Qayd etish joizki, ikki davlat oʻrtasida soʻnggi yillarda iqtisodiy almashinuv va sarmoyaviy faoliyat rivojlanib, hamkorlik yangi pogʻonaga koʻtarilib boryapti. Koreyadan Oʻzbekistonga investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshib, mamlakatimizda qariyb mingta qoʻshma korxona faoliyat yurityapti.
Albatta, hamkorlikda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar Koreya va Oʻzbekiston uchun birdek manfaatlidir.
Muloqot davomida tomonlar dastlab shu yil sentyabr oyida Senat Raisi boshchiligidagi delegatsiyaning Janubiy Koreyaga qilgan amaliy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga eʼtibor qaratdi.
Xususan, ishlab chiqarish tarmoqlariga yangi investitsiya loyihalarini kiritish, chiqindi poligonlari negizida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash majmuasini hamkorlikda yaratish, transport-logistika sohasida qoʻshma korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash kabi yana bir qator masalalar atroflicha muhokama etildi.
Shuningdek, tomonlar sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash, Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etish yuzasidan fikr almashdilar.
Kim Chang Keonning taʼkidlashicha, Janubiy Koreya ishbilarmonlari Oʻzbekistonga investitsiya kiritishdan manfaatdor. Bunda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish, mamlakatda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Koreyadan tashqari Yaponiya va Xitoyga eksportini yoʻlga qoʻyishda mamlakat katta imkoniyatlarga ega ekanligi aytib oʻtildi.
Samimiy va amaliy ruhda kechgan muloqotda tomonlar oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni barqaror davom ettirish va investitsiya loyihalarini jadal suratda amalga oshirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.