Birgina 2020-yilda 76,5 million dollarlik ipak mahsulotlari eksporti yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, 2021-yilda esa bu koʻrsatkich 86,7 million dollarni tashkil etdi. Prognoz koʻrsatkichlariga qaraganda, 2022-yilda 95,7 million dollar miqdorida ipak mahsuloti eksportga yoʻnaltiriladi. Ipak mahsulotlari eksporti geografiyasi ham kengayib, Xitoy, Eron, Tojikiston, BAA, Vyetnam, Hindiston, Koreya, va boshqa davlatlarga yoyilib boryapti.
Oʻtgan yilda tizimda 862 ming 500 nafar aholi doimiy va mavsumiy ish bilan taʼminlangan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2022-yilda 1 million 130 ming 617 nafarga yetkazilishi koʻzda tutilgan.
Bundan koʻrinib turibdiki, xalq ham davlat ham pilla yetishtirishdan manfaatdor.
Bu kabi islohotlar natijasini qoʻshni davlatlar ham sezgani ham bor gap. Gruziya, Ozarbayjon davlatlarining vakillari pillachilik sohasida Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish uchun yurtimizga kelgani bejiz emas.
Kuni kecha Tojikiston Respublikasidan ham “Tojik pilla” tashkiloti rahbari Nazarov Nazirsho boshchiligidagi delegatsiya vakillari Fargʻona viloyatidagi “Nurli tong” MCHJ pillachilik klasteri, ipak qurti urugʻi ishlab chiqarish zavodi hamda mato toʻqish fabrikalarida boʻldi.
Tashrif davomida viloyatdagi pillani qayta ishlash korxonalari faoliyati ham oʻrganilib, kelgusida pillachilik sohasidagi Oʻzbekiston tajribasini Tojikistonda ham qoʻllash va shu orqali Dushanbe shahridagi faoliyati toʻxtab qolgan urugʻ zavodlari hamda ipak matolari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamkorlikda qayta ishga tushirilishi rejalashtirildi, deb xabar beradi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi matbuot xizmati.