Toʻrt kun davom etadigan oʻquv mashgʻulotlari Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etildi. Mazkur trening huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va akademik hamjamiyat vakillari uchun oʻtkazilyapti.
Tadbirning asosiy maqsadi – Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashga qarshi konvensiyaning bajarilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Oltinchi davriy hisobotini tayyorlash doirasida xorijiy mamlakatlarning eng yaxshi amaliyotlari bilan tanishtirish orqali huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va akademik hamjamiyat vakillarining bu boradagi bilim va koʻnikmalarini oshirishdan iborat.
Trening davomida milliy ekspertlar Qiynoqlarga qarshi qoʻmitaning Oʻzbekistonga taqdim etgan yakuniy tavsiyalari ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida ham maʼlumot beradi.
Ishtirokchilar BMTning Qiynoqlarga qarshi qoʻmitasi faoliyati, Qiynoqlarga qarshi konvensiya ijrosi boʻyicha hisobot berish jarayoni, mazkur jarayondagi xalqaro standartlarni koʻrib chiqadi. Shuningdek, Qiynoqlarga qarshi qoʻmita yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish va monitoring qilish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha milliy salohiyatni kuchaytirish, Qoʻmitaga davriy hisobotlarni taqdim etish shartlari muhokama qilinadi.
Mashgʻulotlar avvalida alohida taʼkidlanganidek, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, jumladan, qiynoqlarning oldini olish va bartaraf etish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish borasida tizimli chora-tadbirlar izchil va bosqichma-bosqich asosda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov taʼkidlaganidek, “Shafqatsiz muomala va qiynoqlarning taqiqlanishi – inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarda ham, butun dunyo mamlakatlarining milliy qonunchiligida ham eʼtirof etilgan asosiy huquqdir. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”.
Mazkur trening Oʻzbekistonda YEXHTning loyihalarini amalga oshirish boʻyicha 2023-2024-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” doirasida tashkil etildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati.