Matbuot — jamiyatning oʻziga xos koʻzgusi. Unga koʻz tashlab mamlakatning asl qiyofasini, xalqning turmushini, yashash tarzini, qolaversa, bosma nashrlarni shakllantirayotgan jurnalistlarning mahoratini bilib olish qiyin emas. Ana shu gazeta va jurnallarsiz, radio-televideniyesiz hozirgi zamonda hech bir xalq koʻzlagan maqsadiga erisha olmaydi. Maʼnaviyati qashshoq, Vataniga munosib gʻoyaviy qurolga egalik qilolmagan fuqarolar oddiy olomondan farq qilmaydi. Shu sababli matbuotga, targʻibotga jiddiy eʼtibor qaratib kelinadi.

Biz matbuotni eng zamonaviy targʻibot vositasi, Vatan tarixining eng ishonchli solnomasi, maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bebaho xazinasi sifatida shakllantirishga harakat qilayapmiz. Uning erkinligini taʼminlash, haqiqat yoʻlida tolmas kurashchiligini amalda namoyish etish, kelajak avlodni chinakam vatanparvar qilib tarbiyalash — bugungi matbuotning asl maqsadi boʻlishi uchun barcha imkoniyatlar, haq-huquqlar yaratilgan. Buni biz yaqinda qabul qilingan yangi Konstitutsiyamiz misolida ham yaqqol koʻrishimiz mumkin.

Bugun mamlakatimizda matbuotga eʼtibor har qachongidan yuqori. Ayni paytda senzura oʻrnatish, jurnalist faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim hamda tazyiq oʻtkazish va boshqalar uchun javobgarlik kuchaytirilgan. Yaqin-yaqin yillargacha bunday bosim va tazyiqlar bilan bogʻliq koʻplab voqea hamda hodisalar boʻlib kelgani ham bor gap. 

Bu soʻzlarni qayd etishdan maqsad — biz erisha olmagan dovonlarni bugungi qalam sohiblari egallashsa, xalqimizga yanada mazmunli, oʻqishli, davrga mos gazeta va jurnallar nashr qilishsa. Muassislar ham oʻz nashrlari haqida chin dildan qaygʻurishsa...

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bahonasida koʻngildan koʻp gaplar oʻtadi. Darhaqiqat, chin jurnalistlar uchun aslida bayramning oʻzi yoʻq. Ular ayyom kunlari ham tinchishmaydi. Hayotning qaynoq jabhalarida boʻlishga intilishadi. Oʻzlarining bayramlarida ham birlari shodiyonalarda boʻlishsa, boshqalari ana shu tadbirni yoritish bilan mashgʻul.

Kasb bayramimiz esa ana shu serqirra sohada faoliyat yuritayotganlar uchun oʻziga xos bir sarhisob sana. Bu kun har bir tahririyat jamoasining, jurnalistning, ijodiy va texnik xodimning oʻtgan davrda qilingan ishlaridan qoniqish hosil qilish boʻyicha gazetxon yoki jurnalxon, teletomoshabin yoki radiotinglovchi oldida oʻziga hos imtihondir.

Xoʻsh, bugungi ommaviy axborot vositalari muxlisi oʻzlari sevib oʻqiydigan va koʻrib-tinglaydigan gazeta-jurnal, radio va televideniyedan koʻngli toʻlayaptimi? Radio va televidiniye kanallari rang-baranglashib, xususiylari  soni anchaga koʻpaysa ham, ammo mazmundor va tahliliy koʻrsatuvlar hamon yetarli emas. Nega?!

Toʻgʻri, XXI asr — axborot asri oʻz hukmini amalda koʻrsatmoqda. Tarixdan maʼlumki, gazetaning axborot vositasi sifatida shakllanishi uchun 2–3 asr vaqt oʻtgan boʻlsa, endilikda bir yilda, hatto bir oyda shunday inqilobiy oʻzgarishlar roʻy berayaptiki, koʻrib-bilib hayron qolasiz. Bundan 30-40 yil oldin axborot tarqatishda gazetalar oʻrnini radio va televideniye egallab olmoqda deb ayyuhannos solgan edik. Endi-chi, internet tarmoqlarida elektron gazetalar, veb-saytlar, blogerlar dunyoga kelib axborot maydonini toʻla-tekis egallab oldi. Endilikda tezkor axborot tarqatishda televideniye va radio ular oldida “ip esholmay” qoldi. Mening oʻzim xorijiy safarlar davomida Dubayda ham, Makka-yu Madinada ham oʻzimizning “yuz.uz”, “uza.uz”, “kun.uz” , “gazeta.uz”, “daryo.uz” va boshqa turli internet saytlari orqali Oʻzbekistonda yuz berayotgan voqea va hodisalardan soniya sayin xabardor boʻlib turdim. Xoʻsh, bugungi kunda ularning tezkor axborot xizmatini gazetalar uyoqda tursin, televideniye yoki radio uddalay olayaptimi?! Afsuski, unday emas.

Menimcha, gazeta va jurnallar oʻz faoliyatini zamon talablaridan kelib chiqib batamom qayta qurishi kerak. Ular tezkor axborot tarqatishda yutqazishyaptimi, demak endilikda bosma nashrlar mamlakatda yuz berayotgan olamshumul oʻzgarishlar — ulkan zavod va fabrikalar, uy-joy qurilishlari, taʼlim-tarbiya sohasidagi islohotlar, mavjud muammo va kamchiliklar haqida turkum tahliliy maqolalar, suhbatlar, reportajlar, lavha va ocherklar berib borishi kerak. Hozirgi kunda aksariyat bosma nashrlar hayotdan ancha orqada qolmoqda. Faqat internetdan foydalanib, xonada oʻtirib ishlash bilan ish bitmaydi. Tinimsiz harakat, izlanish kerak.

Bugun mamlakatda katta oʻzgarishlarni har jabhada sezasiz. Hayotdagi bu jarayon nafaqat iqtisodiyotga, balki ijtimoiy sohaga ham, maʼnaviyatga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qoʻymaydi. Shu sababdan bosma matbuot faoliyatini, mazmun-mundarijasini, zamon talablari darjasida yaxshilash, bezalishini va mohiyatini yanada yuksak saviyaga koʻtarish, bugungi matbuot oldida eng dolzarb masala boʻlib turibdi. Bu borada “Yangi Oʻzbekiston”, “XXI asr”, “Hurriyat”, “Milliy tiklanish”, “Adolat” gazetalari birmuncha oldinga qadam tashlamoqda. Ular nafaqat bosma nashr faoliyatini qayta qurish, ularning elektron veb-saytlari ham kechayu kunduz ishlashini taʼminlamoqda. Bu ibratli ishlar yaqin kelajakda oʻz samarasini berishi aniq.

Lekin hamon dolzarb tahliliy suhbatlar, yechimini kutayotgan muammolarga oid izchil mazmunli maqolalar, davr qahramonlarining ibratli hayotini aks ettiruvchi ocherklar, kamchiliklarni ayovsiz fosh etuvchi felyetonlar juda kam yoritilyapti. Gazetalar hayotdan uzilib qolmasdan, ijtimoiy jarayon bilan “qaynab-joʻshib” yashashi kerak. Hali respublikamizda jurnalistlarning nafaqat qadami, balki qalami tegmagan joylar, mavzular juda koʻp.

Avvalo, har bir axborot vositasi xodimi oʻziga yuklatilgan vazifaning naqadar muhimligini, masʼuliyatini anglashi, “muxbir”, “jurnalist” degan oʻta zalvorli soʻzning qadriga yetishi lozim.

Matbuot sahifasi – bu artilleriya maydoni emas, bir-biriga “oʻq” otadigan. Tanqidiy, muammoli mavzular oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu yerda tanlangan obyektni chuqur oʻrganib, har tomonlama tahlil qilib, yuksak masʼuliyatni his etib, soʻngra qoʻlga qalam olish va har bir soʻzni ishlatishdan oldin puxta oʻylab qogʻozga tushirish kerak. Hissiyotga berilib yengil-yelpi, oʻylanmay yozilgan tanqidiy maqolalar pufakka oʻxshab yorilib ketadi. Ularning samarasi ham boʻlmaydi.

Alohida taʼkidlash lozimki, gazeta va jurnallar adadini, oʻqishli adabiyotlar hamda muhim ijtimoiy-siyosiy kitoblarning tirajini talab darajasida oshirmasdan turib, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirib boʻlmaydi. Maʼnaviyat va mafkura — davlat siyosatining eng muhim boʻgʻinidir.

Yana bir masala. Hozirgi kunda nafaqat ishbilarmon va tadbirkorlar, balki bugungi voqelikdan xabardor ijodkor yoki gazeta-jurnal xodimi ham elektron aloqa vositasi orqali tezkor savdo tarmoqlariga ulanib, zarur texnik vosita yoki boshqalarni tez muddatda dunyoning turli burchagidan bemalol qabul qilib olishi mumkin. Bizda-chi, baʼzida gazeta va jurnallarni oʻz egalariga yetkazish uchun kunlar emas, haftalar kerak boʻlayotganday. Buyurtma kitoblarni egalariga tezkor yetkazish tizimini yoʻlga qoʻyish esa dolzarb boʻlib qolayotir.

Binobarin, maʼrifat va maʼnaviyat sohasidagi ishlar hali ham bugungi zamon talabi darajasida emasdek. Koʻpgina nashrlarning moliyaviy ahvoli nachor. Milliy mafkuramizni toʻla-toʻkis yaratib, uni xalqimizga xizmat qildirish borasida hali juda koʻp ishlar qilishimiz kerak. Bu esa faqat mustaqilligimiz tag-zaminini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xoʻsh, bugungi jurnalist qanday boʻlishi kerak? Bu savol koʻpchilik ijod ahlini qiziqtiradi. Har kuni turli ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini koʻz-koʻz qilib, ijtimoiy hayot etikasiga toʻgʻri kelmaydigan qirralarini efirga uzatayotgan ayrim blogerlar uslubini qoʻllasinmi yoki xonada oʻtirib olib internet yangiliklarini, shov-shuvli xabarlardan iborat nashrni shakllantirsinmi? Bunday xayollar har bir tahririyat xodimining fikru xayolini chulgʻab olgani rost.

Lekin endilikda gazetxon ham anoyi emas. U sizdan internetda eʼlon qilinmagan (ular ham siz kabi internetning u yogʻidan kirib bu yogʻidan chiqishadi) noyob, tesha tegmagan mavzularni, muammolarni dadil koʻtarib chiqadigan suhbat va maqolalar kutishadi. Gazetani koʻp ham bezamasdan (ayrim nashrlar faqat dizayniga eʼtibor berib, mazmun-mundarijasini esdan chiqarishadi) tosh bosadigan maqolalarni, xabar va yangiliklarni chop etishlari kerak.

Bugungi jurnalist har tomonlama mukammal ijodkor, bloger, sayt yaratuvchisi, qolaversa, radio eshittiruvchisi ham boʻlishi kerak. Endilikda mushtariy qoʻliga kechikib borgan nashrning oddiy qogʻozdan farqi qolmaydi.

Jurnalistika misoli bir ochilmagan qoʻriq. Uni har bir qalam ahli oʻzicha oʻzlashtirishga, ochishga intiladi. Kimki mahorat bilan, chuqur bilim va isteʼdod ila harakat qilsa maqsadiga erishadi. Obrazli aytganda, qoʻriqda bogʻ yaratadi, mevasidan zavqlanadi, kelajakka xizmat qilishini oʻylab, koʻngli yorishadi.

Men, bir faxriy jurnalist sifatida, zahmatkash ijod ahlining bayrami bahonasida bir muncha fikrlar bilan oʻrtoqlashdim. Aytaversam gap koʻp. Lekin gazeta va jurnallarni, kitoblarni ishtiyoq bilan oʻqiydigan, ularni izlab yuradigan davr yutuqlarini yoʻqqa chiqarmasdan, vaziyatni oʻzimiz oʻnglashimiz, kelajakka xizmat qildirishimiz kerak. Bugungi avlod taʼlim-tarbiyada, ilmiy ishlarda, ijodda, hatto ilohiyotda ham shu zaminda yashab oʻtgan ulugʻ ajdodlaridan ortda qolmasligi, ularning munosib vorisi boʻlishlari lozim.

Men hozirgi yosh avlod vakillariga nihoyatda havas qilaman. Ular bugun har qancha mehnat qilsalar, izlansalar arziydi. Zero, jurnalistning qattiq nonini qadrlaydigan, uning soʻzini eʼtiborga oladigan ajoyib zamonlarga ham yetib keldik. El-yurtni rozi qilish yoʻlida boshlangan islohotlarni targʻib etishda ishtirok etayotgan har bir qalam ahli oʻzini juda baxtli inson deb hisoblaydi. Xolislik, tezkorlik va dadillik bilan yurtimizning har bir goʻshasiga kirib borayotgan, mavjud muammolarga yechim izlayotgan jurnalistlarga matonat yor boʻlsin!

Jabbor RAZZOQOV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist