Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2023-yil davomida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida oʻquv kurslarini oʻtkazish rejasi ham tasdiqlandi.
Rejaga muvofiq, onlayn va oflayn shakldagi oʻquv kurslari Fargʻona viloyatida – 22-23-fevral, Buxoro viloyatida – 29-30-mart, Toshkent viloyatida – 18-19-aprel, Surxondaryo viloyatida – 17-18-may, Andijon viloyatida – 20-21-iyun, Namangan viloyatida – 22-23-iyun kunlari oʻtkazildi. Joriy yilning dastlabki olti oyida mamlakatimiz hududlarining yarmini qamrab olgan ana shu mashgʻulotlarga milliy va xalqaro ekspertlar jalb qilindi.
Har bir hududdan 50 nafar – ichki ishlar tizimi va 10 nafar – prokuratura tizimi xodimi tinglovchi sifatida ishtirok etdi. Natijada tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 350 nafar xodimi qiynoqqa solishga qarshi kurashish borasidagi xalqaro amaliyot va milliy tajriba boʻyicha oʻz bilimlarini oshirishi taʼminlandi.
Oʻquv kurslarining birinchi kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Yahyojon Abdulhaqovning videomurojaati bilan boshlandi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturining mazmun-mohiyati va ahamiyati atroflicha tushuntirildi.
Mashgʻulotlarda Milliy markaz, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-oʻqituvchilari oʻz maʼruzalari bilan faol qatnashdi.
Ishtirokchilar ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlar va boshqa gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo turlarining oldini olish sohasidagi xalqaro standartlarni koʻrib chiqdi. Shuningdek, qiynoqlar haqidagi daʼvolarni hujjatlashtirish, qamoqqa olish joylarida shafqatsiz zoʻravonlik holatlarining oldini olishda tibbiyot xodimlari zimmasiga yuklatilgan burch va masʼuliyat mavzulari muhokama qilindi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati.