Majburiy mehnatga barham berilgani eʼtirof etildi

    Agrosektor 11 Mart 2022 2200

    Cotton Campaign: Oʻzbekistonda majburiy mehnatga barham berilishining asosiy omillaridan biri prezident tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligida amalga oshirilgan tub islohotlar boʻldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi hammuassisi Bennet Friman boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    Uchrashuv avvalida Bennet Friman davlat rahbari rahnamoligida 2019-yildan buyon agrar sohadagi faoliyat gʻoyat darajada faol ravishda amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Natijalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan islohotlar va modernizatsiya jarayonlarida oʻz ifodasini topmoqda, bularni “Cotton Campaign” katta qiziqish bilan kuzatyapti.

    Xorijiy mehmonlar Oʻzbekiston hukumati paxta terimida majburiy mehnatga barham bergani muhimligini taʼkidladi. Prezident tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligida amalga oshirilgan tub islohotlar, shuningdek, majburiy mehnatga qarshi kurash boʻyicha milliy komissiyaning manfaatdor vazirliklar hamda XMТ, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikdagi keng qamrovli ishlari tufayli bularning barchasi uchun imkoniyat yaratildi.

    Yigʻilish doirasida vazir Xodjayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilgan islohotlar jarayonida qilingan ishlar haqida maʼlumot berib, agrar sohada yuzaga kelayotgan muammo va qiyinchiliklarni hal etish maqsadida izlab topilgan yoʻllarni maʼlum qildi.

    Shu tariqa, Prezident tomonidan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2030-yilgacha moʻljallangan strategiyasi”ni amalga oshirish doirasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining (hokimliklarning) fermerlarning qishloq xoʻjaligi sohasidagi faoliyatiga aralashuviga barham berildi, paxta va gʻalla yetishtirishga davlat buyurtmalari bekor qilindi, qishloq xoʻjaligida erkin raqobatni taʼminlash uchun bozor tamoyillari joriy etilyapti.

    Uchrashuvda “Cotton Campaign” dasturi koordinatori Alison Gill shunday deb taʼkidladi:

    “Aytish kerakki, bugun biz siz bilan majburiy mehnat masalalarini muhokama qilmayapmiz, balki xodimlar daromadini oshirish masalasi xususida soʻzlashmoqdamiz, bundan juda xursandman”.

    Xorijiy tomon Oʻzbekiston hukumatining fermer xoʻjaliklariga yer uchastkalarini kimoshdi savdosi asosida, hududiy va viloyat hokimliklari aralashuvisiz ajratish toʻgʻrisidagi qarorini maʼqulladi.

    Xodjayev klaster ishlab chiqarish jadal rivojlanayotganini, soʻnggi 4 yilda 1,4 milliard dollarlik investitsiyalarning asosiy qismi mamlakatimizda paxta-toʻqimachilik klasterlarini yaratishga yoʻnaltirilganini taʼkidlab oʻtdi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Shuningdek, oʻtgan yilning dekabr oyida bir hududda ikki yoki undan ortiq agroklasterlarni tashkil etish imkonini beruvchi Prezident qarori imzolangan edi, bu esa oʻz navbatida fermerlar uchun qulaylik yaratyapti, chunki ular birgalikda ish olib borish uchun bir yoki bir nechta klasterlarni tanlashi mumkin.