Unda vazirlik hamda idoralar, jamoat va xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpuslar, turdosh oliy taʼlim muassasalaridan vakillar, xorijlik ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Аnjuman avvalida akademiya rahbari Rustam Hotamov soʼz olib, ichki ishlar organlarining shonli tarixi va rivojlanish bosqichlariga toʼxtalib oʼtdi.
Taʼkidlanganidek, mustaqillikning dastlabki yillari respublikamizda murakkab vaziyat, davlat va jamiyat manfaatlariga qarshi sodir etilgan tajovuzlar, ayniqsa, uyushgan jinoyatchilikning avj olgani ushbu illatlarga barham berish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlashni taqozo etardi. Oʼsha davrda ichki ishlar idoralarining asosiy kuch va vositalari huquq-tartibotni mustahkamlash, fuqarolar hayotiga xavf solayotgan turli koʼrinishdagi jinoyatlarning oldini olishga yoʼnaltirildi. Tizimdagi islohotlarning dastlabki bosqichida Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari faoliyati qaytadan tashkil etilib, faoliyati kuchaytirildi.
Soʼnggi besh yilda ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari kompleks isloh qilindi.
Birinchi navbatda, tizimni xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil tuzilmaga aylashtirish ustuvor maqsad etib belgilandi. Oʼzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʼgʼrisida”gi qonuni qabul qilinib, sohaning huquqiy asosi yanada mustahkamlandi. Izchil islohotlar davrida sohada jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlari joriy etildi.
Xalq bilan muloqotning manzilli tizimini yoʼlga qoʼyish maqsadida ichki ishlar organlarining 85 foiz xodimi quyi tizimga, aholiga yaqinlashtirildi. Har bir mahalla uchun huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori biriktirilib, fuqarolar yigʼinlari raislarining huquq-tartibot boʼyicha oʼrinbosari vazifasi ular zimmasiga yuklatildi. Jinoyatchilikni jilovlash, hududlarning oʼziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida muhim ishlar qilindi.
“Xavfsiz poytaxt”, Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz xonadon”, “Namunali hudud”, “Jinoyatdan xoli mahalla” singari kontseptsiyalar amaliyotga tatbiq etildi. Аyniqsa fuqarolarni tashvishga solayotgan masalalarni joyida hal etish boʼyicha “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” kabi mexanizmlar, yoshlar, ehtiyojmand oilalar va ayollar bilan ishlashning “Temir daftar”, “Аyollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari” singari yangicha tartiblari asosida ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligi kuchaytirildi. Jinoyatlarning sodir etilishiga taʼsir qilayotgan omillarni barvaqt aniqlash va mavjud muammolarni “ilmiy diagnoz” qoʼyish orqali oldini olish yoʼlga qoʼyildi.
Xalqaro anjumanda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari boʼyicha qoʼmita raisi Qutbiddin Burhonov, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik boʼyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Аshita Mittal, Qozogʼiston Respublikasi IIV Qustanoy akademiyasi boshligʼi Nurlan Biekenov, Oʼzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vaziri oʼrinbosari Botir Parpiev, Bosh prokuratura akademiyasi boshligʼi Yevgeniy Kolenko, Sudьyalar oliy maktabi direktori Hojimurod Isoqovlarning maʼruzalari tinglandi.