Yoshlarga munosib taʼlim-tarbiya berish, iqtidor va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, munosib mehnat sharoitlari yaratish, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar koʻlami tobora taraqqiy etib kelmoqda.
2024-yil — “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb nomlanishida ham kelajagimiz boʻlgan yoshlar siyosati ustuvorligini koʻramiz. Islohotlar bir yil bilangina cheklanib qolmay, tizimli davom etmoqda. Yoshlarni ilm olishlari, tanlagan sohalarini mukammal darajada bilishlari uchun sharoitlar yaratilmoqda. Ularning har jihatdan bilimli, mahoratli boʻlishlarida oliy taʼlim muassasalari zimmasiga katta masʼuliyat yuklanadi.
Birgina, tibbiyot sohasiga toʻxtaladigan boʻlsak, unda albatta zamon bilan hamnafas boʻlish talab etiladi. Zamonaviy tibbiyot kundan kunga rivojlanib, yangi texnologiyalar joriy etib kelinmoqda. Ulardan foydalanish, amaliyotga tatbiq etish, xorijiy tillarni mukammal oʻrganish, IT texnologiyalardan xabardor boʻlish zaruratini paydo qildi. Endilikda nafaqat tibbiy taʼlim berish, balki zamonaviy kompyuter texnologiyalari, xorijiy tillarni oʻrgatishni ham talab qilmoqda.
Joriy yilning 5-fevral kuni Prezidentimiz raisligida 2024-yilda taʼlim, sogʻliqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi zarur boʻlgan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektorda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Bu bejiz emas. Asosiy maqsad, talabalar qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratib berish. Bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashda kollej-texnikum va oliygohlar ish beruvchilar bilan uzviy bogʻlaydigan tizim yaratilishi alohida taʼkidlandi. Bu bitiruvchilarni oʻzlari tanlagan kasb-hunar boʻyicha munosib ish oʻrinlari topishlarida oʻziga xos imkoniyatlar beradi.
Videoselektorda tibbiyot oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun yana bir muhim yangilik eʼlon qilindi. Yangi oʻquv yilidan boshlab, tibbiyot oliygohlari bitiruvchi kurs talabalari uchun koʻp tarmoqli shifoxonalarda ish haqi toʻlanadigan internatura yoʻlga qoʻyilishi. Mazkur yangilik talabalarimizni nazariya bilan amaliyotni uygʻun holda olib borish barobarida daromad topishlariga imkoniyat yaratadi. Hozirgi kunda institutimizda bakalavriat bosqichida 1610 nafar bitiruvchilar tahsil olmoqda. Ularning kelajakda oʻzlariga munosib ish oʻrinlari topishlarida ustoz-murabbiylar har jihatdan koʻmaklashmoqda. Masʼullar ish beruvchi muassasalar bilan uzviy hamkorlik qilib, mavjud boʻsh ish oʻrinlari yuzasidan talaba yoshlar bilan oʻrtoqlashmoqda.
Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, kasallikni erta aniqlash va davo choralarini koʻrish shifokorlar uchun hamisha dolzarb masala boʻlib kelgan. Davlatimiz rahbari bu sohada sogʻliqni saqlash yoʻnalishida qilinishi kerak boʻlgan ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi. Xususan, birlamchi tibbiyot xizmatni aholi talabiga moslashtirish ishlarini davom ettirish muhimligi qayd etildi. Tibbiyot brigadalarini shifokorlar bilan toʻldirish, toʻliq shtat birligida ishlaydigan hamshiralarni koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Sohada malakali mutaxassislar safini koʻpaytirish, mavjud ish oʻrinlari vakansiyalarini onlayn platformaga joylashtirib, mutaxassislarni ish bilan taʼminlash boʻyicha shaffof tizim yaratish vazifasi berildi.
“Kasalni davolagandan koʻra, uni oldini olgan yaxshi”, degan ibora bor. Bu hayot haqiqati bugun har jihatdan muhim. Garchi sogʻlom boʻlsada tibbiy koʻrikdan oʻtib turish hammaning yodiga kelmaydi, eʼtibor qaratmaydi. Shunday vaziyatda biz shifokorlar tibbiy koʻrikning oʻrni va ahamiyati haqida tushunchalar berib, chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar oʻtkazib kelyapmiz. Sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda koʻngilli talabalarimiz bizga koʻmakdosh. Oliygohimizda tahsil olayotgan yoshlar volontyor sifatida shahar va tumanlarda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻiboti bilan bogʻliq ishlarda har jihatdan faol. Shu kunga qadar, chekka qishloq va mahallalarda 50 dan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.
Shuningdek, 23 ta markaz, 12 ta tibbiyot oliygohi, 2 ta shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazlarining har biriga zamonaviy menejerlarni ishga olib, xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish topshirildi. Bu ishlar orqali shifokor va hamshiralarni yangicha oʻqitish, davolash sifatini oshirish, dori yozishni kamaytirish, eng muhimi – rivojlangan klinikalar muhitini olib kirish muhimligiga eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, birlamchi boʻgʻim raqamlashmagani bois, shifokor vaqtining uchdan ikki qismi hisobot toʻldirishga ketayotganligi sababli mutasaddilarga “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimlarini joriy etish vazifasi yuklatildi. Kafolatlangan paketga kirgan dorilarni elektron retsept asosida berishni yoʻlga qoʻyish topshirildi. Bu shifokorlarning vaqtini tejash, ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Onalar va goʻdaklar oʻlimining oldini olish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Xorijdan mutaxassislarni olib kelib, eng avvalo, ona va goʻdak oʻlimi yuqori 20 ta tuman va shahardagi tibbiyot xodimlarini oʻqitish topshirildi.
Bundan tashqari, Yurtboshimiz 15-16-fevral kunlari Andijon viloyatiga qilgan tashriflari davomida sanoat ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, uy-joy, aholi salomatligini mustahkamlash, farovonligini oshirish bilan bogʻliq koʻplab masalalarga eʼtibor qartib oʻtgani ham sohada malakali kadrlar tayyorlashga boʻlgan eʼtiborni oshirdi.
Xitoy va Vengriya farmatsevtika kompaniyalari Andijonga kelib, ishlab chiqarishni tashkil qilishga katta qiziqish bildirishayotgani eʼtirof etildi. Bu mamlakatlarning yirik kompaniyalari bilan kelishuvga erishib, murakkab tarkibli dori va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish choralarini koʻrish topshirildi. Taʼlimni ishlab chiqarish bilan bogʻlab, farmatsevtika klasterini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Andijonga har yili 10 ming xorijiy sayyoh arzon va sifatli tibbiy yordam olish uchun keladi. Shu munosabat bilan kardio-endo va mikroxirurgiya yoʻnalishida tibbiy xizmat eksportini ikki barobar oshirish mumkinligi taʼkidlandi. Viloyatda davolash va diagnostika xizmatlari oqilona joylashmagani koʻrsatib oʻtildi. Birgina Andijon shahrida 1,5 kilometr radiusda 8 ta shifoxona joylashgan boʻlib, ularni klaster usulida birlashtirib, aholiga yanada qulay va sifatli tibbiy xizmatni yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etilib, tibbiyot instituti klinikasi negizida koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tashkil qilish masalasini oʻrganish topshirildi.
Shifokorlar vaqtini toʻgʻri tashkil qilish orqali aholini ortiqcha kutish va ovoragarchilikka qoldirmaslik yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga Asaka tumanida shifokor va hamshiralar ishini toʻgʻri tashkil etish namunasini yaratish va barcha tumanlarda joriy qilish topshirildi. Bemorlarga koʻrsatilgan xizmatlarni muassasaning oʻzida, telefon yoki onlayn soʻrovnoma oʻtkazish orqali baholash tizimini shakllantirish vazifasi qoʻyildi. Shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlarini yangicha oʻqitish, davolash sifatini oshirish, dori yozishni kamaytirish orqali rivojlangan klinikalar muhitini olib kirish qayd etildi.
Sirasini aytganda, Davlatimiz rahbari, aholi salomatligi va tibbiy xizmat samaradorligini oshirish bilan bogʻliq har bir masalaga alohida eʼtibor va jonkuyarlik bilan yondashib, aniq maqsadlarni belgilab berdi. Bu vazifalar ijrosini taʼminlashda yoshlarga sifatli taʼlim berish, iqtidorlarni erta aniqlash va qoʻllab-quvvatlash orqali tibbiy xizmat sifatini oshirish bugungi kunning muhim amallaridan.
Madaminjon Madazimov,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.