Buxoro viloyat hokimligida viloyat hokimi oʻrinbosari Botir Shahriyorov Janubiy Koreyaning “New Layer Co., Ltd”, “EGIS Co., Ltd”, “J-TOD Co.,Ltd”, kompaniyalari va “LX” korparatsiyasi vakillari Lee Kwang Se, Kang Seokchan, Park Choondong, Dongho Lee, Lim Seong Ha, Kim Jeungsoo, Jung Inhyelardan iborat delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Joriy yilning 27-sentyabridan 20-oktyabriga qadar mamlaktimizda boʻlishi rejalashtirilgan delegatsiya vakillarining asosiy maqsadi Koreya Respublikasi axborot texnolagiyalarini rivojlantirish milliy agentligining umumiy qiymati 150 ming AQSH dollari boʻlgan grand loyihasi asosida Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan Ismoil Somoniy maqbarasining “Digital Twin”, 3D-texnologiyalari va geografik maʼlumotlar yordamida birga-bir raqamli nusxasini (egizagini) yaratish va “Google maps” tizimiga biriktirish boʻyicha ishlarni amalga oshirishdan iborat.
Samimiy muloqot ruhida oʻtgan uchrashuv davomida Botir Shahriyorov loyihaning maqsad va mazmuni bilan yaqindan tanishar ekan raqamli nusxasi yaratiladigan obyektlarda tungi yoritish tizimini ham yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzining takliflarini bildirib, agar loyiha bilan birgalikda shu ishlar ham amalga oshsa buning ijobiy afzalliklari haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.
Oʻz oʻrnida koreyaliklar ham soʻnggi yillarda shaharsozlik, madaniy meros, arxeologiya sohalarida keng qoʻllanilayotgan “Digital Twin”, “D-Twin”(raqamli egizak) texnologiyasining yutuqlari boʻyicha maʼlumot berishdi. Xususan, “D-Twin” yordamida modellashtirish, obyektlar va mexanizmlarni monitoring, diagnostika hamda pragnoz qilishda foydalanish mumkinligini taʼkidlashdi. Shuningdek, uchrashuv davomida madaniy meros obyektlari 3D-platformasining kichik taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Mazkur loyiha amalga oshirilgandan soʻng orttirilgan tajriba asosida Xiva, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy qismlari, Qoraqolpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi qalʼalar, arxeologik topilmalarning 3D nusxalarini yaratish, shu kabi ishlarni doimiy olib bora oladigan texnik guruh va uskunalarni shakllantirishni qamrab oluvchi umumiy qiymati 6 mln. AQSH dollari boʻlgan grand loyihasi boʻyicha ishlarni boshlash rejalashtirilgan. Grand loyihasi muvofaqqiyatli amalga oshsa 2023-yildan ikkinchi bosqich ishlari ham boshlab yuboriladi, deb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.