Afsonaviy Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti boshlanishi arafasida buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning quyidagi gaplari yodimizga tushdi:
“Turkiy xalqlarning bugungi hayotida Amir Temurning oʻrni boʻlakcha, vaqt tushunchasiga boʻysunmaydi. U hammamiz uchun vatanparvarlikning umumturkiy eʼtiqodi timsolidir. Amir Temur fenomeni shundan darak beradiki, bordi-yu shaxs tarixda taqdirlarni hal qilgan voqea-hodisalarni, oʻta muhim geosiyosiy va madaniy islohotlarni amalga oshirgan boʻlsa, allazamonlarda hayotdan koʻz yumgan boʻlganiga qaramasdan, bu shaxsning bitmas-tuganmas maʼnaviy-ruhiy quvvatini (bioenergiyasini) hayot saqlab qolar ekan. Bunda muayyan transformatsiya, siljish roʻy beradi, oʻtmish bioenergiyasi oʻzgarib, bugungi kun bioenergiyasiga, millatning yanada kuch olgan hozirgi avlodlarining bioenergiyasiga aylanadi. Amir Temur fenomeni – bu mayoq, oʻchmas mashʼala, bu yoʻlkoʻrsatkich, yoʻlchi yulduzdir”.
Darhaqiqat, bugun jahon maydonida ulkan madaniy-maʼrifiy maqsadlarni, loyihalarni, fikr maydonlarini tashkil qilayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining koʻhna asoslari, oʻchmas mashʼalalari mavjud. Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim GʻAFUROV bilan ayni maʼnaviy-maʼrifiy haqiqatlar va turkiy xalqlar adabiyotining hozirgi mezonlari borasida suhbatlashdik.
– Ustoz, yil yakunlanib borar ekan, unda yaqqol koʻzga tashlanadigan voqealar bevosita turkiy xalqlar birdamligi, hamjihatligi, siyosiy-ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy rivoji bilan bogʻliq ekani bizni quvontiradi. Keling, suhbatimiz avvalida Turkiy sivilizatsiyaning yuksalishi bilan bogʻliq kechgan jarayonlarda Oʻzbekistonning oʻrni haqida toʻxtalsak...
– Biz yashayotgan bu qutlugʻ kunlarda turkiy xalqlar birdamligi va hamjihatligi borasida sodir boʻlayotgan buyuk voqeliklar bizga oʻxshagan necha zamonlarga guvoh boʻlgan odamlarga xuddi xayolda roʻy berayotgandek tuyuladi. Turkiy xalqlarni birlashtirish yoʻlida sodir boʻlayotgan jahon miqyosidagi xalqaro darajadagi anjumanlar, hamkorliklar, kelishuvlar – bularning barcha-barchasini qamrab olishga hatto ijodkor odamning ham xayolot olami yetmayotgandek, nazarimda.
Turkiy xalqlar birdamligi, turkiy sivilizatsiya degan yangi tushunchalar esa koʻhna voqeliklar ildizidan kurtak ochmoqda, desak adashmagan boʻlamiz. Va ana shu jarayonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan loyihalarning qanchalar ulugʻvorligini ayting. Bu loyihalar zamirida turkiy xalqlarning qadim ruhiyati uygʻonmoqda, jonlanmoqda, jahon xalqlari koʻz oʻngida oyoqqa turmoqda!
Yaqin yillarni hisobga olmasak, turkiy xalqlar birdamligi degan iborani qachon koʻnglimiz toʻlib, erkin va dadil ayta olgan edik? Suhbatimiz avvalida bu uygʻonishga turtki boʻlgan mashʼalalar haqida bejiz soʻz ochmadik. Buyuk ajdodlarimiz yaratgan asarlarga teran nazar solganingiz sari turkiy xalqlarning birlashishi, turkiy tillarning mavqei borasidagi masalalar bir necha asarlardan beri dolzarb boʻlib kelganini yanada chuqurroq anglaysiz. Hazrat Yugnakiyni olasizmi, Alisher Navoiyga murojaat qilasizmi, Yusuf xos Hojibni varaqlaysizmi – ularning har satri ana shu qutlugʻ birlik tushunchasi atrofida mujassam ekanini his qilasiz. Mana bugun turkiy tillar dunyo falsafasi, sotsiologiyasi, badiiy adabiyoti oldimizga qoʻyadigan barcha masalalarni, gʻoyalarni qamrab olishga qodir bir tilga aylanib bormoqda. Hazrat Alisher Navoiy xuddi shu kunlarni orzu qilmaganmidi... Shu orzu va yuksak maqsad bilan turkiy xalqlar madaniyatidan ilhomlanib “Muhokamat ul lugʻatayn”ni yozmadimi?... Ushbu asar orqali turkiy tillarning qudrati, jozibasi ilmda, badiiy adabiyotda, jamiyat hayotida, muomalada nimalarga qodirligini misollar yordamida isbotlab berdi. Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻotit turk” asarida ham turkiy tillar qanchalik keng qamrovli ekani, dunyodagi mashhur tillardan hech bir qolishmasligi ifoda qudrati nuqtayi nazaridan koʻrsatib berildi. Jaloliddin Rumiy, Nizomiy, Beruniy, Forobiy, Xorazmiy kabi kabi ajdodlarimizning falsafa, badiiy adabiyot va sanʼatda, ilmda olib borgan izlanishlari, saʼy-harakatlari tufayli turkiy sivilizatsiya degan buyuk bir hodisa ming yillar oldin maydonga chiqqan edi, desam ishonavering.
Mana shu maʼnaviy-maʼrifiy asoslar tufayli turkiy xalqlar sivilizatsiyasi yuzaga kelgan va shu kungacha yashab kelgan. Bu sivilizatsiyaning gʻoyalari turkiy xalqlarni yer yuzida tik oyoqda turishga, oʻz gʻururi, suvereniteti, milliy or-nomusini saqlashga ilhom berib, katta maqsad bilan yashashga undab kelmoqda.
Toʻgʻri, oradan 500–700-yil oʻtib turkiy sivilizatsiya degan gʻoyaning ustini tuman bosganday, ulugʻ izlar bosilganday boʻldi. Shukrkim, bizning zamonamizga kelib, yaʼni Shavkat Mirziyoyev yurtimizga bosh boʻlib saylangan ilk kunlardan beri bu ulkan gʻoyaning shabadasi keza boshladi. Markaziy Osiyo xalqlarining birlashishi, hamjihatligi eng birinchi hayotiy masala sifatida dadil, keng tarmoq otib maydonga chiqdi. Gʻarb va Sharq sivilizatsiyasi oldiga uchinchi bir Turkiy sivilizatsiya mardona qadam tashlab chiqa boshladi. Shavkat Mirziyoyev yuksak shijoat bilan, “Turkiy sivilizatsiya yangi ufqlar ochishi kerak!”, degan maqsadni qoʻydi oldimizga. Davlatimiz rahbari qadim-qadimdan qondosh, jondosh boʻlib kelgan qozoq, qirgʻiz, turkman, ozarbayjon xalqlari hamisha bir yoqadan bosh chiqarib oʻz ozodliklarini qattiq turib himoya qilishlari, turkiy xalqlar birdamligini taraqqiy qildirish zarurligini taʼkidlab, ana shu birdamlik yoʻlidagi loyihalarda jiddu jahd koʻrsatib kelyapti. Eʼtibor bering, oradan toʻrt-besh yil oʻtib bu ulkan gʻoya qanchalar oʻsdi va dunyo maydonida necha xalqlar va davlatlarning havasini keltiryapti. Turkiy davlatlar rahbarlarining, adabiyot, sanʼat va ilm ahllarining bir-birlari bilan koʻrishib, oʻrtaga qoʻyilgan ekologiya, qishloq xoʻjaligi, chegaralar kabi turfa yoʻnalishlardagi masalalarning hamma-hammasini umumturkiy sivilizatsiyaning hayotbaxsh gʻoyalari asosida hal qilishga chaqiryapti. Yaqinda boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ham turkiy tilli xalqlarni xursand qiladigan gʻoyalar, choralar va ularning amaliyoti oʻrtaga tashlandi.
Kuni kecha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik institutida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan chop etilgan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Men shu oʻrinda ushbu majmuani tayyorlashda ishtirok etgan barcha olimlarimiz, tanqidchilarimiz, shoir va yozuvchilarimizga oʻz minntadorligimni bildiraman. Davlatimiz rahbarining bu ibratli va xayrli tashabbusi yanada samara berishi aniq. Endi boshqa barcha turkiy davlatlarda ham birdamligimizni tarannum etuvchi katta nashrlar yuzaga keladi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Ozarbayjon yoki Vengriyada nafaqat adabiy, balki madaniy, ilmiy va falsafiy mana shunday ajoyib bebaho turkumlar chop etilsa, ajab emas... Bu harakatlar bilan Gʻarb sivilizatsiyasi qoshiga – roʻparasiga Turk sivilizatsiyasining amaliy natijalari olib chiqiladi-ku. Bu yer yuzidagi sivilizatsiyalarning ulugʻ ijodiy musobaqalari - juda katta madaniy yuksalish boshlanganidan darak beradi. Gʻarb sivilizatsiyasi 200–300-yillar davomida insoniyat kamoloti uchun koʻplab ishlarni amalga oshirgan. Masalan, atomning parchalanishini kashf qildi, xoʻjalikda, iqtisodda, qishloq xoʻjaligida, ilm-fanda va hamma sohada yadro energiyasidan foydalandi, kosmosga teleskoplar oʻrnatdi. Bu kabi ishlar Gʻarb sivilizatsiyasining buyuk bir tamaddun ekanligini koʻrsatadi. Mana endi, oʻz navbatida, Sharq sivilizatsiyasi, yaʼni Turkiy sivilizatsiya ham oʻzining nimalarga qodirligini isbotlashga harakat qilmoqda. Mana shu jarayonning debochasidagi ulkan ishlarga guvoh boʻlayotganimdan nihoyatda baxtliman. Bu, menimcha, yer yuzi miqyosidagi xalqaro madaniy jonlanishlarga olib boradi. Xalqaro davralarda eng ulugʻ ishlarga mamlakatlarning safarbar boʻlishi boshlanadi, degani...
– “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida oʻtkazilgan sammit davomida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida taʼsis etilgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot turkiy dunyo birligiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovga berildi. Chingiz Aytmatov “Literaturnaya gazeta” tahririyatida boʻlib oʻtgan “Choʻqqida qolgan ovchining ohu zori” asari taqdimotida “Biz quyoshning soʻnishiga yoʻl qoʻya olamizmi”, degan murojaat bilan chiqqan ekan. Siz Chingiz Aytmatov asarlarining mohir tarjimoni sifatida ulugʻ adibning umuminsoniy gʻoyalar himoyasiga, turkiy dunyo birligiga qoʻshgan hissasi nechogʻli katta boʻlganini juda teran his qilgan boʻlishingiz tabiiy...
– Turkiy davlatlar tashkilotining barcha ishlari qogʻozda emas, amaliy ishlar doirasida olib borilayotgani bu tashkilotning dunyo miqyosidagi obroʻyini oshirmoqda, desak adashmagan boʻlamiz. Mana shunday mukofot taʼsis etilganining oʻzi tashkilot ishlari nechogʻli samarali ekanidan darak beradi. Turkiy olamning Alisher Navoiy kabi yana bir dahosi, qirgʻiz xalqini “Manas” timsolida yuzaga chiqargan, dunyoga “planetar tafakkur” degan tushunchani olib kirgan Chingiz Aytmatovday odamning taqdirlanishi uning asarlari mohiyatidagi umuminsoniy qarashlar eʼtirofidir. Yana ham soddaroq qilib aytadigan boʻlsak, Chingiz Aytmatov ijodida, uning xalqaro miqyosda olib borgan faoliyatida turkiy sivilizatsiyaning eng yaxshi xususiyatlari namoyon boʻlgan. Bu asarlar magʻzida turkiy sivilizatsiyaning eng muhim mundarijasi – mazmuni mujassam. Buyuk adib asarlari nafaqat turkiy xalqlar, balki butun dunyo xalqlari doirasida oʻzining juda katta taʼsir kuchiga ega. Uning “Jamila”dan tortib, to soʻnggi asari “Qulayotgan togʻlar”gacha turkiy xalqlarning anaʼanalari, qadriyatlari, madaniyati va maʼnaviyatini eng goʻzal va betakror tarzda ifodalab bergan oʻlmas asarlardir.
Xoʻsh, Chingiz Aytmatov dunyoga nimalarni berdi? “Oq kema”, “Sarvqomat dilbarim”, “Qiyomat”, “Kassandra tamgʻasi” kabi asarlarida odamlarga nimalarni aytmoqchi boʻldi? Eng muhimi, bu asarlarning barchasida turkiy xalqlarning azal-azaldan tildan-tilga oʻtib kelayotgan asotirlari – miflarining taʼsiri nihoyatda kuchli. Va mana shu rivoyatlar va afsonalarni hozirgi zamonning dolzarb muammolariga uygʻun tarzda ifodalagani dunyodagi koʻplab insonlarning diqqat-eʼtiborini, mehrini bevosita oʻziga qaratdi.
Masalan, “Qiyomat” asarini olaylik. Azaldan Moʻyinqul choʻllarini oʻzining vatani deb bilgan ikkita boʻrining sargardonlikda kechirgan hayoti tasvirlangan. Ovchilar Akbara va Toshchaynarni oʻz makonlaridan begona hududlarga bosh olib ketishiga majbur qilishadi. Chingiz Aytmatovning koʻplab asarlarida oʻz tugʻilgan makoniga begona boʻlish azoblari aks etgan. “Oq kema”dagi bolaning oʻz makoni, yaqinlari bilan xayrlashish holatini koʻz oldingizga keltiring. “Sohil boʻylab chopayotgan olapar”dagi kichkina maʼsum bolakay Krisning qarindosh-urugʻlarini tashlab ketish voqeasi-chi... Chingiz Aytmatovning deyarli barcha asarlarida tugʻilgan makonlarini tashlab ketishga majbur boʻlgan qahramonlarning kechinmalari juda taʼsirchan ifodalangan. Hattoki Orolning ketishi-chi... Bu ulkan va fojiali ketish ham Chingiz Aytmatovni qanchalar tashvishga solganidan xabarimiz bor. Orol oʻzining qadim makonlarini sivilizatsiya tufayli tashlab ketdi. Suvning notoʻgʻri sarflanishi, yaʼni tabiatga eʼtiborsizlik tufayli shunday katta dengiz bizni tark etdi. Oʻzbekistonday mamlakat qachon 6 millon tonna paxta yetishtirgan va bu olti million paxta nimalar evaziga vujudga keldi? Unga qancha suv, inson kuchi, quvvati, umri, mashaqqatlari, orzu-armonlari sarf boʻldi? Aytmoqchimanki, Chingiz Aytmatov deganda mana shunday global miqyosdagi masalalarni nihoyatda haqqoniylik bilan koʻtarib chiqqan ijodkor shaxsi tushuniladi. Shu kunlarda dunyo olimlari yana bir muhim savolni koʻtarishyapti: 2030–2050-yillargacha insoniyat oʻzini saqlab qola oladimi? Bashariyat kelajagi nima boʻladi? Zilol suvini, muqaddas yerini, toza havosini asrab qolish uchun odamzot nima qilishi kerak? Prezidentimiz ana shu masalalar atrofida fikr maydonlari, faoliyat maydonlari hosil qilish maqsadida jon kuydirmoqda. Nafaqat turkiy xalqlar ziyolilari, balki butun dunyo eʼtiborini nufuzli minbarlardagi murojaatlari bilan ogʻriqli nuqtalarimizga jalb qilyapti. Biz endigina debocha qadamlarni qoʻydik. Hali ulugʻvor ishlar va katta-katta loyihalar oldinda turibdi.
– Xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov gʻururlanib, davralarda bot-bot Chingiz Aytmatov nomini tilga olardi. Shoirning unga bagʻishlab yozilgan “Qirgʻiz diyori” degan sheʼri oʻzbek sheʼrxonlari orasida yod boʻlib ketgan, desak adashmaymiz. Abdulla Oripov maʼlum muddat Chingiz Aytmatov Prezidenti boʻlgan “Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi”da vitse-prezidentlik faoliyatini olib borgan. Markaziy Osiyo mintaqasida yuz berayotgan ulkan oʻzgarishlar, xalqlarimizga quvonch bagʻishlagan yaqinlashuv bu ulugʻ zotlar ruhini shod etayotgan boʻlsa, ajab emas...
– Siz hozir “Markaziy Osiyo xalqlari assambleyasi” haqida soʻz ochdingiz. Chingiz Aytmatovning nihoyatda eʼtiborga molik fazilatlaridan yana biri uning xalqaro miqyosdagi tashkilotchiligi edi. Oʻz vaqtida buyuk adib butun dunyoning ilgʻor yozuvchilarini Issiqkoʻlga chaqirib, “Issiqkoʻl forumi”ni tashkil qilgan. Ushbu forum gʻoyalari, muhokamalari butun dunyoda aks-sado bergan. Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov kabi yozuvchilarimiz bilan forumning muhim yigʻilishlarida qatnashganmiz. Chingiz Aytmatovday adib indamay oʻzining uluvor asarlarini yozib yursa ham boʻlaverardi-ku, toʻgʻrimi? Biroq tabiatidagi tashkilotchilik qobiliyati, jonkuyarligi, atrofdagi voqealarga befarq emasligi unga tinchlik bermagan. Ana shu forumdagi saʼy-harakatlarni ham Turkiy sivilizatsiyaga xos boʻlgan urinishlardan biri sifatida baholash mumkin. 1995-yilda esa “Turkiy xalqlar madaniyati asambleyasi” tuzildi. Assambleya Prezidenti Chingiz Aytmatov oʻzbek adiblari Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar bilan hamkorlikda turkiy xalqlarning shon-sharafini tiklash uchun jonbozlik koʻrsatdi. Biroq oʻsha paytdagi algʻov-dalgʻov zamonlarda ularning koʻp maqsadlari amalga oshmay qoldi. Qolaversa, Markazdan ichki qarshiliklar uyushtirilgani bois assambleya ulkan gʻoyalarni maqsad qilgan boʻlsa-da, gullab-yashnab ketolmadi.
Qaniydi, oʻsha assambleya Shavkat Mirziyoyev kabi bir yoʻlboshchining davrida tuzilganida... Keng qanot yozib, buyuk bir amaliy natijalarga erishib, dunyo xalqlariga oʻz madaniyatini, maʼnaviyatini namoyon etgan boʻlar edi. Zamonning zamondan, odamning odamdan, fikrning fikrdan qanchalar farqlanishini shunda ham koʻrishimiz mumkin.
Siz Abdulla Oripovning “Qirgʻiz diyori” degan sheʼri haqida gapirdingiz. Chindan ham ushbu sheʼr juda mashhur boʻlib ketgan. Bir ulkan anjumanda shoirning oʻzi shunday degan: “Markaziy Osiyo xalqlari teran ildiz otib ketgan ulkan bir daraxtning, chinorning qayrilmas, bukilmas butoqlarimiz. Men agar oʻzbek bilan qirgʻizning birodarligi haqida soʻz boshlamoq boʻlsam, qozoq bovurlarim bir yoqda qolgandek tuyulaverdi. Xuddi shunday fikrni turkmanu tojik doʻstlarimiz haqida ham baralla aytishimiz mumkin. Bizning hamjihatligimiz tirikchilikning, hayotning hamma qirralariga bab-baravar tegishlidir. Buyuk moziy qadriyatlari barchamiz uchun nechogʻli mushtarak boʻlsa, bugungi kun taraqqiyoti yoki muammolari ham umumiydir. Men adabiy jarayon vakili sifatida gapiradigan boʻlsam, Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotini yaxlit holda tasavvur etaman. Deylik, adabiy qahramonlarning mentaliteti – feʼl-atvorlari deyarli bir xil emasmi...”
Darhaqiqat, turkiy xalqlar adabiyoti yaxlit va bir butun adabiyotdir. Ayni kunlarimizda Abdulla Oripov taʼriflagan Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotining muhiti shakllana boshladi. Bunga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz.
– Joriy yilda oʻzbek adiblari koʻplab xalqaro mukofotlarni qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Eshqobil Shukur, taniqli shoira Xosiyat Rustamova nufuzli xalqaro tanlovlarda yuksak eʼtiroflarga erishdi. Bugungi oʻzbek adabiyoti vakillarining bu ruhiy koʻtarilishlari, jahon adabiyoti maydoniga dadil kirib borishlari, albatta, qalbimizga gʻurur-iftixor bagʻishlaydi. Siz ular ijodi misolida jahon adabiyotida boʻy koʻrsatayotgan zamonaviy oʻzbek adabiyotining qaysi mezonlari haqida quvonch bilan ayta olasiz? Bu jarayonda ijodkor shaxsining ijtimoiy-siyosiy vazifasi qanchalar muhim?
– Albatta, bu yutuqlar turkiy tilli xalqlar madaniyatlarining yuzaga chiqishi natijasida qoʻlga kiritildi. Bu ijodkorlarning asarlarida turkiy sivilizatsiyaning yashovchanligi, ijodiy gʻoyalar bilan toʻlib toshgani ifoda etilgan. Gap mukofotda emas, gap yaxshi asar ustida ketyapti. Turkiy tamaddunning ichki mundarijasini yuzaga chiqaradigan asarlar eʼtibor topib boraveradi. Endigina ulugʻ yoʻlga chiqdik, adabiyot mukofot uchun emas, xalqning hissiyotlarini, ruhiyatini tarbiyalash uchun yoziladi. Bugungi kun ijodkori zimamasiga yuklanadigan ijtimoiy-siyosiy vazifa xuddi shu turkiy sivilizatsiya gʻoyalari bilan chambarchas bogʻliq, desak adashmagan boʻlamiz.
Bugungi adabiyotimizda bir jihat eʼtiborimni oʻziga jalb etadi. Hozirgi adabiyotimizda tarixiy ongning ochilishi jarayoni kechmoqda. Masalan, Isajon Sulton, Luqmon Boʻrixon, Shahodat Isaxonova, Risolat Haydarova kabi yozuvchilarimiz uzoq tariximizning turli davrlarini yangicha qarash bilan yoritishga harakat qilishmoqda. Shuningdek, yaqin tariximiz bilan bogʻliq asarlar ham koʻpayib bormoqda. Eng muhimi, bu asarlarda avvalgi davrlarda aytish mumkin boʻlmagan haqiqatlar aks etmoqda. Ijodkorlarimiz tarixiy manbalar bilan qancha koʻp ishlasalar shunchalik oʻzlarini kashf etib boradilar. Tarix shunday ajoyib suhbatdoshki, u bilan gaplashganing sayin onging va qalbing yorishib boraveradi.
Shu oʻrinda hozirgi adabiy jarayonda kechayotgan baʼzi bir munozaralarga ham oʻz munosabatimni bildirib oʻtmoqchiman. Mana yaqinda “Akademnashr”da bir qator isteʼdodli yoshlarning “Izlam” turkumida nazmiy va nasriy toʻplamlari chop etildi. Bu turkumda nashr etilgan kitoblar eʼtiroflar bilan birga tanqidiy mulohazalarga ham duchor boʻlyapti. Men ham mazkur turkumdagi 7-8 nafar yosh ijodkorning kitoblari bilan tanishib chiqdim. Aksariyati sheʼriy toʻplamlar, ammo nasr kamroq ekan. Men bu janrda ijod qiladigan oʻgʻil-qizlarimiz safi kengayishini juda istayman. Eng muhimi, yoshlarimiz koʻp kitob oʻqishayotganidan xursandman. Ularning kimlarni mutolaa qilayotgani yozgan mashqlaridan shundoqqina sezilib turibdi. Taqlid har bir ijodkorning ilk izlanishlarida roʻy beradigan jarayon. Baʼzi bir ijodkorlarning toʻplamlarida xalqimizning odob-ahloq haqidagi tasavvurlariga u qadar munosib boʻlmagan oʻta ochiq, oshkoralik bilan talqin qilingan hollarni uchratamiz. Bunday hollarda adabiy nashrlarga masʼul kishilar, albatta, yoshlarga xolis, doʻstona, bilimdonlik bilan yoʻl-yoʻriqlar va zarur tavsiyalarni berishlari zarur boʻladi. Toʻgʻri, shoir deganlari kayfiyat odami. Biroq uning ijod mahsuli katta nashrlarda targʻib qilinishi uchun tayyorlanayotganida masʼul insonlar hushyor boʻlishi zarur. Va bunday holatlarni tanqid qilishda ham sogʻlom adabiy tanqid maydoni, muhiti boʻlsin. Chunki yoshlarimiz nihol kabidir, ularni izlanishlardan, ijod maydonidan sovutib qoʻymasligimiz kerak. Men kitobxon yoshlarimiz bilan suhbatlashganimda koʻnglim juda yorishib ketadi. Chunki ular Jeyms Joys, Kafka, Dostoyevskiy, Tolstoylar bilan birga Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev, Oʻtkir Hoshimov, Xayriddin Sulton, Xurshid Doʻstmuhammad, Nazar Eshonqul kabi oʻzbek adiblarining asarlarini ham katta ishtiyoq bilan mutolaa qilishyapti. Hatto ulardan biri menga, bizning avlod intellektual adabiyot yaratish uchun izlanmoqda, degan fikrni bildirdi. Men juda xursand boʻlib ketdim. Oʻsha uchrashuvda ularga Chingiz Aytmatovning 2000-yilda yozilgan “Amir Temur fenomeni” esse-maqolalasi haqida gapirib berdim. Maqolada adib Amir Temur shaxsi turkiy xalqlarga yoʻnalish berguvchi yoʻlboshchi, mashʼala sifatida dunyoga kelganini, hozirgi kungacha bu mashʼala yoʻllarimizni yoritayotgani haqida aytib oʻtadi. Va shunday fikr bildiradiki, Amir Temur yaratgan sivilizatsiya hozirgi kunda oʻzbek zaminida yuzaga kelayotgan sivilizatsiyaning kurtaklarini yaratgan edi, deydi. Bu asl Chingizona taʼrif edi. Menga adibning Amir Temurga boʻlgan bunday yuksak ehtiromi, eʼtirofi, xolisona taʼriflari juda yoqadi. Mana bugungi kunda Oʻzbekistonning Yevropa davlatlari, AQSH va Fransiya bilan olib borayotgan hamkorlik ishlarini qarang... Kuni kecha Prezidentimiz Fransiyaga tashrif buyurganida fransuzlar qanchalar katta mehr-muhabbat bilan qarshi olishdi. Luvr muzeyidagi koʻrgazmaning ochilish marosimini butun dunyo qiziqish bilan kuzatdi. Oʻzbekiston degan davlatning tarixi, madaniyatini koʻrish uchun turanaqator navbatlar paydo boʻlganini aytmaysizmi...
Biz bilamizki, sohibqiron davrida ham Fransiya qiroli bilan eʼtiborga molik hamkorliklar yoʻlga qoʻyilgan. Ularning bir-biriga yoʻllagan maktublari haligacha saqlanib kelmoqda. Bu nimadan darak beradi? Anʼanalarning turkiy davlatlar tarixida ham, zamonaviy davlatlar hayotida ham yashovchanligidan darak bermoqda. Oʻsha koʻhna anʼanalar umumjahon miqyosida yanada yuksalib borayotganini koʻrsatmoqda. Shunday vaziyatlar boʻladiki, davlatlar ham bir-birining qoʻllab-quvvatlashiga muhtoj boʻladi. Agar ular bir-biri bilan hamkor va hamfikr boʻlsa, qiyin vaziyatlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlasa, ota-bobolarimiz aytganidek, oʻsha davlatlarning ham chorigʻi yirtilib qolmaydi. Va bu kabi maʼnaviy hamkorliklar, koʻhna anʼanalar yuksalib borar ekan, 2050-yilarga borib insoniyat yashovchanligini yoʻqotadimi deb shubhalanib turgan olimlarga qaqshatqich zarba boʻlib tegadi.
Shu bois, ayni paytda Markaziy Osiyoda katta bir maʼnaviy yuksalish davri boshlangan ekan, bu ulkan jarayonga nafaqat ijod ahli, balki har bir yurtdoshimiz oʻz hissasini qoʻshishi kerak. Suhbatimizni Chingiz Aytmatovning oʻsha mashhur murojaati bilan yakunlamoqchiman: “Biz quyoshning soʻnishiga yoʻl qoʻya olamizmi?” Albatta, bu savolga javoban biz – hozirgi zamon kishilari bir yoqadan bosh chiqarib, “Yoʻq, biz hech qachon Quyoshning soʻnishiga yoʻl qoʻymaymiz!”, deya dadil aytamiz!
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.