“Oʻylasam, izlanishlarimiz kabi gʻofilligimiz-da poyonsiz ekan. Soʻzni eshitamiz, soʻzlashni qotiramiz, lekin soʻz magʻzini chaqish aksar xayolimizga kelmaydi. Nega shunday deymiz, deya oʻzimizga savol bermaymiz. Bu sinoat toʻla olam bamisoli olisdagi yulduzlardek noayon qolaveradi”, deya bejiz taʼkidlamagan Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov.
Ona tilimiz sinoatlari, moʻjizalari va bugungi kundagi ilmiy tadqiqot ishlari haqida filologiya fanlari doktori, professor Yorqin ODILOV bilan suhbatlashar ekanmiz, biroz befarqligimiz va eʼtiborsizligimiz bois noayonlashib qolayotgan baʼzi haqiqatlar qoshida iztirobga tushdik. Yuzaga chiqayotgan, kashf etilayotgan xazinamiz javohirlari quvonchidan esa koʻnglimiz ravshan tortdi.
— Soʻz bilan ishlash juda mashaqqatli, shu bilan birga, oʻta masʼuliyatli ish. Lekin bunda shunday bir maroq borki, har qanday mashaqqatni tengsiz zavqqa aylantiradi. Qalin-qalin lugʻat kitoblarni varaqlaganingizda, “Devonu lugʻotit turk”ning koʻhna soʻzlaridan ilhomlanganingizda, ustoz adiblarning noyob asarlarini mutolaa qilganingizda qanday tuygʻularni koʻngildan oʻtkazasiz?
— Taniqli shoir Eshqobil Shukur taʼkidlaganidek, qoʻlida qalami bor har bir ijodkor, har bir ziyoli ona tili uchun muhabbat bilan xizmat qilishni, ijodiy kurashishni oʻz burchi deb bilishi kerak. Bu burch bugungi globallashuv zamonida Gippokrat qasamiday ahamiyat kasb etib borayotgani rost. Qalam yukini zimmasiga olayotgan har bir ijodkor oʻz tilining taqdirini zimmasiga olayotganday masʼuliyatni his etishi kerak boʻlyapti. Bitta soʻz, bittagina ibora himoyasida ham mustahkam turishimiz zarur.
Ayni paytda yurtimizda davlat tilining ijtimoiy ahamiyatini oshirish, uni doimiy rivojlantirib borish, oʻzbek tilidan ham ona tili, ham davlat tili sifatida foydalanish doirasini kengaytirishdek muammolar kundan kun dolzarblashmoqda. Ushbu lisoniy dolzarbliklarni qondirishda milliy lugʻatchiligimizning rivoji muhim. Lugʻatchilik tilshunoslikning amaliy ahamiyatli katta tarmogʻi sifatida oʻzida muayyan millatning muayyan davrdagi madaniyatini bor boʻy-basti bilan jam qiladi. Oʻzbek tilshunosligining 30 yildan ortiq taraqqiyot davrida milliy leksikografiyamiz ham son va sifat jihatidan barkamollashdi. Buning dastlabki natijasi sifatida Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida 2022-yilda OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida 6 jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” tuzilishi va nashr etilishi katta voqea boʻldi. Unda 5 jildli izohli lugʻat materiallaridan foydalanilgan boʻlsa-da, u shu lugʻatning shunchaki toʻldirilgan yoki qandaydir oʻzgartirishlar kiritilgan nashri emas, balki leksikografiya yutuqlarini hisobga olib tuzilgan yangi lugʻatdir.
Unda oʻzbek tili leksikasida soʻnggi yillarda yuz bergan oʻzgarishlar, maʼnoviy siljishlar eʼtiborga olingan. Davr mafkurasi sabab soʻzlarga, ularning maʼnolariga sunʼiy singdirilgan taʼsirlar olib tashlangan hamda haqiqiy izohini olgan. Lugʻat mualliflari toʻgʻri qayd etganidek, avvalgi nashrda “eskirgan”, “diniy” kabi belgilar ostida berilgan yoki umuman berilmagan tarixiy, etnografik, diniy terminlarga shu soʻzlarning semantikasidan kelib chiqib yondashilgan, mustaqillik sharofati bilan qayta faollashgan soʻzlar jalb qilingan. Xullas, mazkur leksikografik ish “hozirgi oʻzbek adabiy tilining soʻz boyligini toʻplash va tavsiflash bilan birga, uning meʼyorlarini belgilash va barqarorlashtirish”dek vazifalarni bajargan.
– Imlo nafaqat toʻgʻri yozish qonun-qoidalarini belgilaydi, balki millatni, xalqni birlashtirishdek ijtimoiy-siyosiy vazifani ham bajaradi. Eng dastlabki imlo lugʻatlari soʻzlari cheklangani nashr-matbaa ishlarida, taʼlimning yuqori bosqichlarida qator muammolarni, masalan, zikr etilgan lugʻatlarga kirmagan va oʻzbek tiliga keyinroq kirib kelgan soʻzlarning qanday yozilishiga oid ikkilanishlarni, imlo qoidalarida ochilmay qolgan qoidalar bilan bogʻliq zoʻriqishlarni keltirib chiqardi...
– Savodxonlik masalasini oshirish va imlo borasidagi ishlarni muntazam takomillashtirib borish maqsadida hukumatning bir necha hujjatida oʻzbek tilining tovushlar tizimi va uni hisobga olgan holda nutq tovushlari yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirishga qaratilgan hamda ilmiy asoslangan takliflarni tayyorlash, ishlab chiqish lozimligi belgilangan. Istiqlol yillarida shu maqsadga yoʻnaltirilgan imlo lugʻatlari Sh.Rahmatullayev, A.Hojiyev, T.Togʻayev tomonidan tuzildi. Ular lotin yozuvini oʻrganishda, yoshidan qatʼi nazar, barchaning imlo savodxonligini oshirishda muhim rol oʻynadi. Ammo, taʼkidlaganingizdek, ular soʻzligining cheklangani turli muammolarni keltirib chiqardi.
Ana shunday amaliy ehtiyojlarni qondirish maqqsadida joriy yilda Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida lugʻatchiligimizdagi eng katta imlo lugʻati (90 000 ga yaqin soʻz va soʻz shakli) tuzilib, lotin yozuvida nashr etildi. Ushbu lugʻat oʻzbek tilining hozirda mavjud imlo lugʻatlaridan imlosi qiyin va munozarali boʻlgan, hozirga qadar imlo lugʻatlariga kiritilmay kelayotgan soʻzlarni ham qamrab olgani, nashr etilgan va etilayotgan boshqa tip lugʻatlar (izohli, ensiklopedik, terminologik va b.)ning ijobiy imloviy tajribalarini hisobga olgani bilan eʼtiborga molikdir. Shuningdek, mazkur lugʻat keyingi oʻttiz yildan ortiq vaqt davomida oʻzbek tili imlosi amaliyotida yuz bergan, koʻpchilik tomonidan maʼqul deb topilayotgan ijobiy imloviy oʻzgarishlarga eʼtibor bergani, mustaqillik davrida oʻzbek tiliga kirib kelgan yangi soʻz va terminlar yozilish shaklining ilmiy-imloviy baholangan holda kiritilgani bilan farqlanadi. Ayni imlo lugʻatidagi yana bir muhim jihat shuki, rus tili orqali kirib kelgan va tarkibida yo, yu, ya harflari boʻlgan ruscha va baynalmilal soʻzlarni yangi imloda barcha oʻrinlarda bir xil, yaʼni yo, yu, ya harflari bilan yozishni koʻzda tutgan va shu orqali bunday soʻzlarni yozishdagi har xillik bartaraf etilgan.
— Etimologiya tilshunoslikning eng murakkab, eng diqqattalab sohasi ekani filolog-mutaxassislarga sir emas. Etimologiya soʻzining lugʻaviy maʼnosi ham soʻzning “chin, asl mohiyat”ini oʻrganishdir. Shu oʻrinda turkiy tillarning umumiy leksik fondiga oid etimologik lugʻatlarning yaratilish tarixiga bir nazar tashlab oʻtsak...
— Turkiy tillarning umumiy lugʻat fondiga oid zamonaviy etimologik lugʻat oʻtgan asrning 70-yillarida turkologlar tomonidan tuzilgan. Sh.Rahmatullayevning oʻzbek lugʻatchiligida dastlabki tajriba sifatida tuzilgan uch jildli “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da tilimizning turli davrlariga oid turkiy, forsiy va arabiy soʻzlarning kelib chiqish tarixi izohlangan. Sh.Rahmatullayev va hammualliflarning dastlabki etimologik kuzatishlari bundan avvalroq, yaʼni 1997-1999-yillarda “Oʻzbek tilining qisqa etimologik lugʻati” nomi bilan 4 kitobcha shaklida chop qilingan edi. Muallifning samimiy qaydicha, shu toʻrt kitobni yaxlit holatga keltirish mobaynida manbalar sinchiklab oʻrganilgan, qisqacha etimologik lugʻatda yoʻl qoʻyilgan xatolar bartaraf qilingan, umuman, lugʻat maqolalari qayta ishlangan va uch kitob holiga keltirilgan. Mazkur tadqiqot etimologik talqinlarning ommabop yoʻsinda berilgani, keng kitobxonlar auditoriyasiga moʻljallangani bilan ajralib turadi va kelgusida yaratiladigan etimologik lugʻatlarga muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
Mustaqillik davrida ahamiyati jihatidan etimologik lugʻatlarga yaqin turadigan alohida ijodkor asarlari tiliga bagʻishlangan lugʻatlar tuzish davom ettirildi. Hozirgacha Lutfiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Muhammadrizo Ogahiy va boshqa mumtoz shoirlarning asarlari tiliga bagʻishlangan lugʻatlar mavjud. Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida Berdaq Yusufov tomonidan tuzilgan va dastlabki ikki jildi chop qilingan “Navoiy tili lugʻati” mualifning uzoq yillik ilmiy izlanishlari natijasi boʻlib, u bungacha ham maktab adabiyot darslarida oʻrganiladigan mumtoz asarlar tiliga bagʻishlangan “Mumtoz adabiy asarlar lugʻati”ni (Toshkent, 2010) tuzgan edi. “Navoiy tili lugʻati” avvalgi Navoiy asarlari lugʻatlaridan soʻzligining koʻpligi, leksikografik izohlarining aniqligi, eski oʻzbek alifbosidagi soʻz shakli va transkripsiyasi berilgani bilan farqlanadi. “Navoiy tili lugʻati” toʻla nashr etilganidan soʻng undan nafaqat Navoiy ijodi, balki eski oʻzbek tilida ijod qilgan boshqa ijodkorlar asarlari tilini oʻrganishda ham foydalanish mumkin boʻladi.
Bu davrda Bobur ijodini oʻrganishga, shoir asarlarining lugʻatini tuzishga astoydil kirishildi. Chunki Bobur sermazmun, ayni paytda murakkab hayoti va faoliyatida beqiyos tarixiy va ijodiy meros qoldirgan shaxsdir. Fathiddin Isʼhoqovning “Boburnoma” uchun qisqacha lugʻat”i (Andijon, 2008), mualliflar jamoasining “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” (Toshkent, 2014) alloma shaxsiyati va ijodiyotini anglash yoʻlidagi eng yaxshi yumushlardandir.
— Oʻzbekiston Prezidenti 2021-yildagi saylovoldi uchrashuvlari doirasida Namangan viloyati ahli bilan muloqotida “Namanganning mevalari shirin, mevalaridan ham shevalari shirin”, deya takalluf qilgan edi. Chindan ham, yurtimiz shevalarining koʻnglimizga baxsh etadigan zavqi va maʼnaviy toti oʻzgacha shirin... Bu soʻzlarning mohiyatiga nazar tashlasak, oʻtmishdagi ajdodlarimiz nafasidan bir ulgi olgandek boʻlamiz. Shunday emasmi?...
— Juda toʻgʻri aytasiz. Milliy tilimizning boy imkoniyatlarini saqlab qolish uchun sheva soʻzlarini doimiy yigʻish, oʻrganish, til sezgisini tarbiyalash uchun ulardan yurtdoshlarimizni xabardor qilib borish taqozo etiladi. Fargʻonaliklar paqir ataydigan buyumni toshkentliklar chelak, boshqa qipchoq shevalari vakillari satil deydi, ammo adabiy tilga Toshkent shevasidagisi olingan. Yoki toshkentliklar kalavot deydigan narsaga fargʻonaliklar soʻri deb ot qoʻygan va bu adabiy meʼyor boʻlgan.
Oʻzbek tili uch lahjadan kuch olib rivojlanadigan til sifatida boy ifoda imkoniyatlariga ega. Tabiiyki, mazkur lahja va shevalardagi soʻzlarni toʻplash bilan boy lugʻaviy zaxira jamlanadi, erta-indin unutilishi mumkin boʻlgan soʻzlarni kitoblarda saqlab qolishga erishiladi. Oʻz navbatida, shevalar fondi etimologik lugʻatlar uchun ham muhim manba hisoblanadi, etimologik lugʻatlarning mukammalashuvini taʼminlaydi. Chunki til tarixiga oid faktlar davr oʻtishi bilan adabiy leksikadan oʻchsa ham sheva soʻzlarida saqlanadi. Mustaqillik yillarida alohida dissertatsiyalarga shevalar soʻzliklari ilova qilinishi alohida hodisa boʻldi va buning natijasida salmoqli miqdordagi soʻzlar yigʻildi. Toʻra Nafasovning “Qashqadaryo oʻzbek xalq soʻzlari” (Toshkent, 2011), Bosim Toʻychiboyev va Qozoqboy Qashqirlining “Zominning til qomusi” lugʻatlarida ham qamrov obyektiga oid katta material qamrab olingan. Yoki Maʼrufjon Yoʻldoshevning “Buvayda shevasidan ixcham lugʻat”i buvaydaliklarning lugʻaviy zaxirasi haqidagina emas, balki olamni koʻrish tarzidan ham hikoya qiladi. Bu lugʻatlarda adabiy tilda muqobili boʻlmagan soʻzlar oʻziga xos orfoepik libosda namoyon boʻlgan, ularni oʻqib, ustoz tilshunoslarimiz taʼkidlaganidek, xalqimiz shunchaki gapirganda ham qanchalik obrazli gapirishiga qoyil qolasiz. Kelgusida esa ayni manbalar asosida bir necha jildli oʻzbek shevalari lugʻati tuzilishi zarur.
Yaqinda ziyolilar davrasida shevalar borasida ajoyib bahs-munozara yuzaga keldi. Mazkur munozara sabab boʻlib, inson qoʻlidagi barmoqlarning shevalarda qanday atalishini oʻrganib chiqdim. Aksar shevalarda boshmaldoq, koʻrsatkich barmoq, oʻrta qoʻl, nomsiz barmoq, jimjiloq soʻzlari qoʻllanadi. Adabiy tilga ham shu soʻzlar olingan. Xalq qoʻl barmoqlariga nom berishda ularning shakli, xususiyati, vazifasini hisobga olgan. Masalan, bosh barmoq deyilishining asosiy omili birinchi barmoq ekani, barmoqlarning boshida kelishidir. Biror shaxs, narsa-buyum, oʻrin-joyni koʻrsatishga xizmat qilgani, umuman, nimagadir ishora qilgani uchun koʻrsatkich barmoq atalgan. Panjaning oʻrtasida oʻrnashgani sababli oʻrta qoʻl, oʻrta barmoq deb nomlangan. Toʻrtinchi barmoqning nofaolligi, asosan, boshqa barmoqlar bilangina vazifa bajargani uchun boʻlsa kerak, otsiz qolgan. Qizigʻi shundaki, ismsizligi oʻziga nom oʻlaroq taqilgan. Ha, toʻgʻri ilgʻadingiz, bu nomsiz barmoq yoki otsiz barmoq. Soʻnggi barmoqning jimjiloq, sinchaloq deyilishiga kichikligi bois boʻlgan.
Xalqimiz bu bilan chegaralanib qolmagan. Qoʻl barmoqlarining katta-kichikligi, bajaradigan vazifasi hamda xususiyatidan kelib chiqib, adabiy tildagidan farqli nomlarni qoʻygan. Bu nomlar orqali ayni aʼzolarga munosabatini bildirgan. Oʻzbekistonning aksar hududlarida kishilar eng kamida bittasiga, boʻlmasa, ikki-uchtasiga oʻzicha ot qoʻygan, bu nomlar haqida qoʻshiqlar toʻqigan. Toʻra Sulaymon bu haqda quyidagilarni yozadi: “Tomlarni qor bosib, eruv boshlangandan soʻng tomning boʻgʻot-ziylarida besh panja shaklida paydo boʻladigan muzlarni chumak deydilar. Bu haqda bolalar qoʻshigʻi ham bor:
Bosh barmoq,
Koʻrsa kerak (koʻrsatkich barmoq),
Oʻrta terak,
Bolali buyrak (suq, uzuk taqadigan barmoq),
Chuldur chumak (chinchaloq).
— Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanidagi qishloqlarda katta yoshli kishilar bolalarga barmoqlar nomini qofiyali qilib oʻrgatganini eslayman: boshmaldoq, barabaldoq, oʻrta qoʻl, chuldur chumak, chinachoq...
— Men ham xuddi shu tuman qishloqlaridagi shevalarga eʼtibor qaratdim. Diqqat qilinsa, uch barmoqning nomi adabiy tildagidan farqli: barabaldoq– koʻrsatkich barmoq, chuldur-chumak – nomsiz barmoq, chinachoq – jimjiloq.
Qoraqalpogʻistondagi qoʻngʻirot urugʻlari ham qoʻl barmoqlarini shunga oʻxshash atashadi: bas barmaq – bosh barmoq, balan uyrek – koʻrsatkich barmoq, ortan terek – oʻrta barmoq, shuldir shumek – nomsiz barmoq, kishkene bөbek – jimjiloq. Koʻrinadiki, ularning xalq tilida nomlanishi oʻxshash. Chinachoq, chiychanaq, kishkene bөbek atalishida ham jimjiloqning kichkinaligi hisobga olingan. Kishkene bөbek – kichkina chaqaloq demak.
Qozoq bovurlarimiz ham qoʻngʻirotlardek ataydilar: bacbarmaq – bosh barmoq, balaң үyrek – yosh oʻrdak, ortaң terek – oʻrta terak, shildir shүmek – shildiroq (bolalar oʻyinchogʻi), tittәy bөbek – kichkina chaqaloq.
Buxoroning ayrim tumanlarida bosh barmoq, bodom barmoq, oʻrta terak, hoji malak, jimjimaloq deb atash uchraydi. Bunda barmoqlarning boshlangʻichi ekani sababli bosh barmoq deyilgan, koʻrsatkich barmoqning uchi bodom uchiga oʻxshagani sababli bodom barmoq, barchasidan uzunligi uchun oʻrta terak atalgan (yaxshi oʻxshatish, ayniqsa, terak deyish bilan uzunligi aniqlashgan), boshqa barmoqlarga qaraganda kam ishlagani uchun boʻlsa kerak, hoji malak deb erkalangan, kichikligini boʻrttirish uchunmi, jimjiloq deyish bilan cheklanmay, jimjimaloq atalgan.
Bugungi ayrim oʻzbek shevalarida barmoqlarning yana boshqa nomlari bor. Masalan, Samarqandning Joʻsh aholi punktida oʻrta barmoq vortan terak deyiladi. Bu qoʻngʻirot urugʻlaridagi ortan terak deb nomlanishiga yaqin. Oʻzbek adabiy tili tarixida koʻrsatkich barmoq shahodat barmoq atalgan. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da ham shahodat barmoq soʻzi qayd qilingan va quyidagi dalillovchi misollar berilgan: Feruza pishillab unga shahodat barmogʻini oʻqtaldi. (Saʼdulla Siyoyev, “Yorugʻlik”) Berdiboy shahodat barmogʻini bigiz qilib yuqoriga koʻtardi (Zulfiya Qurolboy qizi, “Qadimiy qoʻshiq”).
Adabiy tilda nomsiz barmoq deyiladigan barmoqni mingbuloqliklar jonsiz barmoq deydi. Jonsiz barmoq deyilishining boisi shuki, bu barmoqning yakka oʻzini boshqa barmoqlar singari erkin ishlatish qiyinroq, harakati chegaralangan. Andijonliklar uni oʻzgarmas barmoq deb oʻrgangan. Yangiariqliklar adabiy tilga yaqinroq qilib otsiz barmoq deb qoʻya qoladilar. Bu barmoqqa uzuk taqilgani sababli uzuk barmoq ham deyiladi.
Qadimgi misrliklar bu barmoqda yurak bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa bor, bu barmoqdan yurakka tomon sevgi tomiri oʻtgan deb hisoblagani sababli nikoh uzugini nomsiz barmoqqa taqish odat boʻlgan. Bora-bora urfga kirgan. Bu odatni yozuvchi Nusrat Rahmat “Nomaʼlum odam hikoyasi”da bunday tasvir etgan: “ZAGS payti uzuk taqay desam, kelinning barmogʻi yoʻq. Jonim chiqib ketdi − uzukni yerga otib tashlab, bu yoqqa yoʻl olganman. Keyin bilsam, qiz bir paytlar bosmaxonada ishlagan va chimchalogʻi bilan nomsiz barmogʻini qogʻoz kesadigan apparat olib ketgan ekan”.
Qipchoq shevalarida jimjiloqning boʻbak, Namangandagi ayrim shevalarda ilikcha, Buxoroda lilicha, Fargʻonada chiychanaq, Jizzaxda chinaqay, boshqa shevalarda sinchaloq, chimchiloq degan nomlari bor.
Barmoqlar nomi xalq tilida keng tarqalgani uchun badiiy asarlarga ham koʻchgan: “Onam ham yolgʻondakam kuladi: – Ukangdi bilasan-ku?.. Shuning boriga shukr. Urpoqdan boʻlgan edi. Tugʻildi-yu, boshmaldogʻini ema ketdi. Tavba... Momong rahmatli sindiribgina qoʻydi. Ana, ikki chinachogʻiyam qiyshiq pitib qolgan” (Shukur Xolmirzayev, “Yozuvchi”). “Birdaniga tilla uzukni oʻzi koʻzi oldiga olib bordi, u yoq-bu yogʻini aylantirib, xoʻp qaragandan keyin sekingina qoʻl uzatib uni Umrinisabibining sinchalagʻiga kirgizib qoʻydi”. (Choʻlpon, “Kecha va kunduz”)
— Bizga taqdim etgan yangi topilmalaringiz va kuzatuvlaringiz uchun rahmat. Tilimiz sinoatlarini kashf etishdagi izlanishlaringiz davomli va yanada samarali boʻlishini tilaymiz.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi