Korrupsiyaga qarshi qanday dastur asosida kurash olib boriladi?

    Mamlakatimizda 26 Iyun 2021 3541

    “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

    Ushbu Farmon bilan 2021–2022-yillarga moʻljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda.

    Mazkur dastur 5 ta yoʻnalish va 40 ta banddan iborat boʻlib, dasturning har bir yoʻnalishi boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning aniq muddatlari va masʼul ijrochilari belgilab qoʻyilgan.

    Xususan, dasturning Korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish yoʻnalishi boʻyicha 15 ta tadbir bajarilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ular doirasida:

    - Davlat xizmatchilarining xizmat pogʻonalarida koʻtarilish shaffof mexanizmlarini joriy etish;

    - Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishini yoʻlga qoʻyish;

    - Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish;

    - Daromad va mol-mulk deklaratsiyalari boʻyicha maʼlumotlar bazasini yuritishni yoʻlga qoʻyish;

    - Yoʻl qurilishi va ekspluatatsiyasi sohasiga shaffoflik standartlarini joriy qilish va bir qator boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilanmoqda.

    Dasturning Davlat organlari faoliyati ochiqligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish” yoʻnalishi boʻyicha jami 10 ta chora-tadbir amalga oshirilishi belgilangan.

    Jumladan, mazkur yoʻnalish doirasida korrupsiyaga oid jinoyatlar boʻyicha koʻrilgan sud ishlari toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash, fuqarolar tomonidan korrupsiya holatlari haqida tezkor xabar berish imkonini kengaytirish, yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy taʼlim berish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

    Dasturning “Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish” yoʻnalishi boʻyicha 7 ta chora-tadbir amalga oshirilishi belgilangan. Mazkur yoʻnalishda “Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonun, shuningdek, davlat xaridlari, soliq imtiyozlari, yer ajratish, davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlikni oʻrnatishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ishlab chiqish; oxirgi benefitsiarga oid maʼlumotlarni olish tartibini takomillashtirish; davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida shikoyatlarni elektron shaklda taqdim qilish imkoniyatini yaratish; qonunchilikka davlat xizmatiga qabul qilish va unda faoliyat olib borishda qarindosh-urugʻchilik va boshqa suiisteʼmolchiliklarning oldini olishga qaratilgan normalarni kiritish kabi vazifalar koʻrsatib oʻtilgan.

    Shu bilan birga, dasturning “Korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish” yoʻnalishi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik choralarini belgilash, korrupsiyaning oldini olish va uning fuqarolik-huquqiy oqibatlarini bartaraf etishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish koʻzda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, “Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy qilish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish” yoʻnalishida korrupsiyaga qarshi qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ayrim normalarini implementatsiya qilish, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmogʻining Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish vazifalari belgilab qoʻyilmoqda.