Insonning salomatligi unda nafaqat kasallik yoki jismoniy nuqsonlarning yo'qligi, balki jismoniy va ruhiy xotirjamligi, salomatligini yaxshilash va muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan ham o'lchanadi.
Sog'liqni saqlash vazirligi Aholining sog'lom turmush tarzini qo'llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno ODILOVA bilan suhbatimiz aholining salomatlik ko'rsatkichlari, kasalliklarni erta aniqlash, sog'lom turmush tarzi tamoyillari xususida bo'ldi.
— Suhbatimizni sog'liqni saqlash tizimining birlamchi bo'g'inini takomillashtirish hamda aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida berilgan ko'rsatmalar va vazifalar mazmun- mohiyati bilan boshlasak.
— Tanqidiy ruhda o'tkazilgan yig'ilishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini yaxshilash, ilg'or xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini oilaviy shifokorga aylantirish, ularga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bo'yicha tibbiyot brigadalari tashkil etish, oilalar kesimida “tibbiy xarita”larni shakllantirish, aholi salomatligi holatini baholash va uning elektron bazasini yaratish xususida ko'rsatmalar berildi.
Shu o'rinda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar aholiga eng yaqin bo'lgan va eng ko'p murojaat qilinadigan tibbiyot bo'g'ini ekanligini eslatib o'tish o'rinli bo'lardi. Shu bois ular faoliyatini isloh qilish bugungi kunning muhim vazifalaridan biriga aylandi. Videoselektor yig'ilishida aholini skrining tekshiruvidan o'tkazish, chekka hududlardagi birlamchi bo'g'in tibbiyot tizimi uchun “Qishloq shifokori” dasturini joriy qilish, xususan, aholini to'g'ri ovqatlanish va jismoniy tarbiyaga o'rgatish muhimligi alohida ta'kidlandi.
Darhaqiqat, oqilona ovqatlanish, jismoniy faollik, o'z vaqtida hordiq chiqarish, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya etish, zararli odatlardan o'zini tiyish unumli mehnat qilish, inson salomatligini yaxshilashi va muhofaza qilishning muhim omillaridan sanaladi.
— Inson salomatligini belgilovchi omillar orasida tibbiyot ayni paytda qanday o'rin tutadi?
— Ko'plar o'z salomatligini tibbiy omil bilan bog'laydi. Shu sababli, tibbiyot asosan kasalliklarni davolashga ixtisoslashib, salomatlikning boshqa omillari, xususan, sog'lom turmush tarziga kam e'tibor qarata boshladi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti salomatlikni belgilovchi omillarni quyidagicha tasniflaydi: inson salomatligining 10-15 foizi ekologiya, 10-15 foizi genetika, 10-12 foizi tibbiyot tizimi darajasi, qolgan 55-60 foizi esa turmush tarziga bog'liq. Bundan ko'rinib turibdiki, biz agar turmush tarzini qanchalik to'g'ri yurita olsak — to'g'ri ovqatlansak, jismoniy faol, zararli odatlardan xoli, kun tartibimizni to'g'ri tashkil qila bilsak, shunchalik sog'lom bo'lamiz.
Genetik omil qanchalik kuchli bo'lsa-da, agar inson sog'lom turmush tarziga amal qilsa, ota yoki onadan o'tgan kasallik cheklanishi mumkin. Masalan, ota-ona agar qandli diabet yoki gipertoniya bilan og'rigan bo'lsa, farzandlar yoshligidan ortiqcha vazndan xoli bo'lishga harakat qilishi kerak. SHunda ularda genetik kasallik qo'zg'almasligi yoki 30-40 da emas, balki 70-80 yoshga to'lganida uchrashi mumkin.
— Allomalardan biri “Ming xil kasallik bor, ammo salomatlik bittadir” degan gapni aytgan. Inson salomatligi uning tibbiy madaniyati va malakasiga nechog'lik bog'liq?
— Tibbiy madaniyat deyilganda, avvalo, insonning bu boradagi tushunchalari, sog'lom bo'lishiga qaratilgan xatti-harakati, turmushdagi odatlari tushuniladi. Har birimizning o'z salomatligimizga mas'ulligimiz birinchi darajali omil sanaladi. Tibbiy madaniyatli inson shifokorga tez-tez murojaat qilib turadi. SHifokor tavsiyalariga to'liq amal qilish, emlashga chaqirganda hech qanday moneliksiz borish, istalmagan homiladorlikning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarning to'ydan oldingi tibbiy ko'rikdan to'liq o'tishi ham tibbiy madaniyat sirasiga kiradi. Har qanday kasallikni davolashda nomedikamentoz, ya'ni turmush tarzini o'zgartirishga qaratilgan davolash usuli ham muhim sanaladi. Turmush tarzimiz — bu tibbiy madaniyatimizning qanchalik darajada ekanligini ochiq-oydin ko'rsatuvchi o'ziga xos ko'zgu.
— Siz rahbarlik qilayotgan markaz, ayni paytda, aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini shakllantirishda qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda?
— Aholining sog'lom turmush tarzini qo'llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markaziga tibbiyot oliygohi va bilim yurtlari bilan bir qatorda poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan dietolog hamshiralar, kardiologlar, aholiga to'g'ri ovqatlanish bo'yicha maslahat bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash vakolati berilgan. Markaz xodimlari sanitariya-yordam muassasalari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Birinchi navbatda aholi ko'p yig'iladigan joylar — bozorlar, supermarketlar, mahallalar, korxonalarda aholining salomatlik holatini o'rganish yo'lga qo'yildi. O'rganishlar natijasiga qarab maslahat berish tizimi joriy qilindi.
Bundan tashqari, salomatlik maydonlari, sog'lom ovqatlanish yarmarkalari orqali ham aholiga maslahat berilyapti. Individual yondashuv hamda maslahatlar tizimiga o'tildi. Poliklinikaga murojaat qilgan yoki kasalxonaga borgan insonning salomatligidan kelib chiqib, individual maslahatlar berish va keyinchalik ularni lozim bo'lsa nazoratga, konsul`tatsiya va davolash reablitatsiya tadbirlariga jalb qilish amaliyoti joriy qilindi. Buni ommaviy tarzda o'tkazish maqsadida hozirgi kunda respublikada 26 ta tuman, shahar tanlab olindi. 1 dekabrdan tibbiy brigadalarni shakllantirish va aholini xatlovdan o'tkazish jarayoni boshlanganini aytib o'tish lozim. Bunda tibbiyot xodimlari har bir uyga kirib, unda yashovchilarning bo'yi, vazni, bel aylanasi, pul`si, bosimi, saturatsiyasini o'lchaydi, ovqatlanish tartibi, jismoniy faollik darajasi, zararli odatlarini o'rganadi, salomatlik holatini belgilaydi. Buning natijasida aholi to'rt guruhga ajratiladi. Birinchisi, tayanch guruh, deb atalib, unga hech qanday jismoniy va ruhiy rivojlanishda nuqsoni bo'lmagan va sog'lom turmush tarziga to'liq amal qiluvchi fuqarolar kiritiladi. Ikkinchisi, xavf darajasi past bo'lgan guruh. Unga ruhiy va jismoniy rivojlanishida nuqsoni, hech qanday surunkali va o'tkir kasalliklari bo'lmagan, biroq sog'lom turmush tarziga rioya qilmaydigan va ortiqcha vaznga ega yoki yog'li, qovurilgan ovqatlarni ko'p iste'mol qiladigan odamlar kiritiladi. Uchinchisi, xavf darajasi o'rta — sog'lom turmush tarziga rioya qilmasligi tufayli salomatligida nuqsoni borlardan iborat. Bu guruhga semizlikka chalingan, arterial gipertoniyaning ilk darajasi, immuniteti tushib ketgan, ayrim surunkali kasalliklari boru, lekin asorati aniqlanmagan bemorlar kiritildi. Oila shifokorlari ularning har biri bilan individual nazorat rejasini tuzadi, sog'lomlashtirish, davolash va reablitatsiya jarayonlarini olib boradi. To'rtinchi guruh —xavf nisbatan yuqori bo'lgan guruh sanaladi. Unga, asosan, surunkali kasallikning D kompensasiyasi davridagi bemorlar kiradi. Ular bir yilda kamida to'rt yoki olti marta shifokor nazoratida bo'lishlari, doimiy individual, reablititsiya tadbirlari bilan qamrab olinishi kerak. Buning avvalgi tizimdan farqi shundaki, endi biz ular bilan guruhlarga bo'lingan holda, individual ish olib boramiz.
— Aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashning ilg'or tajribasini joriy etish, tibbiyot muassasalari sharoitini yaxshilashga doir qanday takliflaringiz bor?
— Markazimiz bugungi topshiriq va vazifalardan kelib chiqqan holda o'z faoliyatini o'zgartirmoqda. Bizning tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibida bo'linmalarimiz bor. Ular aholi orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish bo'yicha tadbirlar tashkil etadi, tibbiyot xodimlariga uslubiy-amaliy yordam ko'rsatadi, hisobotlar yig'adi va ularni yuqori organlarga taqdim etadi. Yangi yildan boshlab bosqichma-bosqich bo'limlar faoliyati to'liq o'zgaradi, har bitta tuman, shahar ko'p tarmoqli poliklinikalarida aholiga to'g'ri ovqatlanish va jismoniy faollik bo'yicha maslahat beruvchi maxsus bo'limlar tashkil qilinadi. Aholi jismoniy holati va salomatligini o'rganish, sog'lom turmush tarzini shakllantirish borasida individual maslahat berish tizimiga o'tyapmiz.
Har birimiz o'z salomatligimizga o'zimiz mas'ul ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Buning uchun o'zimizni yaxshi ko'rishga o'rganishimiz zarur. Bu to'g'ri ovqatlanish, ya'ni fast-fud, tarkibida yog', shakar miqdori ko'p bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlaridan cheklanish, zararli odatlarga berilmaslik, doimiy jismoniy faol bo'lish, albatta, kun tartibiga rioya qilish, me'yorida uxlash va dam olish qoidalariga rioya qilishni talab etadi.
Jismoniy tarbiya oilaviy madaniyatning ajralmas qismiga aylanishi lozim. Har kuni ertalab badantarbiya mashqlarini bajarish, kechki ovqatdan so'ng oilaviy tarzda kechki sayrga chiqishni oila udumi, odatiga aylantirish ham sizga kuch-quvvat, salomatlik bag'ishlaydi.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Risolat MADIEVA suhbatlashdi