“Xoliqi olam odamzodga idrok va Soʻz aytish neʼmatini berib, uni barcha xilqatlaridan ustun yaratdi, jonli va jonsiz olamga hokim qildi. Olamni idrok qilgan inson Soʻzni idrok qiladi. Soʻzni idrok qilib olamni yanada teranroq idrok qiladi. Soʻzning ildiziga yetgan kishi dunyoning tagiga yetgandek bahra topadi. Insoniyat tarixi soʻzlar qismatida yashirinib yotar ekan”, deydi Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov “Soʻz latofati” nomli kitobida. Chindan ham til, millat, insoniyat tushunchalari bu olamda bizning qismatimizni baholaguvchi asosiy mezonlardir. Shu bois ayni mavzuda suhbatlashganimizda beixtiyor munozaraga kirishamiz, hayajonga tushamiz, izlab yurgan haqiqatlarimizni anglay boshlaymiz. Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning mashhur qissasidagi Nayman onaning roʻmoli qushga aylanib faryod solgani kabi oʻz-oʻzimizga savol bera boshlaymiz: “Sen kimsan! Ona tilingni yaxshi bilasanmi? Elu yurting nomusi uchun kurasha olasanmi? Otang kim? Onang kim?” Axir, bu savollar hayotimizning har bir daqiqasida bizni bezovta qilishi, hushyorlikka chorlashi, katta maqsadlar sari undashi kerak emasmi?!...
– Ustoz, avvalo, sizni Oʻzbek tili bayrami bilan chin dildan tabriklaymiz. Ayni paytda dunyoda 50 milliondan oshiq inson oʻzbek tilida gaplashayotgan ekan. Qolaversa, keyingi paytlarda tilimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda juda faol qoʻllanilyapti. Xalqaro minbarlarda baralla yangrayapti. Xorijiy davlatlarda esa tilimizga boʻlgan qiziqish kundan-kun oshib bormoqda. Bu kabi voqeliklar, albatta, bizga faxr bagʻishlaydi...
– Bugun yurtimizdagi har bir sohada koʻlamli islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, oʻzbek tilini rivojlantirish, oʻrganish va targʻib qilish borasida yangi bosqich boshlandi, desak adashmagan boʻlamiz. Shu oʻrinda bir mulohazani aytib oʻtmoqchi edim. 1989-yilda qabul qilingan “Davlat tili haqida” gi qonunda oʻzbek tiliga emas, ona tiliga davlat tili maqomi berish toʻgʻrisidagi bandlar belgilangan. Oʻsha paytdagi siyosat tufayli “oʻzbek tili” degan soʻzni ishlatishdan choʻchishgan. Va nihoyat 2019-yil 21-oktyabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Mazkur farmonga koʻra Oʻzbek tili bayrami kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida taklif kiritildi. Xalqimiz bu taklifni katta xursandchilik bilan qabul qildi. Farmonning yana bir tarixiy ahamiyati shundaki, unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamentini tashkil qilish toʻgʻrisida alohida band bor. Yurtimizda qaror topgan benihoya oqil va odil til siyosati tufayli koʻp millatli xalqimizning birligi, hamjihatligi yanada mustahkamlanmoqda. Oʻzbek tili bayrogʻimiz, gerbimiz, madhiyamiz qatorida davlatimizning muqaddas hamda muhtasham ramzlaridan biri sifatida takomil va rivoj oʻzanidan bormoqda. Har yili 21-oktyabr “Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida butun xalqimiz tomonidan cheksiz mamnuniyat bilan keng nishonlanmoqda, bu kun amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yangidan-yangi rejalarning tarhi chizilmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlamoq joizki, davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori bilan, ayniqsa, soʻnggi besh-olti yil ichida mamlakatimizda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish borasida yangi bosqich boshlandi. 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiya va maxsus dastur qabul qilingan, kelgusidagi ishlar aniq-tiniq koʻrsatib berilgan, shu asosda til ilmi tadqiqi, taʼlimi va targʻibiga daxldor tizimli hamda keng qamrovli ishlar jadal surʼatlarda amalga oshirildi va oshirilmoqda. Oʻz-oʻzidan bizda bu saʼy-harakatlar dunyo hamjamiyatining ham eʼtiborini tortganligi bois oʻzbek tilini oʻrganish va tadqiq etishga qiziqish vaqt oʻtgani sayin oshib bormoqda. Shu oʻrinda vengriyalik navoiyshunos Benedik Peri, ozarbayjonlik tadqiqotchilar Almaz ulvi Binnatova va Ramiz Asqar, turkiyalik tadqiqotchi Munevver Turkjan, fransiyalik navoiyshnuos Mark Toutan, amerikalik tarjimon Kristofer Fortlarga oʻzbek tilini targʻib etish borasida olib borayotgan samarali ishlari uchun oʻz minnatorligimni bildirmoqchiman.
– 2020-yil 11-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu qarorda Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tuzilmasida sotsiolingvistika boʻlimini tashkil qilish, mazkur boʻlimda esa oʻzbek tilining rivojlanishi bilan bogʻliq fundamental, amaliy hamda innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish muhim vazifa sifatida belgilangan edi. Oʻtgan ikki yil mobaynida qanday eʼtiborga molik tadqiqotlar amalga oshirildi?
– Sotsiolingvistika boʻlimi til va jamiyat oʻrtasidagi munosabatni oʻrganadi. Tilning ijtimoiy hodisa ekanligi haqida koʻp gapirilgan. Shubhasizki, tilning paydo boʻlishi, oʻzlashtirilishi va taraqqiyotiday murakkab jarayonlarni jamiyatdan ayro holda aslo tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu murakkab jarayonda ijtimoiy muhitning, kishilik jamoasining, uy-xonadon degan birlikning hal qiluvchi omil ekanligidan iborat haqiqatni inson aqli hazm qilib ulgurguncha, ne-ne nasllar yugurik asrlar toʻzoni ichra abadga qoʻnim topgan. Eramizdan oldin ham, bizning eramizda ham dunyoning turli burchaklarida ana shu haqiqatni izlab, turli-tuman tajribalar oʻtkazilgan. Jumladan, “Moʻgʻullar imperiyasining umumiy tarixi” (Parij, 1705) nomli kitobda XVI asrda Akbarshoh tomonidan oʻtkazilgan bir gʻaroyib tajriba haqida batafsil yozilgan. Ulugʻ shoh “Biron-bir tilga oʻrgatilmagan odamning tabiiy tili yahudiy tili boʻladi”, degan gʻayriilmiy gapni eshitib qoladi. Shunda Akbarshoh bolaga hech qanday til ataylab oʻrgatilmasa, u, chindan ham, qaysi tilda gapiradigan boʻlishini bilishni istaydi. Ana shu maqsadda shoh oʻn ikkita emizikli bolani ajratib olib, Agradan olti mil uzoqlikdagi qalʼaga joylashtiradi, ularni tarbiyalashni oʻn ikki soqov enagaga topshiradi. Tilsiz qorovulga qalʼa darvozasini ochish qatʼiyan taqiqlanadi. Bolalar oʻn ikki yoshga yetganda, shoh ularni huzuriga keltirishni buyuradi va saroyga barcha tillarni biladigan donishmandlarni ham taklif etadi. Agrada yashaydigan bir yahudiy bolalar, chindan ham, yahudiycha gapirish yoki gapirmasliklariga hakamlik qilishi kerak edi. Agrada arablar va xaldey (somiylardan boʻlgan qadimiy xalq)lar bisyor edi. Hind faylasuflari bu bolalarning tili sanskrit (qadimgi hind tili)cha boʻlib chiqadi deb hisoblardi. Ammo bolalar shoh huzuriga keltirilganda, barcha hayratdan tosh qotib qoladi, chunki ular hech bir tilda gapirmas edi. Bechoralar oʻz enagalaridan fikrlarini faqat turli imo-ishoralar bilan ifodalab, hech qanday tilsiz muomala qilishni oʻrgangandi. Ular bu notanish, begona jamoadan qoʻrqib-hurkib turardi, ochilmay tugilgan bu tillarning tugunini yechmoq tamoman mushkul, ularga nutq tovushlarini ayttirmoq zamoni oʻtib boʻlgan edi.
Qilni qirq yorgan aksariyat dunyo tilshunoslarining taʼkidlashlaricha, nafaqat tilni oʻzlashtirish, balki tilning ibtidodan paydo boʻlishi ham muayyan jamoada birovning boshqasiga nimanidir aytish, nimagadir undash, oʻzining muayyan hissiy holatini bildirish kabi ehtiyoji mahsulidir. Qisqacha aytganda, jamoa-jamiyat bilan bogʻliqdir. Aytish joizki, tilning takomilu taraqqiyotini ham, uning shaxs maʼnaviy-madaniy tashakkuli va ajdodu avlodning zamonlar osha vorisiyligidagi qiyossiz oʻrnini ham jamiyasiz anglash mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun ham jamiyat hamda xalq taraqqiyoti, tinchligi va farovonligini, ularning milliy manfaatlarini taʼminlashday oliy maqsadni birlamchi burchi deb bilgan davlat oʻz hududida milliy tilni davlat tili maqomiga koʻtarishi, uning tirikligi muhofazasi hamda har taraflama kamoloti uchun qaygʻurishi qonuniy va haqqoniy zaruriyatdir. Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy Farmonida taʼkidlanganidek, “Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada avvalo oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir”.
Ayni paytda sotsiolingvistika boʻlimida bir qancha eʼtiborga molik ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Filologiya fanlari doktori, professor Yorqin Odilov, tadqiqotchilar Dilnoza Roʻzmatova va Dilrabo Andaniyozovalar tomonidan til va jamiyat muammosi, oʻzbek tilining davlat tili sifatida Oʻzbekistonda tutgan oʻrni, yurtimizdagi til siyosati, davlat tilining amaldagi tadbiqi borasidagi mavzularda izlanmoqdalar. Shuningdek, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq tillari rivoji uchun amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar borasida yangi rejalar tuzilmoqda.
Oʻtgan ikki yil davomida professor Yorqin Odilov va terminologiya boʻlimi mudiri Abduvahob Madvaliyevlar bilan hamkorlikda oʻzbek imlo lugʻatchiligi tarixidagi eng katta lugʻat – 90 mingdan ortiqroq soʻzlarni oʻz ichiga olgan Oʻzbek tilining imlo lugʻati yaratildi. Talabalar va oʻquvchilar uchun ham oʻzbek tilining oʻquv imlo lugʻati yaratildi. Boʻlim xodimlari oʻzbek tilining katta sinonimlar lugʻatini yaratishda ham tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Hozirgi kunda mualliflar ayni lugʻatning umumiy tahririni tugatish arafasida. Kelgusi yilda bajarilishi moʻljallangan sotsiolingvistika darsligi boʻyicha ham ishlar boshlab yuborilgan.
Sotsiolingvistika Amerikada ham, Angliyada ham, Yevropa davlatlarida ham, Sharq davlatlarida ham juda kuchli rivojlangan. Sotsiolingvistikaning asosiy vazifasi shaxsning shaxsga munosabatini oʻrganadi. Masalan, “ne dayot chitat”, degan ruscha soʻz birikmasida ruscha tafakkur tarzi bor. Bu iborani “oʻqishga bermayapti”, deb tarjima qilishadi. Aslida “oʻqishga qoʻymayapti”, deya tarjima qilinishi kerak. Yaʼni har bir iborada, matnda, gapda oʻzbekning oʻziga xos tafakkur tarzi aks etishi kerak.
Innovatsion loyihalar haqida gapiradigan boʻlsak, tilimizni targʻib qilishda, albatta, axborot texnologiyalaridan oʻrinli foydalana bilishimiz muhimdir. Masalan, lugʻatlar misolida oladigan boʻlsak, yostiqdek keladigan lugʻat kitobingiz boʻlsa, sizga bir necha yillar xizmat qilishi, shubhasiz. Lekin hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda elektron lugʻatlar ham bizga juda asqotadi. Bugungi zamon yoshlari va tadqiqotchilari uchun elektron lugʻatlardan foydalanish anchagina qulay. Shu bois davlat tilini oʻrganish bilan bogʻliq innovatsion gʻoyalarga ham alohida eʼtibor qaratishimiz kerak.
Oʻzbek tilining izohli lugʻatining toʻldirilgan nashrini yaqindagina oʻquvchilarga taqdim etdik. Joriy yil oxirigacha yana bir izohli lugʻat tayyor boʻladi. Ilgarigi nashrimizdagi lugʻat 80 mingta soʻzni oʻz ichiga olgan boʻlsa, navbatdagi nashrda 90 mingdan koʻproq soʻz qamrab olinadi. Terminlar haqidagi lugʻatlarni ham tayyorlashga katta eʼtibor qaratilyapti.
– Jamiyat va til munosabatlari haqida gapirganingizda oʻrtada yuzaga keladigan muhit haqida alohida toʻxtalib oʻtdingiz. Bugungi kun muhiti rivojida matbuotda chop etiladigan maqolalar, telekanallarimizdagi koʻrsatuvlar, radiotoʻlqinlardagi eshittirishlarning alohida oʻrni bor. Ustozlarimiz Abdulla Qahhor, Kibriyo Qahhorova, Zulfiyaxonim, Ozod Sharofiddinov va Suyima Gʻaniyevalar bu jarayonni ziyraklik bilan kuzatib, erinmay jurnalistlarga oʻz maslahatlarini berib kelganliklari haqida oʻqiganmiz. Sizning ayni jarayondagi kuzatuvlaringizni bilmoqchi edik.
– Gazetalarimizda jurnalistlar baʼzan bir soʻzni boshqa tildan oʻzbek tiliga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz bilganlaricha oʻgirib yozishadi. Bu notoʻgʻri. Chunki ingliz tilining oʻzidagi tafakkur tarzi va oʻzbek tilidagi tafakkur tarzi bir-biridan jiddiy farq iqladi. Shunday soʻzlar borki, ularni aynan tarjima qilib boʻlmaydi. Bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilganda ikkala tilning ham tafakkur tarzini yaxshi biladigan mutaxassislarga murojaat qilgan maʼqul. Shunda soʻz uzoq yashay oladi.
Koʻpincha ziyolilar davrasida gazeta tilini juda rasmiy va “qotib qolgan” til deya taʼriflashadi. Biroq keyingi paytlarda soʻz erkinligi bois bir-biridan samimiy mulohazalarga boy, jonli va goʻzal ifodalarga toʻla gazeta sahifalari paydo boʻla boshladi. Bu quvonarli hol, albatta...
Baʼzi bir xususiy radiotoʻlqinlarni eshitganimda boshlovchilarning tinglovchiga boʻlgan muomalasi va sayoz nutqini kuzatib juda koʻnglim ogʻriydi. Axir ona tilimizdagi mezonlar barchamiz uchun barobar-ku!
Toʻgʻridan–toʻgʻri jonli efir muloqotlariga borganimda koʻplab tinglovchilar “traktor”, “velosiped”, “paroxod” soʻzlarining nega oʻzbekchasi yoʻq, deya savol berishadi. 1920-30 yillarda jadid bobolarimiz xuddi shu soʻzlarning tarjimasini matbuotda eʼlon qilishgan. Masalan, paroxodni suv aygʻiri, velosipedni jin arava, traktorni oʻtomoch deb tarjima qilishgan. Soʻzlarni bu tarzda tarjima qilish maqsadga muvofiq emas. Chunki velosipedni “jinarava” deb aytishi oʻsha davr kishisining tafakkur tarzi bilan bogʻliq. Ikkita gʻildirakning oʻzidan oʻzi yurib ketishi gʻayritabiiy tuyulgani uchun “jinarava” deb atashgan. Bu soʻzlar oʻta joʻn tushunchalardan kelib chiqib tarjima qilingan. Agar soʻzlarni bu tarzda tarjima qiladigan boʻlsak, yana ortga qaytgan boʻlamiz. Shu bois koʻr-koʻrona oʻzbekchalashtirishga emas, bor oʻzbek soʻzlarini oʻz oʻrnida qoʻllashga harakat qilganimiz maʼqul.
– Joriy yilning 7-iyunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunni imzolagan edi va ushbu qonun 8-sentyabrdan kuchga kirdi. Unda mamlakat hududida tarqatilayotgan reklama, albatta, davlat tilida ham boʻlishi belgilangan. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham reklama mahsulotlari rasman tarqatilayotganda davlat tiliga ahamiyat berish talab etiladi. Munozaralarga sababchi boʻlayotgan ushbu mavzu haqida fikrlaringizni aytib oʻtsangiz.
– Agar reklama oʻzbek tilida tarqatilmaydigan boʻsa, bu davlat tili haqidagi qonun ishlamayapti, degani boʻladi. Chunki reklama ommaga qaratilgan axborot. Ommaga qaratilgan axborot esa, albatta, davlat tilida boʻlishi kerak. Shu bilan birga reklama yana koʻplab mezonlarga binoan tayyorlanishi talab etiladi. Bir paytlar Oʻzbekiston xalq shoiri Shukrullo bilan bir tadbirda gaplashib tursak, yaqinroqdagi simyogʻochga reklama qogʻozi osib qoʻyilgan ekan. “Manavi reklamani qarang, Nizomiddin, “Dove bu sovun emas”, deb yozib qoʻyishibdi. Sovun boʻlmasa nma bu, axir?”dedi. Shunda men, “Shukrullo aka, shunday deb yozgani uchun siz eʼtibor qaratyapsiz! Bu reklama qilishning oʻziga xos taʼsirli yoʻli”, deya javob berganman.
Baʼzi bir holatlarda ruscha yoki inglizcha reklamalarni soʻzma-soʻz tarjima qilib berishadi. Bunday reklamalarni oila davrasida tinglab yoki oʻqiganingizda juda kulgili va achinarli holatlar yuzaga kelib qoladi.
Yana bir jihatlari borki, kasalliklarni davolash borasidagi reklamalarni targʻib qilishda milliy mentalitetimiz mezonlarini hisobga olishimiz zarurligini ham esdan chiqarmasligimiz kerak. Yaqinda ilmiy xodimlarimizdan biri reklamada qoʻllaniladigan undov ohangidagi soʻzlar borasida qiziqarli tadqiqot ishlarini olib bordi. Ayni mavzu taqdimoti koʻplab bahsu munozaralarga sabab boʻldi. Bu jarayon bilan bogʻliq yana koʻplab mavzular oʻz tadqiqini kutib turibdi.
Qonunda reklama qaysi tilda boʻlishidan qatʼiy nazar oʻzbek tiliga ham, albatta, oʻgirilishi kerak deya belgilangan. Poytaxtimiz koʻchalarini kezganimizda bu qonunga baʼzi mutasaddi xodimlarimiz va tadbirkorlarimiz hali toʻla amal qilmayotganliklariga guvoh boʻlamiz. Oʻylaymizki, ona tilimiz shaʼni bilan bogʻliq yangi qonunga yurtdoshlarimiz yanada eʼtiborliroq boʻladilar.
– Navoiy hazratlarining, “Ul kishi soʻz bahrida gʻavvos erur, kim guhari maʼni anga xos erur”, degan misralari bor. Demak, ilmga, goʻzallikka, mutolaaga oshno inson soʻz aytish bobida qanchalar benazir ekanligini namoyon eta oladi. Bugungi kunda Navoiy merosini oʻrganishga boʻlgan intilishimiz va qiziqishlarimiz quvonarli holdami?
– Alisher Navoiyning yana bir misralari bor: “Soʻz ayladi insonni judo hayvondin, bilki guhari sharifroq yoʻq ondin”. Yana hazrat Navoiy aytadilarki, “Har ishki qilmish odamizod, tafakkur birla bilmish odamizot”. Ushbu misralarda mutafakkir til va tafakkurning bir-biriga qanday bogʻliqligini juda chiroyli tarzda ifodalab bergan. Shuni aytib oʻtish lozimki, Alisher Navoiy ijodini oʻrganish va tadqiq etish borasida qilinajak ulkan ishlar hali oldinda...
Oʻtgan 2021-yilda Alisher Navoiy ijodini oʻrganish va tadqiq etish borasida eʼtiborga molik ishlar amalga oshirildi. Masalan, Alisher Navoiy asarlari 5 jildlik lugʻatining 2 jildi nashr etildi. Uchinchi jildi hozirgi kunda institutimiz ilmiy xodimlari tomonidan tayyorlanmoqda. Ayni paytda Alisher Navoiy asarlari ensiklopediyasi ham chop etilish arafasida. Navoiy asarlari sharhi va albomini ham yurtdoshlarimizga taqdim etish niyatimiz bor. Biz mutafakkir bobomizni tamomila oʻzimizniki qilib olish uchun tinmay harakat qilishimiz kerak. Chunki bu cheksiz ummonga kirib borganimiz sari tilimiz va tafakkurimiz boyib, yuksalib boraveradi. “Muhokamat ul lugʻatayn” asari benihoya goʻzal asar boʻlib, yevropalik olimlar ushbu asarga hamisha katta havas bilan qaraydi. Alisher Navoiy oʻsha paytlardayoq tilshunoslikdagi qiyosiy tahlil jarayonini koʻrsatib bera olgan. Bu asarda hozirgi tilimiz taraqqiyot tamoyillarini tasavvur qilish borasidagi mulohazalar, qatʼiy hukmlar bayon qilingan. Shu bois bu asarga turkiy badiiyat tarzini yuksaklikka olib chiqqan asar, deya taʼriflasak boʻladi. Xorijiy davlatlardagi olimlarning aksariyati Navoiy asarlari tufayli tilimizga qiziqish bildirmoqda, desak adashmagan boʻlamiz.
– Keyingi savolim bevosita shu jarayon bilan bogʻliq. Oʻtgan yili vengriyalik navoiyshunos Benedik Peri bilan suhbatlashganimizda eski oʻzbek adabiyotining inglizcha lugʻatini oʻzbek tilshunoslari bilan hamkorlikda tayyorlash taklifini bildirgan edi. Ayni hamkorlik borasida qanday ishlar amalga oshirilyapti?
– Benedik Peri Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi tantanalarida yurtimizga kelgan edi. Adiblar xiyobonidagi uchrashuvda Alisher Navoiy gʻazallarini juda chiroyli oʻqidi. Bu taklifini oʻsha kunlardagi muloqotlarimizda ham aytib oʻtgan. Mazkur lugʻatni tayyorlash borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish arafasidamiz. Mutafakkir bobolarimiz asarlari tarjimasi juda katta bilim va tajribani, fasohat bobidagi zukkolikni talab qiladi. Shu bois mazkur lugʻatni tayyorlaydigan ijodiy guruhni shakllantirishga katta eʼtibor qaratiladi.
Oʻzbek adabiyotidagi badiiy soʻz sultonlarining asarlarini qanchalar koʻp targʻib eta olsak, ona tilimizga qiziquvchilar safi ham shunchalik kengayib boradi. Hozirgi kunda tilshunos olimlarning eʼtirof etishicha, xorijiy davlatlarning 70 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida oʻzbek tili oʻrgatilmoqda. Shuningdek, xorijiy mamlakatlarda 70 ga yaqin “Oʻzbek tili doʻstlari” klublari tashkil qilingan. Bu oʻzbek tilini oʻrganish, uni targʻib qilish va Oʻzbekistonda sodir boʻlayotgan voqealar toʻgʻrisida maʼlumotlar olib turish imkoniyatini beradi. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2021-yilda “Yurtdoshlar” sayti ishga tushirildi. Mazkur saytga oʻzbek tilidagi filmlar, multfilmlar va qator dasturlar joylashtirilgan.
Oʻzbek tilini targʻib etish va himoya qilishdek bu ezgu jaryonda nafaqat mutaxassislar, balki har birimiz jon kuydirishimiz nihoyatda muhimdir.
– Samimiy mulohazalaringiz uchun tashakkur. Salomat boʻling.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi