Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 15 Oktabr 2021 1135

    2021-yil 14-oktyabrda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi BMTning mamlakat jamoasi hamda YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasida BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish boʻyicha milliy maslahatlashuv oʻtkazdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat vakillari, markaziy idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Milliy maslahatlashuvning asosiy maqsadi – Konvensiya qoidalarini amalga oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasi loyihasini muhokama qilish va mazkur loyihani yanada mukammallashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar olishdan iborat.

    Milliy maslahatlashuvda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalar muvofiqlashtiruvchisi Pyer fon Arks soʻzga chiqdi.

    Tadbirda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tomoni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 2021-yil 22-fevralda boʻlib oʻtgan 46-sessiyasida Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish tashabbusini ilgari surgani bejiz emas. Zero, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash, birinchi navbatda, jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga toʻlaqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

    Oliy Majlis Senatining 2021-yil 29-mayda boʻlib oʻtgan majlisida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi muhokama etildi va tasdiqlandi. Qonun 2021-yil 7-iyunda qabul qilindi.

    Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya Oʻzbekiston uchun 2021-yil 28-iyuldan boshlab kuchga kirishi toʻgʻrisidagi BMT Bosh kotibining xabarnomasi olindi.

    BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi nogironligi boʻlgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning taʼlim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, oʻzi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega boʻlishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.

    Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrda qabul qilingan va 2008-yil 3-mayda kuchga kirgan. 2021-yil fevral holatiga koʻra, BMTning 192 aʼzo-davlatidan 182 tasi ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi 2009-yil 27-fevralda BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani imzolagan va kelgusida ratifikatsiya qilishga ishonch bildirgan. Joriy yil 7-iyunda ushbu ishonch amaliy tasdigʻini topdi.

    Konvensiya insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati prinsiplarini oʻzida mujassamlashtirgan. Uning asosiy gʻoyasi shundan iboratki, nogironligi boʻlgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.

    Oʻzbekistonda kam taʼminlanganlar, nogironligi boʻlgan insonlar, yoshlar, ayollar va qariyalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.

    Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan noyob tajriba qoʻllanildi. Yaʼni, xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.

    Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirish maqsadida Milliy harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirildi. Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish boʻyicha manfaatdor vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.

    Markaz tomonidan Milliy harakatlar rejasining dastlabki loyihasi ishchi guruh aʼzolari takliflari asosida ishlab chiqildi. Loyiha 20 dan ziyod vazirlik va idora, 10 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotiga takliflar olish yuzasidan yuborildi.

    Milliy harakatlar rejasi loyihasi xalqaro tashkilotlar – BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlinmasi, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisiga yuborildi. Olingan takliflar asosida loyiha yanada takomillashtirildi.

    Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish orqali nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy usullar va xalqaro standartlarni joriy etish imkoni ortadi. Bu, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyilini amalga oshirishga yordam beradi.

    Milliy maslahatlashuv ishtirokchilari eʼtirof etganlaridek, Konvensiya qoidalarini amalga oshirish natijasida, birinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimini xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashtirish; ikkinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkonini kengaytirish mumkin boʻladi. Bundan tashqari Konvensiya qoidalarining bajarilishi mamlakatimizning aholini ijtimoiy himoya qilishdagi ijobiy xalqaro imiji yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.