Hind nashri: “Yangi Konstitutsiyada qonunchilikdagi noaniqliklar fuqaroning foydasiga talqin qilinishi bayon etilgan”

    Hindistonning “Public News” gazetasida Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi Temur Ahmedovning “Oʻzbekiston inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish yoʻlini tanladi” sarlavhali maqolasi hind tilida chop etildi.

    Joriy yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha referendum munosabati bilan eʼlon qilingan mazkur maqolada muallif “Yangi Asosiy qonun “davlat — jamiyat — inson” tamoyilini “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga oʻzgartirishga undaydi, yaʼni inson manfaatlarini hamma narsadan ustun qoʻymoqda”, deb taʼkidlagan.

    Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasiga koʻra, insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsiz ekani, hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻla olmasligi, shu bilan birga, fuqaroning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi noaniqliklar fuqaroning foydasiga talqin qilinishi bayon etilgan.

    “2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari boʻyicha shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish hamda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy strategiyasi qabul qilingan. Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotiga tatbiq etish mexanizmlarini takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan”, deb yozadi muallif.

    Materialda mazkur yoʻnalishdagi izchil islohotlar tufayli Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash masalalari nafaqat davlat, balki butun jamiyat nazorati ostida ekanini qayd etgan. Fuqarolik jamiyati institutlari amaldagi qonunchilik doirasida uni takomillashtirishda, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarining jamoatchilik monitoringini olib borishda, axborot-maʼrifiy faoliyatda, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish boʻyicha davriy milliy va muqobil maʼruzalar tayyorlashda faol ishtirok etayotganiga eʼtibor qaratilgan.

    Muallif Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotgani haqida aniq misollar asosida fikr yuritgan.