Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti maktab oshxonalarida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo'yicha bir qancha takliflarni ilgari surdi. Xususan:
- maktablar oshxonalarida oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha nazoratchi faoliyatini yo'lga qo'yish;
- Respublika miqyosida maktablarda bepul ovqatlanish tizimini yo'lga qo'yishning ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini tahlil qilish;
- maktab oshxonalari faoliyatini qisman subsidiyalash amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.
Mutaxassislar ushbu zaruratning sabablarini qator misollar bilan izohlab, quyidagilarni yozdi:
Bugungi kunda maktablarda tashkil qilingan oshxonalarning faoliyati sog'lom ovqatlanish talablariga yetarli darajada javob bermaydi. Ayrim maktab oshxonalarida gazli ichimliklar, yog'li yoki tezpishar yeguliklar, turli shirinliklar sotish holatlari mavjud.
2022-yil holatiga ko'ra, yurtimizda mavjud bo'lgan 10130 ta maktabning 4019 tasida oshxonalar bor, 2500 tasida esa vaqtinchalik bufetlar faoliyat ko'rsatmoqda. 3611 ta maktabda hatto bufet ham tashkil etilmagan.
Natijada o'quvchilarda to'g'ri ovqatlanish ratsioniga amal qilmaslik, ovqatdan zaharlanish, vazn ortishi kabi noxush holatlar kelib chiqmoqda.
Bunga maktab oshxonalarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar va oshpazlarning mazkur talablardan yetarli darajada xabardor emasligi hamda maktab ma'muriyatining oshxonalar faoliyatini nazorat qilishdagi kamchiliklar sabab bo'lmoqda.
Xorij davlatlarida maktab ta'limidan boshlab sog'lom ovqatlanish ratsionini shakllantirish mexanizmlari yo'lga qo'yilgan.
Jumladan, Avstraliyada maktablar oshxonalarida oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha nazoratchi faoliyat yuritadi.
Finlandiya maktabda bolalarni bepul ovqat bilan ta'minlagan dunyodagi birinchi davlat hisoblanadi. Maktab oshxonalari menyusiga yangi va pishirilgan sabzavotlar, kartoshka, guruch yoki makaron, baliq, go'sht yoki loviya, yog'siz, yarim yog'siz sut yoki achitilgan sut mahsulotlari, suv, margarinli non, rezavorlar yoki mevalar kiradi.
Maktablarda sog'lom ovqatlanish tizimi Shotlandiya, Italiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSH kabi davlatlarda ham yo'lga qo'yilgan.