“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga qanday oʻzgarishlar kiritiladi?

    Mamlakatimizda 1 Fevral 2022 3189

    Joriy yil 1-fevralda Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Senat va Komissiya aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Majlisda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqiladigan masalalar dastlabki tarzda muhokama etildi.

    Xususan “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, Qonun bilan Mehnat, Fuqarolik va Soliq kodekslariga hamda “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi.

    Xususan, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunda bolani parvarishlash taʼtillarida boʻlish vaqtining hammasini jamlaganda koʻpi bilan 6 yillik davrni ish stajiga qoʻshib hisoblash koʻzda tutilayotgani (bu ilgari 3 yil edi) qayd etildi.

    Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga koʻra, avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda elektron onlayn-auksion natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga egaligi toʻgʻrisida qoida kiritilyapti.

    Shuningdek, majlisda mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

    Xususan, koronavirus pandemiyasining respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga taʼsirini yumshatish borasida oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida 2021-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi oʻtgan yilga nisbatan 7,4 foizga, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat 8,7 foizga, qurilish ishlari 6,8 foizga, qishloq xoʻjaligi 4,0 foizga, chakana savdo aylanmasi hajmi 12,0 foizga oʻsishiga erishilgan.

    Davlat byudjeti daromadlari 164,7 trillion soʻmga ijro etilib, shundan 127,9 trillion soʻm (77,6 %) soliq tushumlari, 33,2 trillion soʻm (20,2 %) bojxona toʻlovlari hissasiga toʻgʻri kelgan.

    Fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirish uchun tuman va shahar qoʻshimcha daromad manbalarining 30 foizini hamda 14 ta tuman (shahar) byudjeti xarajatining 5 foizini
    (har bir hududdan 1 tadan), jami 407,1 milliard soʻm mablagʻ 1 600 ga yaqin loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan.

    Majlis davomida qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sh.Gʻaniyevning axboroti dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi
    Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 2021-yilda jami 515,2 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 197,5 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish joriy qilinib, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan jami yerlar 917,0 ming gektarga yoki sugʻoriladigan maydonlarning 20 foiziga yetkazilganligi qayd etildi.

    Suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish orqali paxta xomashyosini yetishtirish maqsadida 2021-yil yanvar-sentyabr oylarida 754,4 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirilgan.

    Muhokamalar jarayonida qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish, yangi uzumzorlarni barpo etish uchun burgʻulangan quduqlar qazish va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga Davlat byudjeti hisobidan ajratilgan subsidiya mablagʻlaridan, suv resurslari hamda suvni tejaydigan texnologiyalardan samarali foydalanish tartib qoidalari boʻyicha bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligi qayd etildi.

    Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan boʻlsada, ayrim holatlarda yerlarni anʼanaviy usulda sugʻorish, suvdan samarasiz foydalanish holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Mazkur kamchiliklar asosan Jizzax, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida qayd etilgan.

    Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda hududiy va tuman ishchi guruhlari masʼuliyatsizligi oqibatida koʻp hollarda joriy etilgan suvni tejaydigan texnologiyalarning loyiha hujjatlari texnik talablarga javob bermasligi va qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilganligi taʼkidlandi.

    Majlis yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.