2017–2020-yillar oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida chaqaloq savdosi bilan bogʻliq 185ta jinoyat aniqlangan. Jumladan, 2017-yilda 69ta, 2018-yilda 46ta, 2019-yil 41ta, 2020-yilning 11 oyida 34ta ana shunday jinoyatlar aniqlangan. Mazkur holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, ayblov xulosasi bilan tegishli tartibda sudga oshirilgan. Bu jarayonda chaqaloqni sotganlarga ham, ularni sotib olganlarga ham, shuningdek, oʻrtada vositachilik qilganlarga ham qonuniy choralar koʻrilgan. Achinarlisi vositachilarning 32 foizi tibbiyot vakillarini tashkil qilgan.
Hozirgi jinoyatlar tahlilidan kelib chiqsak, rasmiy nikoh orqali oila qurganlar emas, koʻpincha, nikohsiz tugʻib qoʻygan qizlar farzandlarini sotishi holatlari aniqlangan. [Homilador boʻlib qolganini] ota-onasidan yashiradi, mahalla-koʻydan yashiradi. Boshqa viloyat yoki shaharga borib bolani tuqqach, tugʻdirishga yordam bergan vositachilar orqali bolani sotish holatlari koʻp.
Chaqaloq savdosining koʻpayib borayotganiga aksariyat hollarda bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmagani, moddiy koʻmakka muhtojligi yoki turmush qurmagan qizlarning homiladorligini oilasidan yashirishga urinishi sabab boʻlyapti. Bundan tashqari, u farzand koʻrmagan oilalarda chaqaloqlarni sotib olishga ehtiyoj kattaligi, bolani sotishdan yuqori moddiy manfaat topish imkoni mavjudligi, ona homilador boʻlgan vaqtdan boshlab bola tugʻilgunga qadar oʻtgan vaqt orasida chaqaloq savdosiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha samarali mexanizm va qonunchilik bazasining yoʻqligi ham ushbu muammoning ildiz otishiga zamin yaratyapti.
Ushbu toifadagi jinoyat Baxmal tumanida ham sodir etilgan.
Xususan: jinoyat ishlari boʻyicha Jizzax viloyat sudining 2019-yil 29-martdagi xukmiga koʻra, Baxmal TTB tugʻruq boʻlimining mudiri vazifasida ishlab kelgan B.Ummatov Baxmal tumanida tugʻilgan, Baxmal tumani, Tongotar QFY, Qoʻshtepa qishlogʻida yashagan, homilador boʻlib qolib, kelgusida dunyoga keladigan nikohsiz orttirilgan chaqalogʻidan voz kechish niyatida boʻlgan 33 yashar ayolning chaqalogʻini K.Norboyevga berishi uchun undan 3 000 000 soʻm talab qilib, ikkalasi shu tariqa oldindan oʻzaro kelishib olishib, chaqaloqni 3 000 000 soʻmga sotib yuborgan. Ummatov Boymurot Qurbonovich Oʻzbekiston Respublikasi JK 135-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. B.Ummatovga sogʻliqni saqlash tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqlaridan 2 yilga mahrum qilish va 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
Ushbu muammo umumjahon miqyosda eʼtirof etilib, koʻpgina olimlar va tadqiqotchilar tomonidan chuqur oʻrganilayotganligiga qaramasdan, bu borada hozirga qadar yetarlicha umumlashgan maʼlumotlar taqdim etilmagan. 2000-yildagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining “BMTning transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasiga odam savdosi va ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish va taqiqlash hamda bunday xatti-harakatlarga nisbatan jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qoʻshimcha Bayonnoma”da “odamlar savdosi” tushunchasi oʻzining rasmiy izohiga ega boʻldi.
BMT maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyoda 2,7 million kishi, jumladan, 600 — 800 ming atrofida ayollar va bolalar odam savdosi qurbonlari boʻlyapti. Ushbu qabih jinoyat tufayli dunyo boʻyicha yiliga 7 milliard dollar atrofida pul noqonuniy aylanadi.
Yurtimizda odam savdosiga oid noqonuniy harakatlarga qarshi tadbirlar, davlat va jamoat organlari tomonidan bajariladigan eng muhim vazifalar yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston insonparvar demokratik davlat sifatida umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va qoidalarni oʻz milliy huquq tizimiga keng joriy qilish yoʻlini tutadi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash kerakki, Chaqaloq savdosini oldini olish maqsadida mehnat jamoalarida, mahallalarda profilaktika maqsadida yigʻilishlar oʻtkazish, sodir etilgan jinoyatlarning sabablarini va ularning oqibatlarini fuqarolarga yetkazib turilishini yana-da chuqurroq taʼminlash lozim.
Sobir Ergashev, Jinoyat ishlari boʻyicha Baxmal tuman sudining raisi.