Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsman) hisoboti muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan 9 ta asosiy soha boʻyicha ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, qonunchilikni va normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish hamda inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha monitoringlar olib borish, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish, mintaqaviy vakillari faoliyati, bola huquqlari boʻyicha vakilning faoliyati, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, Ombudsmanning idoralararo organlardagi faoliyati hamda faoliyatning ochiqligi va shaffofligi, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish sohalarida qator ishlar amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan ombudsmanga kelib tushgan ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik huquqlar bilan bogʻliq murojaatlar oʻtgan yilga nisbatan kamaygan boʻlsada, fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari hamda siyosiy huquqlari bilan bogʻliq murojaatlar soni oshganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, murojaatlar toʻliq, xolisona koʻrib chiqilmaganligi hamda murojaat mualliflariga javob xatlari oʻz vaqtida berilmaganligi oqibatida hisobot davrida kelib tushgan murojaatlarning 4 655 tasini yoki 25 foizini takroriy murojaatlar tashkil qilib, oʻtgan yilga nisbatan 2 baravarga koʻpayganligi tanqid qilindi.
Ombudsmanning aholi murojaatlari bilan ishlashda oʻtgan yildagi faoliyatiga nisbatan ijobiy oʻzgarishlarga erishilgan boʻlsada, hisobot davrida kelib tushgan 208 ta anonim murojaatda koʻtarilgan masalalarni Vakil tashabbusi bilan koʻrib chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmaganligi taʼkidlandi.
2021-yilda Ombudsman tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlarga kiritilgan jami 94 ta taʼsir chorasidan (xulosa, taqdimnoma va daʼvo ariza) 58 tasi (61 foizi) qanoatlantirilgan.
Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli davlat organlari va tashkilotlarga asosli taʼsir choralar kiritish topshiriqlari berildi.
Mazkur masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.