Dunyoda millatni millat sifatida ushlab turgan omillar bor. Shulardan biri milliy qadriyatlarimiz, ota-bobolarimiz qarashlarini, millatning maʼnaviy qiyofasini belgilab beradigan ona tilimizdir. Bu yil oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35-yilligini nishonlayapmiz.
Oʻtgan yillar mobaynida oʻzbek tilining qadri qanchalik mustahkamlandi? Uning istiqbolini qanday koʻrmoqdamiz?
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan tashkil etilgan davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchilar uchun respublika seminarida shu kabi savollarga javob berildi.
Darhaqiqat, bugun til siyosati umummilliy harakatga aylandi, deya baralla ayta olamiz. Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingan edi. Tadbirda aynan ushbu konsepsiyani sifatli amalga oshirish boʻyicha maslahatchilar oldida turgan navbatdagi ustuvor vazifalar haqida fikr almashildi.
Seminarda soʻzga chiqqanlar davlat tilini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, oʻzbek tilining rivojlanish tendensiyalari, davlat tilida ish yuritish boʻyicha malaka oshirish ishlarini sifatli tashkil qilish masalalari yuzasidan maʼruzalar qildi.
Taʼkidlanganidek, oʻzbek tilida bepul dars berishi mumkin boʻlgan fidoyi oʻqituvchilar koʻp. Ular ishtirokida oʻzbek tilini oʻqitish, savodxonlikni oshirish boʻyicha darslar, mashgʻulotlar tashkil etish mumkin. Taassufki, maslahatchilarning aksariyati joylarda rahbarlarning xatlari, maʼruzalarini tahrir qilish bilan shugʻullanyapti. Tashkilotlarda xodimlarning oʻzbek tili boʻyicha savodxonligini oshirishga hissa qoʻshish, bu yoʻnalish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etishda ular joʻyali takliflar bilan chiqishi, tashabbus koʻrsatishi kerak. Bugun oʻzbek tilini davlat tiliga aylantirish bilan birga, uni ilm tiliga ham aylantirish gʻoyat muhimdir.
Keyingi yillarda davlat tili borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, davlat tili boʻyicha maslahatchilar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda oʻtgan davrda 100 mingdan ortiq geografik obyektning nomi belgilangan tartibda davlat reyestriga kiritildi. Hududlardagi 150 mingdan ortiq tashqi yozuvlarni davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirdi. Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan 2020-2024-yillarda 58 nomda 152 ming nusxadan ortiq sohaviy lugʻatlar va qoʻllanmalar chop etildi.
Bugungi davr bilan hamnafas boʻlish uchun davlat tilini raqamlashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Masalan, “Oʻzbek tili izohli lugʻati”ning veb-sayti – izohli.uz yaratildi. Oʻzbekcha matnlarni tahrir qilish hamda ularni lotin va kirill yozuviga oʻgirish, soʻzlarning lugʻaviy maʼnosini koʻrsatishga moʻljallangan tahrirlovchi.uz elektron dasturi ishga tushirildi.
Seminar doirasida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi.
Ushbu tanlov Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari ijrosini taʼminlash, davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish maqsadida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan 2020-yildan buyon oʻtkazib kelinadi.
Tanlov ikki yoʻnalishda – davlat tili ustuvorligi taʼminlangan “Eng namunali hudud” (tuman va shahar hokimliklari) hamda “Davlat tilida ish yuritish yoʻlga qoʻyilgan eng yaxshi tizim” yoʻnalishida oʻtkaziladi.
Tadbir doirasida mazkur tanlovning bu yilgi gʻoliblari munosib taqdirlandi. Qolaversa, unda faol ishtirok etgan tuman hokimliklari hamda respublika idoralari vakillariga maxsus sovgʻalar topshirildi.
Yana bir muhim jihat, oʻzbek tilining rivoji, uning porloq istiqboli uchun beminnat xizmat qilayotgan bir guruh yurtdoshlarimizga ham alohida eʼtibor qaratildi. Yaʼni oʻzbek tilining boyligi va goʻzalligini tarannum etgan, uni keng targʻib qilishda, maxsus kitoblarni tayyorlash va nashr etishda faol qatnashayotgan olimlar, ijodkorlar, jurnalistlar va boshqa faollar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, hududlarda oʻzbek tili rivoji uchun munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh maslahatchilar esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.