farzand tugʻilsa, ota-ona taʼminotchi, bobo-momo esa tarbiyachi rolini bajarib kelgan.

    Shunday ekan, yana bir dolzarb savol paydo boʻladi. Bugun bu boradagi ahvolimiz qanday? Taomillarchi?

    Bir qarashda hozir ham shundaydek. Oilada kattalarning oʻrni bor, mahalla faollari bor, kayvonilarimiz sogʻ-salomat. Lekin, ochiq aytish kerak, haqiqiy ahvolimiz unchalik ham maqtangulik emas.

    Tarbiyamizda milliylik, vatanparvarlik ruhi oʻtmaslashib borayotir. Bu xavotir bilan aytishimiz kerak boʻlgan ogʻriqli muammoga aylanib ulgurdi. Taʼbir joiz boʻlsa, milliy masaladir.

    Oʻzingiz aytingchi, bugun qaysi bir mahallani haqiqiy maʼnoda, alohida gʻurur bilan vatanparvarlik maskani sifatida oʻrnak qilib koʻrsata olamiz?

    Biz yolgʻon maqtovlar, soxta mulozamatlar zamonidan oʻtdik. “Qogʻoz taraqqiyot” davri ortda qoldi. Lekin ruhimiz u davr qurshovidan ozod boʻldimi? Oʻzimizni oʻzgartira oldikmi? Bugun barchamizni mana shu savollar oʻylantirishi kerak.

    Maqolamiz avvalida muvaqqat boshqaruv haqida aytgan edik. Uning asl qiyofasi urinishlardan kasblanadi. Yoshlar ongi uchun kechayotgan kurash ulardan biri.

    Shu oʻrinda yana bir mulohaza yuzaga chiqadi. Yuqorida ham taʼkidlaganimizdek, hozir dunyodagi katta geosiyosatni axborotlar boshqarmoqda. Ayrim mamlakatlar, millatlar boshiga tushgan kulfatu qaygʻu sababchisi ham axborot urushi oqibatidan ekanini barchamiz anglashimiz zarur.

    Zamon tahlikaga toʻlib borayotgani haqida koʻp gapiramiz. Ammo bu tahlikalarga qarshi maʼnaviy immunitetni shakllantirish borasida koʻp ham jiddiy qaygʻurmayapmiz, aslida.

    Hozir bu fikrlarni bejiz aytmayapmiz. Chunki gapimiz mahallalardagi maʼnaviy ahvol, vatanparvarlik muhiti haqida borayotgan edi. Bizning farzandlarimiz turgʻunlik davri, mustabid tuzum zalolatini koʻrmagan. Ilohim, koʻrmasin ham! Ammo tarix saboq olish, taraqqiy etish maqsadida yozilganidek, yodi yoqimli boʻlmagan u kunlardan yoshlarimiz oʻziga xulosa olishi, bugun qanday zamonda yashayotganimizni aziz vujudi bilan his qilishi uchun ham mahallalarda nuroniylarimiz ishtirokidagi maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlarni koʻp-koʻp oʻtkazib turish kerakka oʻxshaydi, nazarimizda.

    Shundagina biz oʻzimizni yangi zamon ruhiga munosib vatanparvar inson deb bilishimiz mumkin. Shundagina yoshlarimiz ongini tashqi taʼsirlardan himoya qilamiz. Milliy oʻzlik va milliy gʻurur tarbiyasi qoʻr oladi. Hech bir tashqi kuch tahdid sololmaydi, bizdan chekinadi. Shundagina bizda milliylik iqtidori ulgʻayadi. Bu iqtidor esa ertangi kunimizda oldimizdan chiqadi — yuksalish yoʻli boʻladi!

    MAʼNAVIY TARAQQIYOT SAODATI

    Baʼzi kasallikning soʻrovi boʻlmaydi. Boshi yoki tishi ogʻrib yotgan tanishimizning uyiga hol soʻrashga bormaymiz. Qachonki u shifoxonaga tushib, ogʻir ahvolga kelsagina, qaygʻurgandek boʻlamiz.

    Maʼnaviy qiyofasizlik ham shunday. Koʻchada ketayotgan kishidan maʼnaviyatingiz qani, deb soʻralmaydi. Qalbingizda kemtiklik bormi, atrofdagi voqea-hodisalardan tanangiz zirqiramayaptimi, deya savolga tutmaymiz. Nihoyat, maʼnaviy qiyofasizlikning oqibatini zil-zambil qilib koʻtarib yurishga majbur boʻlamiz. Bu millat uchun inqiroz yoʻli ekanini bugun anglashimiz shart, aks holda, bizni boshqalar oʻz hukmiga soladi.

    Mana shuning uchun ham Prezidentimiz maʼnaviy taraqqiyotni bir zum boʻlsada, eʼtiborsiz qoldirmayapti. Xavfsizlik kengashining kechagi yigʻilishida bunga yana bir bor amin boʻldik.

    Globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi oʻta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida taʼkidlandi.

    — Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur, — dedi Prezidentimiz.

    Amalda Vatan himoyachisi boʻlishning zamirida katta hayotiy haqiqatlarni anglamogʻimiz kerak boʻladi. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasida. Ular nimalardan iborat va hayotimizda qanday aks etishi zarur?

    Birinchisi — qalb tarbiyasi. Farzandlarimizni hali bolaligidan vatanga muhabbat hissi bilan tarbiyalashimiz kerak. Yuragida vatanga, insonlarga katta muhabbat bilan ulgʻaygan oʻgʻil-qiz kun kelib, faqat yaxshiliklar sohibi boʻladi. Bunday avlodni hech bir hiylayu nayrang oʻz domiga tortolmaydi. Ular aldovlarga, yolgʻonlarga uchmaydi, zarga ham, zoʻrga ham boʻyin egmaydi.

    Ikkinchisi — fidoyilik va jonbozlik ruhini kuchaytirish. Ishda, koʻchada, mahallada, turli yigʻinlarda odamlar bilan muloqot qilar ekansiz, hissiz va joʻshqin qiyofalarga duch kelasiz. Har ikki toifani loqaydlik va jonbozlik, begʻamlik va fidoyilik ajratib turadi. Bundan xulosa shuki, jamiyatda toki loqayd va begʻam odamlar uchrar ekan, demak, milliy tarbiyamizda kemtiklik bor. Agar yoshlarimizda ham fidoyilik va jonbozlik ruhi sezilmayotgan boʻlsa, biz bunga butun xalq boʻlib kurashmogʻimiz kerak.

    Uchinchisi — tongni qarshilashni oʻrgatish. Ota-bobolarimiz har tongni shukrona aytish bilan boshlaydi. Bu — milliy anʼana.

    Bugun qurolli mojarolar avj olgan, eʼtiqodiy toʻqnashuvlar urchiyotgan mamlakatlarda yashayotgan odamlar bir tun bexavotir uxlashni orzu qiladi, Yaratgandan tinchlik-omonlik soʻrab yolvoradi. Farzandidan judo boʻlgan ota-onalarning nolasini eshitishdan ogʻir azob yoʻq bu dunyoda. Shunday ekan, har bir inson, u kattami-kichikmi, boymi yo kambagʻal, avvalo, tinchlikning qadriga yetishi kerak va bu muqaddas eʼtiqodimizga ham maqbul ishdir.

    Axir qayerdaki nimadir qadr topsa, uning atrofida faqat ezgu ishlar boʻlishi bizga yaxshi maʼlum. Shu bois, farzandlarimiz qalbida shukronalik hissini choʻgʻlantirib turish vatanni sevishga chorlaydigan eng taʼsirchan vositadir.

    Bu, albatta, bir qarashda oson ish, yengil choradek tuyuladi. Lekin amalda esa hamma ham bu maqomga erisha olmayotganini, achchiq haqiqat boʻlsada, aytish kerak. Sababi nima, deb soʻrasangiz, javobimiz bitta boʻladi — maʼnaviy yetuklik yetishmaydi.

    Shunga qaramay, bizda mustahkam tarixiy zamin bor. Bu borada biz jadid bobolarimiz oʻgitlari, ularning fitratidan saboqlanishimiz kerak boʻladi.

    Davlatimiz rahbari har bir Oʻzbekiston fuqarosi, avvalo, rahbarlar xalqimiz, ona yurtimiz oldidagi masʼuliyatni chuqur his qilib, chinakam vatanparvar boʻlishi shart! Oʻtgan asr boshida kurash maydoniga chiqqan jadid bobolarimiz koʻtargan gʻoya nima edi? Albatta, fidoyilik va vatanparvarlik boʻlgan.

    Shu maʼnoda, ulugʻ mutafakkir, jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston xalqining manfaati uch narsaga bogʻliq, deb aytgan. Birinchisi — gʻalla, yaʼni oziq-ovqat xavfsizligi, ikkinchisi — askar, uchinchisi — harbiy tizimni shakllantirish, deb yuz yil oldin aytgan soʻzlari chuqur maʼnoga ega, deya bejiz qaygʻurmadi.

    Mana shu uch narsa bugun ham bizni saodatga eltishiga shubha-gumonimiz yoʻq. Boisi, Oʻzbekiston zamini serhosil, mehnatkash va tadbirkor xalqimiz bu tabiiy neʼmatdan unumli foydalanish hadisini olgan. Bugungi milliy armiyamiz qudrati ham hech kimdan kam emas. Bizning askar yigitlar kuchiga, aqliy quvvatiga dunyo tan berayotganini koʻrib turibmiz.

    Harbiy tizimni shakllantirish borasida ham faxrlansa arzigulik ishlarimiz bor. Keyingi yillarda “Xalq va armiya — bir tanu bir jon”, degan tamoyil asosida harbiy-maʼnaviy muvaffaqiyatlarga erishdik, deya baralla ayta olamiz.

    BOTINIY CHAQIRIQ

    Yana bir oʻtli savolni oʻrtaga tashlaymiz: fuqarolik pozitsiyasi, deganda nimani tushunamiz?

    Keling, bu savolga javobni tashqaridan izlaylik. Inson feʼli baʼzan tor boʻladi. Shu bois, xalqimiz oʻz eposlarida keng feʼllilik haqida koʻp va xoʻp gapirgan. Ammo besh qoʻl barobar emas. Yaxshilikni, yaxshi xislatlarni, yaxshi yutuqlarni koʻrolmaslar ham bor. Lekin ular orasida yurtga, millatga tosh otish, milliylikka daxl qilish “fazilat”ini kechirib boʻlmaydi.

    Bu yerda bir muhim jihatni unutmaslik kerak. Murakkab zamon talablari va tabiatdagi jiddiy oʻzgarishlar davlatlar oldiga nihoyatda dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Vaziyat shu darajada murakkabki, hatto yaqin kelajakda yashab qolish ilinjidagi siyosiy harakatlar hech narsadan tap tortmayapti. Bor imkoniyatlar, ular qanchalik razil boʻlmasin, ishga solinmoqda.

    Shunday vaziyatda hech bir munosabatni beeʼtibor qoldirib boʻlmaydi. Bu borada bizning fuqarolik pozitsiyamiz qoniqarlimi, degan savol boʻlishi tayin, albatta.

    Ha, toʻgʻri, bugun biz jadal taraqqiy etyapmiz. Lekin taraqqiyot yoʻli shundayki, uni bir zum oʻz holiga tashlab qoʻyib boʻlmaydi. Shu maʼnoda, bir haqiqatni juda teran anglab olish vaqti allaqachon kelgan. Vatanparvarlik boʻlmagan joyda farovonlik yoʻllari yopiladi, madorsiz hayajonning quvvati ham haminqadar boʻladi.

    Demak, biz, barchamiz, butun xalqimiz bilan jadid bobolarimiz kabi tilda, fikrda, ishda hamjihat boʻlib harakat qilishimiz zarur. Bu ezgu va olijanob gʻoya butun xalqimiz, avvalambor, farzandlarimiz qalbidan chuqur joy egallashi kerak.

    Shu bois, Prezidentimiz kechagi yigʻilishda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini qayta koʻrib chiqish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Navqiron avlod vakillarining yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, ular oʻz intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratish muhimligiga eʼtibor qaratdi.

    Shuningdek, yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida media makonda olib borilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ishlarni kuchaytirish vazifasi ham qoʻyildi.

    Bu oddiy gaplar emas. Beeʼtibor boʻladigan mavzu ham emas. Har birining zamirida qudratli evrilish yoʻli, yuksalish falsafasi bor. Zero, ularning har biri bizni yorugʻ manzillar sari eltadigan masʼuliyatdir.

    Bugun oldimizda nihoyatda masʼuliyatli vazifalar turibdi. Ularning har biri bizni doimo ogohlikka, maʼnaviy yuksaklikka, eng muhimi, fidoyilik va vatanparvarlikka daʼvat etishi kerak. Shu maʼnoda, har birimizning oʻz botiniy chaqirigʻimiz boʻlsin, deymiz. Ular savol boʻlib yangrashi ham mumkin: aziz Vatanimiz taraqqiyoti uchun nima qilyapmiz? Atrofimizdagi oʻzgarishlarga qanday hissa qoʻshyapmiz? Ich-ichimizda, qalbimizda yurt qaygʻusi bormi? Tinch va osoyishta mamlakatimizga munosiblik baxtini sezyapmizmi? Va nihoyat — yangi Oʻzbekistonimizni sevamizmi?

    Bu savollar har birimizni har on oʻylantirishi, choʻchitishi, uygʻotishi, sergak torttirishi va nihoyat hayotiy xulosalar chiqarishga chorlab turishi kerak.

    Milliy taraqqiyotimiz bugungiday joʻshqin kayfiyat bilan davom etishi uchun ham dunyoda oʻz oʻrnimizni, siyosiy, maʼnaviy, iqtisodiy yoʻlimizni mustahkamlash uchun ham bu savollar javobini oʻzimizdan izlashdan toʻxtamaylik. Toki, vatanparvarlik hissi har birimiz uchun munosib taqdir yoʻli boʻlsin!

    Salim DONIYOROV

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 14-yanvar, №10