Fargʻonada “Yormozor” tamgʻasi bilan zamonaviy isitish qozonlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi

    Yoqilayotgan koʻmir sarfi avvalgi qozonlarga qiyoslanganda besh hissaga kamaydi, isitish darajasi koʻpaydi.

    “Fargʻona issiqlik taʼmir” masʼuliyati cheklangan jamiyatida “Yormozor” tamgʻasi bilan zamonaviy isitish qozonlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    Mahsulotlar iqtisodiy tejamkor, uzoq muddat ishlash xususiyatlari bilan ajralib turadi. Yoqilayotgan koʻmir sarfi avvalgi qozonlarga qiyoslanganda besh hissaga kamaydi, isitish darajasi koʻpaydi.

    Bu yerda 20 kvadrat metrdan 10 ming kvadrat metrgacha boʻlgan oʻy- joy va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini isitishga moʻljallangan 10 turda qozonlar ishlab chiqarilmoqda. Yangi qozonlar mahalliy koʻmirda ishlaydi, issiqlik tizimi tabiiy aylanish xususiyatiga ega. Natijada, elektr energiya sarflamasdan ham bir meʼyorda issiqlik yetkazib berish imkoniyatini beradi.

    – Prezidentimiz joriy yil 3-aprel kuni ijtimoiy soha obyektlari isitish tizimlarini modernizatsiya qilish chora –tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazgan yigʻilishda, isitish tizimini isloh qilish, kam yoqilgʻi sarflagan holda sifatli issiqlik yetkazib berishni koʻpaytirishga eʼtibor qaratish borasida bergan koʻrsatmalari muhim dasturilamal boʻldi,–deydi “Fargʻona issiqlik taʼmir” MCHJ rahbari Ulugʻbek Poʻlatov. – Shu maqsadda, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yangi tajriba, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, kam xom ashyo sarflab, meʼyor talablariga mos boʻlgan issiqlik ishlab chiqaruvchi tejamkor qozonlar tayyorlashga eʼtibor beryapmiz. Mahsulotlarimiz nafaqat tejamkorligi, balki, boshqa isitish qozonlariga nisbatan arzonligi bilan ham ajralib turadi. Ayni kunda yanada tejamkor va ish sifati yuqori boʻlgan yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish borasida izlanishlar olib boryapmiz.

    “Yormozor” qozonlari bir soatda 2 kilogramm mahalliy koʻmir sarflaydi. Bu eski isitish qozonlarining isteʼmoliga nisbatan besh hissaga kam. Isitish qozonlarining koʻmir sarfi bilan bogʻliq miqdor, kuz va qish mavsumiga taqqoslab hisob-kitob qilinsa, mavsumda 100 tonnadan ortiq koʻmir tejab qolinadi.

    Dastlabki hisob- kitoblar koʻra, joriy yil yakuniga qadar aholi va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga 10 ming donadan ortiq ana shunday tejamkor isitish qozonlari yetkazib beriladi. Asosiy maqsad, kuz-qish mavsumida aholi va barcha ijtimoiy muassasalarni sifatli issiqlik bilan taʼminlash.

    Maʼlumot oʻrnida aytganda, bugungi kunda viloyatdagi 1836 ta ijtimoiy soha obyektlari koʻmir yoqilgʻisida, 459 tasi tabiiy gaz va 14 ta muassasa markazlashgan issiqlik bilan taʼminlangan. Oʻtgan mavsumda tarmoqlar uchun 24,4 mln. kub metr tabiiy gaz, 77,7 ming tonna mahalliy koʻmir yetkazib berildi. 2023-2024-yil kuz-qish mavsumi uchun 94,4 ming tonna koʻmir yetkazib berish rejalashtirilgan.

    Rasuljon Kamolov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.

    Sherzod Qoraboyev olgan suratlar.