Oila mustahkamligi er-xotinning totuvligiga bogʻliq

    Ijtimoiy hayot 18 Oktabr 2022 2916

    Oila - er va xotinning yaxshi niyat bilan qurgan ittifoqi. Uning tinch-totuv va farovon boʻlishi, farzandlarning bekamu koʻst voyaga yetishi, har ikkala tomondagi qarindosh-urugʻlar bilan ahillik va totuvlikda hayot kechirishiga er va xotin birdek masʼuliyat bilan yondashsagina oila baxtli boʻladi.

    Oila aʼzolarining fikr-mulohazasini anglash, axloq-odobini nazorat qilish, oʻrinli va ezgu talab-istagini qondirish uchun ogʻir-bosiqlik, mulohazakorlik, tadbirkorlik talab qilinadi.

    Bugungi kunda oilada er-xotinning huquq va majburiyatlariga amal qilmasligi aksariyat hollarda nizolarga sabab boʻlayotgani va oxir-oqibat notinchlik ortidan qayd etilayotgan ajrimlar jamiyatimizning ogʻriqli nuqtasiga aylangani rost.

    Birgina Sirdaryo viloyatining oʻzida joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida 1 158 nafar bola ota yoki ona mehridan, toʻliq oilada yashash baxtidan benasib boʻldi.

    Bular, shubhasiz, oilalardagi maʼnaviy boʻshliq, ota-onalarning farzand tarbiyasiga eʼtiborsizligi, yoshlarning zararli odatlarga mukkasidan ketishi, mustaqil hayotga tayyor emasligi, ichkilikbozlik, giyohvandlik, hayotga yengil-yelpi qarash, oilaning muqaddasligini tushunib yetmaslik ortidan ajrim yuzaga kelishi oqibatidir.

    Ushbu davrda viloyatda ajrimlar soni 1 331 tani tashkil etdi. Eng yuqori koʻrsatkichlar Guliston shahrida 270 tani, Sirdaryo tumanida 193 tani, Boyovut tumanida 157 tani, Yangiyer shahrida 115 tani tashkil etdi.

    Toʻgʻri, ajrimlarning koʻpayib borayotgani juda achinarli holat. Ammo, ajrim sabablari tahlil qilinganida ota-onalarning farzandlari raʼyiga qaramay, orzu-havasga berilib “men ham boshqalarga oʻxshab kelin olishni istayman” deya shoshilinch toʻy qilishlari ortidan feʼl-atvori bir-biriga toʻgʻri kelmasligi sababli qayd etilgan ajrimlar 486 ta, uzoq vaqt davomida bir oila boʻlib yashamaslik sababidan 109 ta ajrim qayd etilgan. Yaʼni, er-xotin allaqachon ajrashib ketganu, ajrim rasman qayd etilmagan. Sharʼiy nikoh bilan boshqa oila qurib, farzandli boʻlgach, birinchi oilasi bilan ajrim maqsadida sudga murojaat qilish holatlari ham anchagina.

    Sabablarni tahlil qilishda davom etadigan boʻlsak, befarzandlik vajidan 186 ta ajrim rasmiylashtirilgan boʻlsa, uchinchi shaxs aralashuvi natijasida (qaynona, qaynota, qaynisingil, qaynogʻa, ovsinlar) 84 ta, migratsiya (er yoki xotinning boshqa davlatga chiqib ketishi) oqibatida 73 ta, ichkilikbozlik va narkotik moddalar isteʼmoli sababli 76 ta, xiyonat sababli esa 59 ta ajrim qayd etilgan.

    Yuqorida qayd etilganidek, ota yoki ona mehridan, toʻliq oilada yashash baxtidan benasib boʻlgan 1 158 nafar bola ham aynan oiladagi maʼnaviy boʻshliq, ota-onalarning farzand tarbiyasiga eʼtiborsizligi, yoshlarning zararli odatlarga mukkasidan ketishi, mustaqil hayotga tayyor emasligi, ichkilikbozlik, giyohvandlik, hayotga yengil-yelpi qarash, oilaning muqaddasligini tushunib yetmaslik ortidan yuzaga kelgan ajrimlar qurboni boʻlgan.

    Toʻgʻri, tushunmovchilik yuz berganda kattalarning, qoʻni-qoʻshni, mahalla-qoʻy, keng jamoatchilikning aralashuvi, nasihati bilan murosaga kelib, yarashtirish choralari koʻriladi. Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan ajrim yoqasidagi 701 ta oilalar individual suhbatlar olib borish, nizo sabablarini chuqur oʻrganib, muammoga yechim topish natijasida yarashtirilgan. Oʻzaro kelishmovchilik oqibatlari hisobga olingan holda yarashtirilgandan keyin oilada noxush holati roʻy bermasligiga kafolat boʻlsagina yarashtiruv qoʻllaniladi. Ammo, oilada zoʻravonlik, tazyiq, tan jarohati yetkazish kabi holatlar boʻlsa, muammo chuqurlashgan, oʻzaro rishtalar uzilib ketgan boʻlsa, yarashtirish imkoniyati qolmaydi. Chunki er-xotinni yarashishga majburlash yaxshilikka olib kelmaydi.

    Keling, bir necha misollarni keltirib oʻtaylik.

    Viloyatimizda istiqomat qiluvchi bir ayolning oilasi oʻrganilganda, 14 yildan buyon eri narkotik moddalar isteʼmol qilishi, oilasini boqish faqatgina ayol zimmasida ekan. Suhbat davomida u ayol er oʻzining giyohvand sheriklarini istagan vaqtda uyga boshlab kelishini, ayol ishda boʻlgan vaqtda ikki nafar qiz farzandi uyga kirishga qoʻrqib darvoza oldida onani kutib oʻtirishni, qizlarining kelajagidan xavotirga tushayotganligi sababli ajrashishga qaror qilganini aytib berdi. Aytaylik siz bu holatda ayolga eri bilan ajrashmaslikni tavsiya qila olasizmi?

    Uch nafar farzandning onasi 10 yil mobaynida oilasida eri tomonidan jismoniy zoʻravonlikka uchragan. Muttasil kaltaklanib, hali u yeri, hali bu yeri koʻkarib yuradigan ayol oilasini saqlab qolish maqsadida har safar erining aybini yashirib kelgan. Oxir-oqibatda sogʻligʻini yoʻqotib, nogiron boʻlib qolgan. Oqibatda ayol “Bu ketishda bir kuni oʻldirib qoʻysa, bolalarim koʻchada qolib ketadi” degan fikrga kelgan va ajrimga murojaat qilgan. Bu holatda koʻra-bila turib, bir ayolning qotillik qurboni boʻlishiga zamin yaratib berish mumkinmi?

    Ikki nafar farzand oʻsayotgan oilada ayol ichkilikbozlikka berilgan. Ayolini bu yoʻldan qaytarolmagan er ajrashishni soʻnggi chora sifatida tanlagan va sudga murojaat qilgan. Oʻz onasining jirkanch qiyofasini koʻrib voyaga yetayotgan farzandlar kelajagi otani xavotirga solgani uchun ham ota shu qarorga kelgan. Agar bu holat sizning yaqiningiz oilasida yuz berganida nima qilgan boʻlardingiz?

    Oilaviy qadriyatlarimiz tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, xalqimizda azaldan erkaklar oilaning ustuni hisoblangan. Har bir erkak oʻz oilasining ustuniga aylanib, unga bosh boʻlishi, tarbiya tizginini qoʻliga olishi kerak. Qolaversa katta hayotiy tajribaga nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari oilalar mustahkamligi, jamiyatimizning sogʻlomligi hamda farzandlarimizning porloq kelajagi yoʻlida oʻstirayotgan oʻgʻil-qizlarimizni toʻgʻri tarbiyalashga oʻz hissalarini qoʻshishi lozim. Zero, oila mustahkamligi yoʻlida tarbiya – sogʻlom oiladan boshlanadi.

    Nargiza Tojiboyeva,

    Sirdaryo viloyat

    Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi.