Yildan yilga fermer xoʻjaliklarining mamlakat iqtisodiyotidagi oʻrni oʻsib boryapti. Jumladan respublikadagi mehnatga yaroqli aholining 25 foiz qismi ushbu sohada band. Fermerlar tomonidan yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 66ta mamlakatga eksport qilinyapti.
Shu bilan birga, fermer xoʻjaliklari faoliyatining huquqiy kafolatlarini taʼminlashda bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aytib oʻtildi.
Jumladan, bugungi kunda fermer xoʻjaliklari faoliyatiga oid statistik maʼlumotlarni shakllantirishda yagona amaliyot mavjud emasligi, oʻnga yaqin davlat organlari va tashkilotlari tomonidan statistik maʼlumotlar yuritilayotganligi bois fermer xoʻjaliklari soni, ularga ajratilgan yer maydonlari va boshqa statistik maʼlumotlar oʻrtasida tafovutlar mavjudligi taʼkidlandi.
Bu, oʻz navbatida, fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida aniq maʼlumotlarni shakllantirish, ularning faoliyatidagi muammolarni toʻgʻri tahlil qilish imkonini bermayapti.
Fermer xoʻjaliklari bilan sugʻurta shartnomasini elektron tartibda rasmiylashtirish imkoni mavjud emas, shuningdek, sugʻurta hodisasi yuz berganda qoplanishi lozim boʻlgan sugʻurta pulini belgilashda oʻrtacha hosildorlik koʻrsatkichini shakllantirishning yagona amaliyoti va uslubiyoti ishlab chiqilmagan.
Shuningdek, fermerlarning kredit kafolati sifatida yerga boʻlgan huquqidan foydalanish mexanizmlari mavjud emasligi oqibatida fermerning investitsion faolligi sustlashyapti.
Shu bois yerga egalik huquqi bilan bogʻliq munosabatlarni yanada takomillashtirish hamda yer munosabatlarini haqiqiy bozor munosabatlari darajasiga yetkazish lozimligi qayd etildi.
Muhokamalar soʻngida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.