2023-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan 2,5 mingdan ziyod, jumladan, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturlaridagi 9 ming 905, tashabbusli byudjetlashtirish loyihalari doirasida 5 ming 989 obyektda olib borilgan qurilish-taʼmirlash ishlarining sifatli bajarilishi, ushbu maqsadlar uchun davlat byudjetidan ajratilgan 32 trillion soʻmdan ortiq mablagʻning maqsadli sarflanishi oʻrganib borildi.
Dasturlar ijrosiga masʼul boʻlgan mutasaddilar faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirib borish maqsadida Bosh prokuratura tomonidan respublikamizning barcha hududlarida nazorat tadbirlari tashkil etildi.
Oʻrganishlar natijasida davlat dasturlaridagi 14 ming 273 obyektda qurilish ishlari muddatida yakunlanib, foydalanishga topshirilishi taʼminlandi.
Xususan, 1 ming 876 maktab, 414 maktabgacha taʼlim tashkiloti, 522 tibbiyot muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlandi. Hududlarda 14 ming 376 km. yoʻl taʼmirlandi va 11 ming 471 km. ichimlik suvi tarmogʻi tortildi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 25-dekabrdagi 404-sonli qarori bilan joriy yil uchun tasdiqlangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi ijrosi ham tizimli nazoratga olingan.
Ushbu dasturga asosan 2024-yilda byudjetdan 20 trillion 424 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi va 1 ming 724 obyektda qurilish – taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Nazorat tadbirlarida obyektlarning narxi asossiz ravishda oshirilishi va ortiqcha xarajatlar qilinishining oldini olishga alohida eʼtibor berilmoqda. Natijada, 2023 va 2024-yilgi dasturlardagi qurilish obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda 4 trillion soʻmga yaqin ortiqcha xarajat maqbullashtirildi.
Shuningdek, obyektlarni oʻrganishda 3 ming 716 holatda sifatsiz bajarilgan 77 milliard soʻmlik ishlar, 1 ming 639 holatda hisobotlarga qoʻshib yozilgan 74 milliard soʻmlik ishlar aniqlanib, bartaraf etilishi taʼminlandi.
Shu bilan birga, yuklatilgan vazifa va topshiriqlar ijrosida kamchiliklar va qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan, oʻz vazifasini lozim darajada bajarmagan 782 nafar masʼul shaxs intizomiy va 2 ming 353 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilishi taʼminlandi. 2,5 mingdan ziyod mansabdor shaxs qonun buzilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan rasman ogohlantirildi.
Qoʻpol qonun buzilishi holatlari yuzasidan esa 673 jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, 5,5 mingga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Oʻrganishlar va tahlillar davomida aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish orqali qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlanib, hukumatga kiritildi.
Hozirda qurilish sohasida qonuniylikni taʼminlash yuzasidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.