Oliy taʼlim pedagogi faoliyatidagi muammo va yechimlar

    Bugungi kunda har bir oliy taʼlim muassasasi oʻqituvchisi asosiy oʻquv faoliyati bilan bir qatorda muayyan darajada ilmiy-tadqiqot ishlari bilan ham shugʻullanadi. Baʼzi fan vakillarining fikricha, bu faoliyat bilim berib oʻqitish jarayoni bilan har doim ham hamohang, yaʼni mos kelavermaydi. Boshqalar esa bu ularning malaka va bilimlarini rivojlantirishning zaruriy sharti ekanligini taʼkidlaydilar. Ushbu maqolada biz “Pedagogik va ilmiy tadqiqot ishlarini oʻzaro uzviylikda birlashtirib olib borish mumkinmi?” degan savolga javob berishga harakat qildik.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, ilm-fanni rivojlantirish, oʻqitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy qilish, taʼlim-fan-ishlab chiqarishning oʻzaro mustahkam integratsiyasini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni koʻproq jalb etish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga katta ahamiyat berilyapti. Bundan koʻzlangan maqsad nafaqat boʻlajak yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, balki umuman taʼlim maskanlarida ilm-fanni rivojlantirishdir.

    Maʼlumki, uzluksizlik va uzviylik taʼlim tizimida ortiqcha takroriylikka chek qoʻyib, avvalo jamiyatning maʼnaviy va intellektual salohiyatini kengaytiradi, qolaversa, davlatning ijtimoiy va ilmiy-texnik taraqqiyotini takomillashtirish omili sifatida ishlab chiqarishning barqaror rivojlanishini taʼminlaydi. Shu sababli oliy taʼlim muassasasining pedagok-oʻqituvchisi taʼlim berish jarayonidagi oʻquv va ilmiy-tadqiqot faoliyatlarni munosib tarzda uygʻunlashtirish, taʼlim va ilm-fanni oʻzaro integratsiyalashuvi vazifasini amalga oshirishni taʼminlashga bevosita qodir boʻlgan asosiy subyekt boʻlib hisoblanadi.

    Hozirgi kundagi yuqori raqobatchilik sharoitida va taʼlim berishga qoʻyilgan vazifalarning qatʼiyligi tufayli zamonaviy oʻqituvchi-tadqiqotchi oʻzining ilmiy-ijodiy, innovatsion salohiyatini toʻliq ochib berishga toʻsqinlik qiladigan muammolarga duch kelishini tushunib yetishi zarur. Bunda muammolarni aniqlash va ularning ijobiy yechimini topish muhim xisoblanadi.

    Oliy taʼlim muassasasi pedagog-oʻqituvchisining malakali kadrlar tayyorlashdagi faoliyatida zarur va dolzarb boʻlgan quyidagi yettita asosiy oʻrni mavjud boʻlib, aslida bular pedagogning mehnat vazifalari talablariga ham kiritilgandir, xususan,

    • bilimlarni uzatish va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish jarayonining predmeti va bu jarayonni sifatli tashkil etish;

    • Ilmiy-tadqiqot predmeti, ilmiy-uslubiy natijalarga erishish va tadqiqot ishini tashkilotchisi;
    • ijtimoiy va shaxsiy kompetensiyalarni shakllantirish jarayonining predmeti, fuqarolik tarbiyasi, bitiruvchilarni ishga va kelajak kasbiga tayyorlash;
    • ilmiy va ishlab chiqarish jarayonining predmeti, talabalarni mavzu boʻyicha yoʻnaltirilgan faoliyatiga tegishli amaliyotni tashkil etish jarayoni;
    • taʼlim muassasasining barcha faoliyatini baynalmilallashtirish predmeti;
    • yagona natijaga erishishga qaratilgan xamjixat jamoani tizimli va aniq maqsadli faoliyati predmeti;
    • innovatsion jarayonning predmeti, umuminsoniy ijod jarayoni.

    Oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalarini oʻrganish va tahlil qilish asosida zamonaviy pedagog-oʻqituvchi 1990-2000-yillardagi fan vakili boʻlgan oʻqituvchidan farqli oʻlaroq, uning faoliyat olib borish funksiyalari juda koʻp oʻzgargan. Zamonaviy oliy taʼlim oʻqituvchisining qiyofasi oʻqituvchilarning nazarida juda konservativdir, yaʼni oʻqituvchi oʻzini olim va taʼlim resurslarini ishlab chiquvchi deb biladi, lekin salohiyatli mutaxassis va oʻqituvchi ekanliklarini kamroq bilishadi. Bugungi kunda olim taʼlim berish jarayonidagi pedagog-oʻqituvchisi eng kamida — menejer, tadbirkor, innovator, jamoatchilik bilan yaqindan aloqa olib boruvchi mutaxassis sifati shakllangan yetuk shaxs hisoblanadi. Shu bois, koʻpchilik oʻqituvchilarni ilmiy, kasbiy va kommunikativ, yaʼni nutq kompetensiyalari kabi xislatlarga erishgan boʻlishlari kerak deb hisoblashadi. Ular oʻzlarini kasbiy rivojlantirish, faoliyatlaridagi kamchiliklarni bartaraf qilish yoki bilimlarini yanada oshirish yoʻllarida izlanishga, uni tashkil etish va boshqalarni oʻzlarini ortlaridan ergashtirish koʻnikmalariga unchalik ham qiziqishmaydi, garchi ushbu xislatlar zamonaviy oliy taʼlim pedagog-oʻqituvchisi tomonidan mazkur kompetensiyalarni faol rivojlantirish maqsadga muvofiq boʻlsada.

    Kompentensiya talablariga asoslangan taʼlim modeliga oʻtish munosabati bilan oliy taʼlim oʻqituvchisining faoliyati nafaqat pedagogik, balki ilmiy-pedagogik xususiyatga ham ega boʻlib, oʻqituvchi faqat oʻzi xohlagan narsani qila olmaydi, chunki zamonaviy oliy taʼlim fan yutuqlarini ishlab chiqarishga qoʻllash va uni tijoratlashtirishni talab qiluvchi jarayonga aylanib bormoqda. Endi ilmiy tadqiqotchilik faoliyatini olib borish nafaqat pedagog-oʻqituvchining huquqi, balki uning kasbiy burchi sifatida ham eʼtiborga olinmoqda.

    Zamon talablari darajasidagi pedagog-oʻqituvchi dolzarb ilmiy tadqiqot faoliyatining subyekti sifatida samarali ilmiy izlanishlar oʻtkazish imkoniyatlarini aniqlay olishi, bir maqsadga yoʻnaltirilgan va amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ilmiy tadqiqot vazifalarini belgilashi, tadqiqot ishlarini samarali rejalashtirishi, qiziqarli gʻoya va taklif, tavsiyalarni ilgari surishi, turdosh ishlab chiqarish tarmoqlarida mavjud muammolardan kelib chiqqan holda dolzarb mavzular boʻyicha sifatli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi va uning natijalarini tez baholashi va tahlil qilish qobiliyatiga ega boʻlishi kasbiy talabga aylandi.

    Mana shulardan kelib chiqib ilmiy va pedagogik faoliyatni doimiy ravishda uygʻunlashtirish muammosi oliy taʼlim tizimida hamda ilmiy tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritayotgan koʻplab mutaxassislar uchun dolzarbdir. Taʼlim berish, yaʼni oʻqitish, odatda, ilmiy xodim uchun majburiyat emas, lekin oliy taʼlim muassasalarini pedagog-oʻqituvchilari uchun oʻz faoliyatini ilmiy-tadqiqot izlanishlarini olib borish bilan uygʻunlashtirish koʻzda tutilgan. Har bir pedagog-oʻqituvchining shaxsiy ish rejasiga oʻquv yili mobaynida bajaradigan ilmiy-tadqiqot ishlari mavzulari va natijalarini eʼlon qilish tadbirlari kiritilgan va bu faoliyat pedagog-oʻqituvchini tanlov yoʻli bilan qayta saylashda hisobga olinadi.

    Shuni taʼkidlash kerakki, mehnat faoliyatini yuritish psixologiyasi nuqtai nazaridan ilmiy tadqiqotlar olib borish va taʼlim berish koʻnikmalari bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. Tadqiqotchi, birinchi navbatda, axborot maʼlumotlari bilan oʻzaro uzviy aloqada boʻlgan va belgilangan mavzuni bajarishga yoʻnaltirilgan mutaxassisdir, pedagog-oʻqituvchi esa maʼlumotlar bilan emas, balki uni uzatadigan odamlar bilan ishlaydigan ijtimoiy jixatlarga yoʻnaltirilgan kasb egasidir.

    Psixologik nuqtai nazardan, bu faoliyatda mahoratga erishish shartlari turlicha va koʻp jihatdan, hatto bir-birini istisno qiladi. Ilmiy xodim oʻziga tegishli ichki va aqliy harakatlarni samarali bajarilishiga qaratilgan boʻlib, ularning koʻp elementlari xodimning ongida avtomatlashtirilgan tizimga keltiriladi. Shunday qilib, u ilmiy konseptual apparatdan samarali foydalanadi, u yoki bu atamani qanday aniqlash mumkinligi haqida oʻylamasdan, uni bilmaganlar uchun ochiq holda qoldiradi. Boshqalarga taʼlim berib oʻrgatish uchun pedagog-oʻqituvchi, oʻz navbatida, harakatlarni, shu jumladan intellektual narsalarni ham mumkin boʻlgan tashqi idrokda, iloji boricha batafsil tasvirlay olishi talab qilinadi, bu esa maʼlumotlar avtomatlashtirilgan tizimga mos kelmaydi. Shundan kelib chiqib qilib, uning faoliyatidagi (shu jumladan ilmiy) individual shaxsiy koʻrsatkichlari yuqori kasbiy mahorat bilan oʻziga eʼtiborni qaratadigan shaxsnikidan pastroq darajada boʻlishi aniq. Zero, ilmiy va pedagogik faoliyat oʻrtasidagi mavjud sezilarli farqlarga qaramay, ularni birlashtirish, uygʻunlashtirish mumkin va mazkur chora-tadbirlar maqsadga muvofiqdir.

    Koʻpgina vaziyatlarda tadqiqotchi oʻqituvchilarni samarali faoliyat olib borishlari uchun tadqiqot izlanishlari bajarish, nashriyot ishlari holati auditoriyada ishlashga ortiqcha yuklanishi bilan toʻsqinlik qiladi. Oʻqituvchi kuniga 3-4 juftlik dars mashgʻulotlarini oʻtkazganidan soʻng, oʻzlashtirilmagan mavzularni qayta topshirish, amaliyot hisobotlari, kurs ishlarini qabul qilgandan keyin, fan darslari taxlil qilish, boyitish va qayta ishlashga vaqt va kuchi qolmaydi. Mavzularning cheklangan doirasi xodimning “maʼruza oʻqish” darajasiga oʻtishiga, bir xil turdagi oʻxshash maʼlumotlarni ketma-ket va koʻp marta turli auditoriyalarda takrorlanishiga olib keladi. Taʼlim berishga bunday yondashuvni ijodiy ish deb atash mumkin emas. U mexanik tarzda amalga oshiriladi va natijada oʻqituvchini oʻzini ham, taʼlim oluvchilarni ham intellektual rivojlanishiga hissa qoʻshmaydi. Agar pedagog-oʻqituvchi parallel ravishda 3-4 yoki undan ortiq taʼlim bosqichlarida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishi kerak boʻlsa va oʻqitiladigan fanlar mavzulari doirasi xilma-xil boʻlsa, unda birinchi navbatda darslarga tayyorgarlik darajasi zarar koʻradi. Yaʼni oʻqituvchi dolzarb, zamonaviy maʼlumotlardan foydalanish, masalani ilmiy darajada tizimli ravishda taqdim etish oʻrniga, umumiy taʼriflar yoki oddiy va samarasiz usullarni ishlatadi (masalan, talabalardan referatlar tayyorlashni talab qiladi).

    Internetdagi materiallardan foydalanib mashgʻulotlar matnlarini hamda tezislarini tayyorlash va topshirishni afzal koʻradi.

    Bizning fikrimizcha, oʻqituvchi fan bilan samarali shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlishi uchun (Gʻarb davlatlari oliy taʼlim muassasalarida, odatda, hech kim dars yuklamalarini meʼyorlardan ortiqcha darajada bermaydi va koʻproq talab qilmaydi), yaʼni auditoriya yuklamasining maksimal miqdori haftasiga 8-10 auditoriya soatidan oshmaydi. Bizda esa hozircha ushbu koʻrsatkich qiymati baʼzan ikki yoki undan koʻp marta oshib ketadi.

    Ushbu muammoni hal qilish uchun, bizning fikrimizcha, pedagog kadrlar tarkibiga qoʻshimcha xodimlarni jalb qilish maqsadida oʻquv topshiriqlari hajmi va mazmunini, shtat birliklari jadvalini qayta koʻrib chiqib tubdan obyektiv taxlil qilish va pirovardida demak qoʻshimcha mablagʻlar ajratish lozimdir.

    Ikkinchi muammo auditoriyadagi oʻquv mashgʻulotlarini dars jadvalini tuzish bilan bogʻliq boʻlib, koʻp hollarda ilmiy ish bilan bogʻliq xususiyatlarga alohida eʼtibor bermasdan tuziladi. Natijada, qatʼiy dars jadvallari oʻqituvchilarning oʻquv jarayonlarda ishtirok etishiga va boshqa akademik harakatchanlikka toʻsqinlik qiladi.

    Ushbu muammoni hal qilish oʻquv jadvallarini shakllantirishga yangi yondashuvni oʻz ichiga oladi, bu oʻqituvchiga fan va ilmiy tadbirlarga bagʻishlashi mumkin boʻlgan bir necha kunlarni oʻquv jadvallaridan tushirishga imkon beradi. Bunday holda, fan bilan faol shugʻullanadigan muayyan oʻqituvchining xohish-istaklariga eʼtibor qaratgan holda, jadvalni oldindan tuzish kerak.

    Uchinchi, global muammo — ayrim kafedra mudirlari, fakultet rahbarlar, ayrim hollarda esa rektorat mutasaddilari tomonidan oʻqituvchining ilmiy faoliyati bilan bogʻliq real vaziyatni tushunmaslikdir. Koʻp hollarda oʻqituvchiga shunchaki maʼlum muddat ichida maʼlum miqdordagi maqolalar yozish, bir necha grantlar yutib olish, umuman oliy taʼlim muassasasi nufuzini oshirish vazifasi qoʻyiladi. Ushbu koʻrsatmalar qanday amalga oshirilishi bilan kam odam qiziqadi va ularning bajarilmasligi ish haqi bonus qismining kamayishiga olib keladi. Shu sababli, zamonaviy oʻqituvchi-tadqiqotchi yo qoʻyilgan muammolarning yechimini izlash yoki taʼlim berishdan voz kechish va diqqatini oʻqitish bilan bogʻlaydi.

    Bu muammo, oʻz navbatida, boshqa ikkita muammoni, yaʼni uzviylikga ega boʻlgan vaziyatlarni keltirib chiqaradi:

    1. Nashr faolligini amalga oshirish koʻp hollarda jurnallar (ayniqsa xorijiy) muharrirlari tomonidan belgilangan narx siyosati bilan cheklanadi. Koʻpincha yaxshi chorak(kvartal)dagi Skopus jurnalida bitta nashrning narxi 10 million soʻmdan oshadi. Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda oʻqituvchilarning maoshi bu miqdordan pastroq va har bir olim, ayniqsa, oilasi bor yoki ijarada yashaydiganlar ham pulning qaytarilishi mumkinligini taʼlim tashkiloti tomonidan hisobga olsak ham, bunday nashrni ular oʻz zimmasiga olmaydi. Ushbu muammoni hal qilish faqat universitet tomonidan muallif yoki mualliflar guruhi uchun xalqaro jurnallarda ilmiy nashrlar uchun maʼlum miqdorni oldindan ajratish, mavzu va jurnalni majburiy muvofiqlashtirish bilan mumkin.

    2. Grant va mukofotlarni taqsimlash masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Tanlov arizalarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha pul mablagʻlarini taqsimlash amaliyoti va natijalari koʻrsatganidek, respublika hukumati sanoatning muayyan tarmoqlarini rivojlantirishda olimlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning ilmidan koʻp jihatdan manfaatdor: qishloq xoʻjaligi, sanoat, tibbiyot va h.k. Hozirda xizmat koʻrsatish sohasi, turli gumanitar fanlarni qamrab oluvchi loyiha va grantlar mamlakat rahbariyatining qoʻllab-quvvatlashi uchun ustuvor ahamiyatga ega emas. Shu sababli, olimlar xususiy kompaniyalardan moliyaviy yordam soʻrashlari yoki koʻp jihatdan yaqindan hamkorlik qiluvchi korxona va tashkilotlar oʻrtasida allaqachon taqsimlangan maxsus mavzularni amalga oshirishlari kerak.

    Bizning fikrimizcha, ushbu muammoni hal qilishning mumkin boʻlgan yechimi — bu aniq tarmoqlarga yoʻnaltirilgan maxsus fondlarni tuzish, ular ham raqobat asosida qoʻllab-quvvatlanadi, ammo bu holda faoliyatning mutlaqo boshqa sohalari oʻrtasida raqobat boʻlmaydi, bu muhim tanlovlar va grantlarni yutib olish imkoniyatlarini oshiradi.

    3. Yana bir muammo oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi raqobatdir. Turli indekslar va reytinglar oliy taʼlim muassasalari rahbariyatini raqobatbardoshlikni saqlab qolish va taʼlim tashkilotlari yetakchilari qatorida boʻlish uchun qoʻl ostidagilardan maʼlum koʻrsatkichlarni yaxshilashni talab qilishga majbur qiladi. Maqolalar, ekspert xulosalari, tashqi grantlar va mukofotlarga arizalarni ommaviy ravishda nashr etish — bularning barchasi oʻqituvchilarning ilmiy ishlari va izlanishlari sifatini pasaytiradi. Ilm-fan shoshma-shosharlikda faoliyat yuritishga toqat qilmaydi. Har bir maqola, har bir texnik topshiriq muallif eʼtiborga loyiqligini va mehnatning sifatli natijasi ekanligini, raqobatbardosh va ilmiy ahamiyatga ega ekanligini anglab yetguniga qadar vaqt davomida shakllantirilishi kerak. Bizningcha, “oliy taʼlim muassasasi poygasi”da ishtirok etishni toʻxtatib, aniq foydali izlanishlarga eʼtibor qaratish, maʼlum bir soha va butun mamlakatga foyda keltiradigan ishlarga eʼtibor qaratish lozim.

    Va nihoyat, oʻqituvchining ilmiy-tadqiqotlar olib borish faoliyatini samarali rivojlantirishdagi yana bir muammo talabalar, magistrantlar va tayanch doktorantlarning oliy taʼlim muassasasini ilmiy hayotida sust daraja, yaʼni faol boʻlmagan minimal xolatdagi ishtirokidir. Ularning faoliyati faqat ulardan talab qilinadigan minimal daraja bilan chegaralanadi va maʼlum bir dastur tugagandan soʻng ularning ilmiy izlanishlarini davom ettirish haqida gap boʻlmaydi. Shu bois, oliy taʼlim muassasasi rahbariyati va professor-oʻqituvchilari tomonidan yosh olimlarni ilmiy loyihalarga jalb etish, ularni turli mukofotlar, kerak boʻlsa, baholashlar bilan ragʻbatlantirish, zamonaviy ilm-fanni yoshartirish va oliy oʻquv yurtlarining keyingi ilmiy-tadqiqot faoliyatiga qiziqishni kuchaytirishga xizmat qilishi muhim ahamiyatga ega.

    Eʼtiboringizga havola qilingan maʼlumotlar bilan biz sizga faqat eng muhim muammolarni keltirib oʻtdik. Umuman olganda, bunday muammolar koʻplab boʻlishi mumkin va ularning yechimi har doim ham aniq boʻlavermaydi. Lekin, albatta, tushunishingiz kerakki, pedagog-oʻqituvchi ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlanishi uchun u samarali ishlashi va Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya kabi chet el davlatlardagidek fanni yanada rivojlantirishi mumkin boʻlgan qulay shart-sharoitlarni yaratishi zarur boʻladi.

    Botir Usmonov,

    Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori,

    professor