Elchi Abdujabbor Rahmonzoda:

    Suhbat 10 Iyun 2021 1577

    Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish uchun mislsiz imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi arafasida ushbu mamlakatning Toshkentdagi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda “Dunyo” axborot agentligiga eksklyuziv intervyu berar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning zamonaviy tarqqiyoti to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarini bayon etdi.

    - Elchi janoblari, Siz O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga tashrifi arafasida o‘z missiyangizni bajarishga kirishdingiz. Ikki tomonlama munosabatlarimiz uchun muhim voqea bo‘ladigan mazkur tashrifdan Tojikiston tomoni nimalarni kutayotgani xususidagi fikrlaringizni o‘rtoqlashsangiz...

    - Eng avvalo, Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat ko‘rsatish men uchun katta sharaf ekanini aytishni istar edim. Mamlakatingiz bilan munosabatlar biz uchun, shubhasiz, ustuvor ahamiyatga ega.

    Darhaqiqat, mening bu mas’uliyatli lavozimga tayinlanishim Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining Tojikistonga rasmiy tashrifidek muhim tadbir arafasiga to‘g‘ri keldi.

    Mening birinchi galdagi vazifam, tabiiyki, bizning ikki tomonlama munosabatlarimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadigan ushbu tashrifning oliy darajada o‘tkazilishi bilan bog‘liqdir. Bilasizki, ushbu tashrif arafasida qator yirik tadbirlar, jumladan, Toshkentda ikki mamlakat Bosh vazirlari raisligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yana bir tadbir – 9 iyun kuni mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari ishtirokida birinchi Tojikiston – O‘zbekiston Mintaqalararo sarmoyaviy forumning o‘tkazilishi bo‘ldi. Bunday anjumanlarning tashkil etilishi nafaqat o‘zaro muloqotni mustahkamlash, balki savdo-iqtisodiy hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish imkonini ham beradi. Ushbu forum doirasida Boxtarda 730 million AQSH dollari miqdoridagi bitimlar imzolandi, 50 million AQSH dollari hajmidagi ustav kapitali bilan qo‘shma investitsiya jamg‘armasi tuzish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi. Mazkur jamg‘arma iqtisodiyotning turli jabhalarida istiqbolli qo‘shma loyihalar amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.

    Shu bilan birga, “Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashning yangi o‘sish nuqtalari” mavzusiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek, munosabatlarni yanada kengaytirish yo‘llari muhokama etildi.

    Biz ushbu tashrifni o‘zaro hamkorligimizga yangi turtki beradigan hamda Tojikiston-O‘zbekiston hamkorligining mazmunan boy ustuvorliklarini belgilab beradigan imkoniyat sifatida ko‘rmoqdamiz. Tojik-o‘zbek munosabatlarini sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqishga imkon beruvchi keng doiradagi masalalarni qamrab olgan salmoqli hujjatlar taxlami imzolash uchun tayyorlandi.

    - Barchamizga yaxshi ma’lumki, keyingi yillar davomida mamlakatlarimizning o‘zaro munosabatlarida tub ijobiy siljishlar ro‘y berdi, ko‘pgina murakkab masalalar bo‘yicha o‘zaro maqbul qarorlarga erishildi, savdo va madaniy aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Bizlarning yaxshi qo‘shnichiligimiz mustahkamlanishi, hamkorligimiz faollashuviga ko‘maklashgan asosiy omillar haqidagi fikrlaringizni o‘rtoqlashsangiz...

    - Ha, darhaqiqat xalqlarimiz davlatlararo munosabatlarning turli davrlarini boshdan kechirdi, biroq shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida biron-bir sohada hal etilmagan muammolar qolmagan.

    Biz tojik-o‘zbek strategik sherikligi yo‘lida tobora kengayib borayotgan samimiy yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qadrlaymiz. Bunday aloqalarimiz ko‘p asrlar davomida xalqlarimiz o‘rtasida mavjud bo‘lgan juda boy do‘stlik rishtalari hamda o‘zaro hurmat an’analariga asoslangan.

    Aytish mumkinki, tojik-o‘zbek munosabatlari bugungi kunda o‘ta yuqori marrada, ikki mamlakatning har tomonlama strategik sherikligi rivojlanishida esa misli ko‘rilmagan imkoniyatlarning eshiklari ochilmoqda.

    Ikki davlat yetakchilari - Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bunday yaratuvchilik jarayoniga sabab bo‘lishayotir. Biz barcha darajalarda o‘zaro hamkorlikni har jihatdan mustahkamlash va kengaytirish qarorida qat’iymiz.

    Savdo-iqtisodiy munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikning muhim qirralaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishda e’tiborga molik muvaffaqiyatlarga erishildiki, ular mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi oshishidagi barqarorlik tamoyili yuzaga kelishiga ko‘maklashdi.

    Koronavirus pandemiyasiga qaramasdan o‘tgan yili savdo aloqalarimizda pasayish kuzatilgani yo‘q. Ko‘rsatkichlarimizda o‘sish tamoyiliga erishildi. Bu an’ana joriy yilda ham davom etmoqda. Amaliy hamkorlik darajasini yanada oshirish maqsadida ikki mamlakat yaqin vaqt oralig‘ida o‘zaro savdo hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazishni strategik maqsad sifatida belgilab oldi.

    Bu maqsadni amalga oshirish, albatta, har ikki tomonning qo‘sha sa’y-harakatlarini talab etadi. Biz o‘zaro manfaatli tamoyillar asosida ishlashda davom etishimiz, hamkorlikning jozibali o‘suvchanligini saqlab qolishimiz va qishloq xo‘jaligi, transport, yuqori texnologiyalar, telekommunikatsiya va kimyo sanoati kabi sohalarda hamkorligimiz salohiyatini oshirishimiz kerak.

    Shuningdek, gumanitar va mintaqalararo almashuvlarni hamda hamkorlikni faollashtirish lozim. Hamkorlikning shunday tizimini shakllantirish kerakki, toki u bir paytning o‘zida aniq belgilab olingan ustuvorliklar bo‘yicha barcha yo‘nalishlarni qamrab olsin va oldinga qarab harakatlansin. Ishonchim komilki, Tojikiston va O‘zbekistonning ko‘pqirrali va har tomonlama amaliy hamkorligi mushtarak sa’y-harakatlar tufayli yangi va yangi marralarga ko‘tarilgani holda ikki mamlakat xalqlariga salmoqli, aniq ravshan va sezilarli manfaatlar keltiradi.

    - Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning hozirgi o‘suvchanligi yuzasidan bildirgan fikrlaringiz uchun rahmat. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari va yaqin muddatlarga mo‘ljallangan rejalari haqida nima degan bo‘lardingiz?

    - Ikki tomonlama hamkorlikning katta istiqbollari ikki mamlakat Prezidentlarining tashrif chog‘ida imzolanadigan Qo‘shma bayonot matnida bayon etiladi.

    Tojikiston va O‘zbekiston o‘zining jug‘rofiy o‘rni, iqtisodiy jihatdan biri-birini to‘ldirishi, yaqin tarixiy madaniy-gumanitar aloqalari va boshqa jihatlaridan foydalanib, quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishi mumkin.

    Birinchisi, bu yagona transport yo‘laklarini barpo etishdir. Tojikiston tomoni O‘zbekiston bilan temir yo‘llar, avtomobil va avia qatnovlar sohasida, shuningdek, tranzit tashuvlar bo‘yicha hamkorlik qilishdan manfaatdordir.

    Ikkinchi yo‘nalish savdo va sarmoyalar ko‘lamini oshirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi aloqalarni rivojlantirishdan iborat. Tojikiston hukumati o‘zbek kompaniyalarining ish faoliyatini va mamlakatingizda biznes uchun yaratilgan imkoniyatlarni olqishlaydi.

    Uchinchi yo‘nalish gumanitar aloqalarni mustahkamlash, sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha hamkorlik, ilmiy almashuvlarni faollashtirish, delegatsiyalar almashuvi va badiiy jamoalarning ijodiy safarlarini tashkil etishdan iborat.

    - O‘zbek va tojik xalqlari azaldan bir-biri bilan yonma-yon yashab kelgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, ular xuddi bir daraxtning ikki shoxiga o‘xshaydi. O‘zbekistonda tojik diasporasi, Tojikistonda esa o‘zbek diasporasi istiqomat qiladi. So‘nggi o‘zgarishlar sharoitida xalq diplomatiyasi ikki qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

    - Xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, o‘zaro ishonch davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning muhim omili bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

    Bugungi kunda, ko‘p qutblilik va globallashuv jarayoni jadal rivojlanmoqda, xalqaro munosabatlar mazmuni kun sayin boyimoqda, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar va hamkorlik doimiy ravishda kengayib bormoqda. Diplomatiya hukumatlar o‘rtasidagi aloqalar bilan cheklanmayapti, u o‘zining xilma-xilligini, keng qamrovlari va irmoqlarini namoyon etayotgani holda xalqaro munosabatlarning ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda. Xalq diplomatiyasi rasmiy diplomatiyaga qo‘shimcha quvvat beradigan muhim yo‘nalish bo‘lib qoldi.

    Bizning ko‘p asrlik o‘zaro yaqin tarixiy-madaniy aloqalarimizni hisobga olgan holda aytishim mumkinki, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik bugungi kunda ham alohida o‘rin tutadi. Ikki mamlakat madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida o‘zaro madaniy tadbirlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib borayapti. Bu, albatta, bir-birlarini o‘zaro tushunishni yaxshilash va ikki mamlakat xalqlarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekiston va Tojikistonning ilmiy-ijodiy doiralari vakillari, jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni alohida qayd etish lozim.

    So‘nggi yillarda tomonlar «Madaniyat kunlari», «Kino kunlari», boshqa turli konferensiyalar hamda uchrashuvlar kabi o‘zaro hamkorlikdagi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ular ikki xalqni yanada birlashtirish uchun ko‘prik vazifasini bajarayotir, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi.

    O‘zbekiston Prezidentining Dushanbega rasmiy tashrifi davomida o‘zbek va tojik san’at ustalari ishtirokida «Do‘stlik kechasi» konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. Aytishim mumkinki, bir sahnada o‘zbek va tojik san’atkorlarini ko‘rish kishiga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Biz yangi madaniy aloqalarni o‘rnatamiz, madaniy jamoalarning tashriflari va badiiy asarlar tarjimalari almashuvini kuchaytiramiz, birgalikda madaniy dasturlarni tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish ishlarini davom ettiramiz.

    Bir so‘z bilan aytganda, bugun Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida ko‘ptomonlama strategik hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Bunga ikki davlat rahbarlarining o‘zaro yaqin shaxsiy aloqalarisiz va ikki xalqning faol ishtirokisiz erishib bo‘lmas edi.

    - Hurmatli elchi, batafsil javoblaringiz uchun tashakkur!

    Nargis Saidaliyeva suhbatlashdi