Оdil sudlov tizimini raqamlashtirish istiqbollari

    Fikr 6 Aprel 2024 493

    Bugungi kunda O'zbekistonda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish jarayonlari tezkor sur'atlar bilan amalga oshirilmoqda. Sud organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ham asosiy yo'nalishlardan biriga aylandi.

    2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham sudlar mustaqilligini ta'minlash, ularning faoliyati samaradorligini oshirish va sud ishlarini yuritish sifatini yaxshilash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Xususan, sudlar faoliyatini to'liq raqamlashtirish, sun'iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish, vazirlik va idoralar o'rtasidagi elektron ma'lumot almashuvini yaxshilash kabi muhim chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-sentyabrdagi "Sud organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq, bu boradagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish ko'zda tutilgan. Xususan, hujjatga muvofiq ohirgi uch yilda barcha sudlarda sud majlislari audio yozib olish tizimi orqali qayd etilish, tomonlarning arizasiga ko'ra, raislik qiluvchining roziligi bilan sud majlislari bayonnomalari ham shu tizim yordamida shakllantirililishi, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida avtomatik tarzda ishlar sudyalar o'rtasida taqsimlanishi, barcha ishtirokchilarga sud majlisining vaqti va joyi haqida bepul SMS-xabarlar yuborilishi, tomonlarga sud qarorlari onlayn rejimda taqdim etilish va ularning talabiga ko'ra qog'oz shaklida berilishi tizimlari joriy etildi.

    Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-yanvardagi "Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoniga asosan, 2023-2026 yillarga mo'ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish bo'yicha qisqa muddatli Strategiya tasdiqlandi. Ushbu Strategiya doirasida quyidagi muhim vazifalar belgilab berilgan:

    • "Inson qadr-qimmati yo'lida" g'oyasi asosida tom ma'noda adolatli sud tizimini shakllantirish va uning faoliyatini xalq manfaatlari va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo'naltirish;
    • odilona sud qarorlarini qabul qilishga erishish orqali xalq, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga ishonchini mustahkamlash, har bir fuqaro ongida sud va sudyalar qiyofasini o'zining ishonchli himoyachilari sifatida qaror toptirish;
    • fuqarolar va tadbirkorlar o'z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qilishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga, sud jarayonida tortishuvchilik va tomonlar tengligi prinsiplarini to'liq amalga oshirishga, sudlarning amalda xolis bo'lishini ta'minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish;
    • sudlar faoliyatini to'liq raqamlashtirish, sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish, idoralararo elektron ma'lumot almashuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish;
    • sudyalar mustaqilligi va daxlsizligining kafolatlarini kuchaytirish, sudga hurmat qilmaslik hamda sud ishlariga aralashish holatlarining oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish;
    • sud hujjatlarining so'zsiz ijro etilishini ta'minlash, bu borada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning mas'uliyatini oshirish;
    • sudyalar va sud xodimlariga yuqori muloqot madaniyatini singdirish orqali sudga murojaat qilgan har bir fuqaro va tadbirkor sud ishlarining, pirovardida esa davlatdan mamnunlik hissini shakllantirish.

    Qabul qilingan bu chora-tadbirlar natijasida sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, sud protsessining shaffofligini ta'minlash, ma'lumot almashuvini yaxshilash orqali sud ishlarini ko'rishda tezkorlikka erishish, fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, sudga murojaat qiluvchi har bir shaxsda sud-huquq tizimidan ko'ngli to'lish hissini shakllantirish kabi ijobiy natijalarga erishiladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-1-son Farmoni ham qabul qilingan bo‘lib, mazkur Farmon sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish va raqamlashtirishning qo'shimcha choralarini nazarda tutadi.

    Farmonga ko'ra, sud hujjatlari asosida berilgan ijro hujjatlarini elektron shaklda berish (yuborish, taqdim etish) tartibi 2024 yil 1 maydan boshlab joriy etiladi. Iqtisodiy sudlar hujjatlari asosida berilgan ijro hujjatlari faqat elektron shaklda beriladi. Fuqarolik va jinoyat sudlari hujjatlari asosida berilgan hujjatlar esa qoida tariqasida elektron shaklda, shuningdek tomonlarning iltimosiga ko'ra qog'oz shaklda ham berilishi mumkin.

    Ijro hujjatlarida QR-kod qo'yiladi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi. Yuridik shaxslar shaxsiy soliq to'lovchining kabineti orqali, jismoniy shaxslar esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki terminallar orqali ijro hujjatlarini olishlari va taqdim etishlari mumkin bo'ladi.

    Qarz bo'yicha undiruv qaratish mumkin bo'lmagan fuqarolar daromadining eng kam miqdori belgilanadi va bu miqdor mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining yarmini tashkil etadi. Fuqarolarning bank hisoblaridagi pul mablag'lari shu miqdordan oshsa, undiruv qaratilishi mumkin.

    Bundan tashqari, 2024 yil 1 dekabrdan boshlab "Majburiyatlar reyestri" instituti joriy etiladi. Qarzdorning mol-mulki yo'qligidan undiruv amalga oshirilishi mumkin bo'lmagan taqdirda, u haqidagi ma'lumotlar majburiy tartibda ushbu reyestrga kiritiladi. Qarzdor majburiyatlarini bajargan, bankrot deb topilgan kabi holatlarda esa ma'lumotlar reyestrdan chiqariladi.

    Ijro hujjatlari bo'yicha xatlangan mol-mulkni realizatsiya qilish faqat elektron tizimlarni joriy etgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi va bu jarayonda internet-do'konlar orqali realizatsiya qilishga ustuvorlik beriladi.

    Shuningdek, Majburiy ijro byurosi tizimida qo'shimcha 230 ta shtat birligi ajratilib, voyaga etmaganlar manfaatlarini himoya qilish bilan shug'ullanadigan davlat ijrochilarining asosiy faoliyati yo'lga qo'yiladi.

    Farmon bilan istiqbolli vazifalar sifatida quyidagilar belgilangan:

    • elektron ijro ishlarini yuritish hamda sudlar va boshqa organlar ijro hujjatlarining yagona elektron arxivini yaratish;
    • sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ijro hujjatlari bo'yicha qarorlarni qabul qilishning raqamli tizimini yaratish;
    • ijro ishi doirasidagi korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Majburiy ijro byurosining yagona identifikatsiya va autentifikatsiya tizimini yaratish.

    Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini tubdan isloh qilish va raqamlashtirishni ko'zda tutadi. Bu borada muhim vazifalardan biri sifatida Majburiy ijro byurosi faoliyatini raqamli platformaga o'tkazish belgilangan. Natijada sud qarorlari va boshqa hujjatlarning ijro etilishi samaradorligi oshadi, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinadi.

    Bir so'z bilan aytganda, mamlakatimizda boshlangan keng ko'lamli islohotlar zamirida O'zbekiston sud tizimi to'liq raqamli platformaga o'tkazilmoqda. Uning natijasida sudlarda ish yuritish sifati va samaradorligi sezilarli darajada oshadi, aholining huquqiy himoyalanganlik darajasi yanada yuksaladi. Bu esa yangi O'zbekiston va yangi sud tizimi degan ulug'vor maqsad yo'lida qo'yilgan muhim qadamlardan biri bo'ladi.

    Sardor To‘lqinov,

    Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi