“Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi

    Moliya 2 Avgust 2022 1870

    Joriy yil 2-avgustda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining yalpi majlis oldidan qoʻmita majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Qoʻmita aʼzolari, ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, kotibiyatlar mudirlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

    Xususan, “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi Qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza haqidagi axboroti hamda 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I yarim yilligi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti dastlabki tarzda muhokama etildi.

    Senatorlar taʼkidlaganidek, “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan davlat qarzi va unga xizmat koʻrsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash nazarda tutilgan.

    Shuningdek, ushbu qonunni ishlab chiqishda davlat qarzini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha samarali yaxlit tizimni yaratishga eʼtibor qaratilgan. Qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi belgilanyapti.

    Qonun normalariga muvofiq davlat qarzini boshqarish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining vakolatlari belgilanyapti.

    Xususan, Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish boʻyicha vakolatli organ etib belgilanyapti.

    Shuningdek, majlisda Davlat dasturi 2022-yil I yarim yilligi yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasi vakilining hisoboti tinglandi.

    Taʼkidlanganidek, koʻrilgan choralar natijasida yalpi ichki mahsulot 105,4 foizni tashkil etib, 157,5 million dollarlik mablagʻlar oʻzlashtirilgan. Mahalliylashtirish davlat dasturi doirasida 28 turdagi 3 trillion 940,2 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan.

    Shu bilan birga, majlisda Davlat dasturining milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash yoʻnalishida 33 ta band ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari bugungi kunga qadar qabul qilinmagani qayd etildi.

    Shuningdek, Dastur ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratdi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza ham muhokama qilindi.

    Ushbu sohada amalga oshirilgan islohotlarga qaramasdan, korrupsiyaviy holatlar iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda kamaymayotganligi qayd etildi. 2022-yil 6 oyida davlat xaridlarida byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish hamda boshqa korrupsiya koʻrinishlari bilan bogʻliq 95 ta jinoyat fosh etilib, davlat manfaatlariga 55,2 milliard soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

    Qonun buzilishi holatlari asosan tender xarid savdolarida hujjatlarni soxtalashtirish, mahsulotlarni sunʼiy qimmat narxlarda sotib olish hamda 5,2 milliard soʻmlik xarid qilingan mahsulotlarni kirim qilmaslik va ish, xizmatlarni bajarmaslik, qoʻshib yozish yoki yetkazib bermaslik orqali sodir etilganligi aytib oʻtildi.

    Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.