Mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqida bozor mexanizmlarining shakllanishi hamda nisbatan barqarorlashuvi oʻqitishning barcha bosqichida, jumladan, professional taʼlimda ham yuqori malakali kadrlarni tayyorlash muhimligi va zarurligini koʻrsatdi. Bu esa bozor talablari asosida professional taʼlim tizimini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, mutaxassislarning mehnat bozorida oʻz yoʻlini oson topishi uchun kasbiy kompetentga ega boʻlishini taqozo etmoqda.
Endi professional taʼlim tizimining rahbar va pedagog xodimlari nafaqat pedagogika, psixologiya yoʻnalishidagi bilimlarga, shu bilan birga maʼmuriy boshqaruv koʻnikmasiga ega boʻlishi talab qilinadi. Ayni paytda, ishlab chiqarish, moliyaviy menejment, marketing va resurslar bilan taʼminlash vazifalarining oʻzaro bogʻliqligini hisobga olgan holda qarorlar qabul qilishi, tashqi va ichki muhitni tahlil qilish natijalari asosida boshqaruv faoliyatini tashkil eta bilishi lozim.
Mazkur jarayonlar professional oʻquv muassasalarining iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish bilan birga, taʼlim xizmatlari bozorida raqobat muhitini yaratish, xizmatlar sifatini oshirish va, oʻz navbatida, sohada zamonaviy fikrlaydigan, uzluksiz kasbiy rivojlanishga tayyor boshqaruv xodimlariga ehtiyojni oshirmoqda.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga asosan, kadrlar malakasini oshirish kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning chuqurlashtirilishi hamda yangilab borilishini taʼminlaydi. Kadrlarning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimi oshishiga xizmat qiladi.
Muntazam kasbiy mahorati, bilimi, koʻnikmalarini yangilab borish, yuqori samarali yangi axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni, fan-texnika yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish, boshqaruvning zamonaviy tendensiyalarini oʻzlashtirishda iqtisodiyotning turli sohasidagi boshqaruv xodimlari uchun malaka oshirish jarayoni juda muhim. Mazkur holat, oʻz navbatida, uzluksiz malaka oshirishga ehtiyojni yuzaga keltiradi va shu yoʻnalishdagi muammolarni ilmiy-tadqiqot sifatida oʻrganish uchun ham asos vazifasini oʻtaydi.
Shu bois, professional taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirishning qator shakllari nazarda tutilgan. Asosiy ishdan boʻshagan va boʻshamagan holda OTMlari huzuridagi tarmoq markazlarda va Pedagogik innovatsiyalar institutida malaka oshirish, turli tashkilotlar yoki xorijiy davlatlarda stajirovka oʻtash, yakka tartibdagi reja boʻyicha oʻqitish shaklida mustaqil taʼlim olish shular jumlasidan.
Tajriba va kuzatuvlar, tahlillarga koʻra, rahbar kadrlar asosan asosiy ishdan boʻshagan holda OTMlar huzuridagi tarmoq markazlarda va Pedagogik innovatsiyalar institutida malaka oshirmoqda. Bilim va koʻnikmani mustahkamlashning boshqa toʻgʻridan-toʻgʻri shakllari nisbatan juda kam qoʻllangan va ayrimlari boʻyicha jarayonni tashkil etish qoʻshimcha meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqishni talab etadi.
Bugunning talablariga javob berish uchun rahbar va pedagog kadrlar malakasini oshirish tizimi, avvalo, taʼlim tizimida yuz berayotgan muammo va jarayonlarga mos, asoslangan va yetarli darajada ishonchli metodologik bazani tanlashi maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, malaka oshirish tizimidagi muammoli va ziddiyatli vaziyatlarni oʻqitish tizimi rivojlanishining asosiy gʻoyalari hamda tamoyillariga tayangan holda koʻrib chiqish darkor.
Uchinchidan, malaka oshirish tizimining asosiy konseptual rivojlanishi yoʻnalishlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish usullari boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish zarurati mavjud.
Uzluksiz taʼlim nazariyasining konseptual holatlaridan farqli oʻlaroq, kattalar taʼlimi nazariyasi va amaliyoti asosida yoshi katta odam tabiatidan kelib chiqqan tamoyillar yotadi. Katta yoshli odam ehtiyoj sezmaguncha oʻqimaydi. U faqat oʻz fikriga koʻra, zarur koʻnikmalarni oʻrganadi va ish jarayonida oʻqiydi. Boshqacha qilib aytganda, yoshi katta odam taʼlim jarayonida, aniqrogʻi, uning barcha parametrini aniqlashda yetakchi rolini oʻynashga tayyor.
Xorijdagi tajribaga koʻra, oʻqitishning innovatsion modeli asosida katta yoshlilar taʼlimining nazariyasi va amaliyoti muayyan holatda shakllantirilgan. Jumladan, taʼlim oluvchining tajribasidan oʻqitish mazmunini belgilovchi manbalardan biri sifatida foydalaniladi.
XXI asrda yetakchi davlatlardagi malaka oshirish tizimida ochiq va yopiq kurslarni tashkil etish kasbiy rivojlanishda muhim omildir. Qisqa muddatli kurslarni tashkil etishda asosiy eʼtiborni oʻquv-uslubiy taʼminotni yaratishga qaratish kerak. Zero, malaka oshirish tizimini takomillashtirish oʻqitish sifatini taʼminlaydigan asosiy omillardan. Bu jarayonda professional taʼlim mutasaddilari, soha mutaxassislari va pedagoglar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tizimli yoʻlga qoʻyish, faoliyatini muvofiqlashtirish zarur boʻladi.
Shuningdek, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayonini ilgʻor xorij tajribasi (Singapur, Germaniya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Yaponiya) asosida takomillashtirish, kasbiy faoliyatda zarur boʻlgan bilim, malaka va koʻnikmalarning hayot davomida egallanishini qoʻllab-quvvatlovchi va ragʻbatlantiruvchi uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimini yaratish maqsadga muvofiq.
Professional taʼlimda malaka oshirish sifatini yuksaltirishda boshqaruv va pedagog xodimlarning shaxsiy tashabbusi asosida taʼlim olishga ehtiyoji, motivatsiyasini rivojlantirish, oʻquv jarayonida oʻzaro ishonch va xayrixohlikka asoslangan hamkorlik muhitini yaratish, taʼlim dasturlarini amalga oshirishning modulli tizimini joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi.
Bu jarayonda katta yoshdagilar taʼlimining oʻziga xos xususiyatlari bor. Shaxsiy va kasbiy jihatlarning oʻzaro bogʻliqligi, yetakchilik roli, kasbiy, ijtimoiy, maishiy va amaliy tajriba kabi omillarni hisobga olish, kasbiy faoliyat maqsadlari, vazifalari, natijalari va ehtiyojlariga muvofiqligi asosida oʻquv-uslubiy taʼminotini takomillashtirib borish muhim sanaladi.
Zayniddin XUDOYBERDIYEV,
Pedagogik innovatsiyalar, professional
taʼlim boshqaruvi hamda pedagog kadrlarni
qayta tayyorlash va ularning malakasini
oshirish instituti direktori, professor