Oliy taʼlimdagi tadbirkorlik oʻqitish xizmati sifati va samaradorligini oshirishga yechim boʻladimi?

    Bozor munosabatlariga oʻtish jamiyat oldiga koʻplab murakkab vazifalarni qoʻyadi. Jumladan, tadbirkorlikni rivojlantirish oliy taʼlim muassasalari faoliyatida ham muhim oʻrin egallaydi.

    Zotan, ishbilarmonlikning mohiyati ishlab chiqarish omillarining yangi kombinatsiyasini aniqlash va undan foydalanish, iqtisodiyotni taraqqiy ettirishda katta ahamiyatga ega innovatsiyalarni hayotga tatbiq etishdan iborat.

    Olimlar fikricha, tadbirkorlikni fanga ham, sanʼatga ham bogʻlab boʻlmaydi. U oʻziga xos faoliyat, amaliyotdir. Ishbilarmonlikning asosini zamonaviy bilim tashkil etadi, innovatsiyalar esa tadbirkorlar uchun alohida vositadir. Bizningcha, tadbirkorlikning muvaffaqiyatli shakllantirilishi shaxsiy manfaatni jamiyat manfaati bilan uygʻunlashtirish asosida foyda olish maqsadida investitsiya kiritish bilan bogʻliq.

    Oʻzgarish faktidan kelib chiqib, tadbirkorlik zamirida yangi imkoniyatlar yaratish xususiyati yotadi. Bozor rivojlanishining hozirgi holatidan oldin yurgan ishbilarmon ushbu afzallikdan muayyan vaqt foydalanish imkoniyatiga ega. Biznes iqtisodiy hodisa sifatida bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari (talab va taklif, raqobat, tannarx va boshqalar) amal qilishi asosida tadbirkorlarning boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan munosabatlaridagi tijorat xarakterini aks ettiradi.

    Taʼlim taalluqli boʻlgan “yumshoq” texnologiyalar sanoatida innovatsion davriylikning nomoddiy omillar bilan bogʻliq bosqichlari kelajakdagi daromadlarga katta hissa qoʻshadi. Qoʻshilgan qiymatning ushbu qismidagi asosiy elementlar tadqiqot va ishlanmalar, samarali boshqaruv jarayonida yaratiladi. Ushbu hissa innovatsion mukofot deb ataladi.

    Oʻqitish tizimi nafaqat iqtisodiy tizimning turi oʻzgargan, balki yangi ijtimoiy sharoitlarga moslashgan, oʻtish davriga bardosh beradigan, yetarlicha hayotiy tuzilmadir. Unda moslashish jarayoni qisqa vaqtda oʻtdi. Turli oliy oʻquv yurtlaridagi oʻzgarishlar natijasida mavjudlaridan farq qiluvchi yangi tashkiliy shakl va tuzilmalar yaratildi. Barcha oʻzgarishlar tashabbuskori hukumat emas, balki taraqqiyot vositasiga aylangan taʼlim muassasalarining oʻzi boʻldi.

    Bu borada nazariy va amaliy jihatdan ishlab chiqilgan yondashuv oliy taʼlim muassasasi tadbirkorlik tashkiloti deb atalganda koʻrinadi. Tashqi va ichki muhitda innovatsiyalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan ilmiy, texnik, texnologik va tashkiliy oʻzgarishlarning umumiyligi tadbirkorlik tashkilotlarining ochiqligi, moslashuvchanligi va harakatchanligini oshiradi. XXI asrda OTMlarning rivojlanish yoʻli “akademik kapitalizm” sharoitida tashkiliy va boshqaruvni qayta qurish bilan bogʻliq.

    Oliy taʼlim muassasasiga nisbatan qoʻllanadigan “tadbirkorlik tashkiloti” atamasi tashkilot ichidagi aloqalar turini va uni boshqarish usulini koʻrsatadi. Biznes modellarini toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqitish tizimiga oʻtkazish mumkin emas, ammo bugun oliy taʼlim muassasalari tijorat tashkilotlari bilan bir xil vazifaga duch kelmoqda. Bu OTMlarning qanday qilib samarali, tejamkor ishlashi, malakali kadrlar yetishtirishi bilan bogʻliq.

    OTM taʼlim xizmatlari bozoridagi xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlib, unda rahbariyat yetakchi rol oʻynaydi. Shu maʼnoda, uning tadbirkorlik tashkiloti sifatida resurslardan foydalanishni faollashtirish va qoʻshimcha manbalarni izlash, infratuzilma, filial va vakolatxonalar tarmogʻini rivojlantirish, davlat manfaatlarini iqtisodiy manfaatlari bilan uygʻunlashtirish singari oʻziga xos xususiyatlari mavjud.

    Universitet va institutlar oʻqitish sohasidagi deyarli hamma muassasa kabi foyda uchun ishlamaydigan notijorat tashkilot hisoblanadi. Mamlakatimizdagi oʻquv muassasalari “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, nizomida nazarda tutilgan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega. Shunday qilib, davlat taʼlim muassasalarining iqtisodiy mustaqillikka oʻtishi, birinchi navbatda, nizomda belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida moliya-xoʻjalik faoliyatini mustaqil amalga oshirish huquqi, shuningdek, davlat mulkining ekspluatatsiyaga berilishida namoyon boʻldi.

    OTMlar tadbirkorlik faoliyatining muhim asosi hukumat qarori boʻlib, unga koʻra talabalarni haq toʻlab ishga qabul qilishga ruxsat berildi. Ushbu qoʻshimcha moliyalashtirish manbai har bir hududdagi rivojlanish holati va yoʻnalishiga qarab shakllanadigan pulli taʼlim xizmatlari bozorini rivojlantirish yoʻlidagi birinchi qadam boʻldi.

    Ijtimoiy tizimga yoʻnaltirilganlik oliy taʼlimning tovar shakliga aylanishini kuchaytiradi va OTMlarni bozor munosabatlari ishtirokchisiga aylantiradi. Oʻquv muassasasi uchun yangi taʼlim dasturlarini joriy etish xavfi ancha yuqori. Chunki prognoz bir necha yilda ushbu mutaxassislarga boʻlgan talabni inobatga olishi kerak. Yangi dastur (tovar)larni ishlab chiqish noaniqlik sharoitida amalga oshiriladi, yaʼni prognozlash natijalari bozor talabiga mutanosib boʻlmasligi ham mumkin.

    Taʼlimda bozor munosabatlari shakllanishi mutaxassislar tayyorlash tarkibi va mazmuni oʻzgarishi bilan belgilandi. OTMlar oʻquv rejalarini shakllantirish va taʼlim dasturlarini ishlab chiqishda qisman mustaqillikka erishildi. Davlat tomonidan tartibga solinadigan bunday imkoniyatlar taʼlim muassasalarining oʻqitish xizmatlari bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash uchun juda muhim. Chunki ular oʻquv muassasasining savdo taklifini shakllantiradi.

    Pulli taʼlim xizmatlariga talab shakllanishiga bozor munosabatlariga oʻtish ham taʼsir koʻrsatdi. Bunda oʻqish uchun pul toʻlashga tayyor boy kontingent shakllandi. OTMlar birinchi marta tadbirkorlik faoliyati obyekti sifatida maktabga eʼtibor qaratdi. Oʻn yillar davomida maktab, oliy taʼlim muassasasi va qayta tayyorlash tizimi bir-biridan mustaqil faoliyat koʻrsatdi.

    Oʻzbekistonda taʼlim xizmatlari bozori shakllanishi oʻqitish tizimining barcha bosqichlarini yaxlit tizim sifatida keng qamrovli isloh qilish zaruratini taqozo etdi. OTMlar uzluksiz taʼlim jarayonini muvofiqlashtirishni oʻz zimmasiga oldi. Chunki ular bevosita isteʼmolchi uchun ishlaydi va keng miqyosda innovatsion taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun yetarli salohiyatga ega. OTMlar taqdim etayotgan taʼlim xizmatlari qoʻshimcha daromad manbaidir.

    Oliygoh oʻzi joylashgan hududning iqtisodiy rivojlanishi uchun masʼullardan. U bevosita hudud ehtiyojidan kelib chiqqan holda kadrlar tayyorlaydi. Taʼlim va mehnat bozori oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir hududiy miqyosda amalga oshiriladi. OTM hududning taʼlim salohiyatini shakllantiradi va ijtimoiy tuzilmalarga taʼsir koʻrsatadi. Bandlik va iqtisodiy faoliyatga hissa qoʻshadi.

    Koʻpgina OTMlar texnologik markazlar, biznes inkubatorlar va kichik innovatsion korxonalarni birlashtirgan. Bu uning jamiyatga doimiy ravishda yangi turdagi tovar va xizmatlar, boshqaruv usullarini taklif etish, ijtimoiy munosabatlarni shakllantirish va tajriba oʻtkazish imkonini beradi. Kichik biznes va oliy taʼlim muassasasining tadbirkorlik tashkiloti sifatidagi uygʻunligi dinamik barqarorlik va rivojlanishni taʼminlaydi. Kichik biznesning koʻp tarmoqli klasterini oʻz ichiga olgan OTM professor-oʻqituvchilar va talabalarning faol qismini tadbirkorlikka jalb etish orqali jiddiy ustunlikka ega boʻladi.

    Hudud iqtisodiyoti uchun kadrlar tayyorlaydigan OTM barcha ixtisoslikdagi talabalar uchun tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq kurslarni oʻquv jarayoniga joriy etishga eʼtibor qaratishi kerak. Biznes yuritishning zamonaviy usullarini oʻqitish, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, oliy taʼlim muassasasi negizida konsalting markazlari tarmogʻini tashkil etish — bularning barchasi ham daromad olish, ham rivojlanish uchun qulay imkoniyatdir.

    Taʼlim tizimida bozor munosabatlari rivojlanishi sharoitida tadbirkorlik faoliyatini qoʻllash nuqtalari barcha yoʻnalishlarda namoyon boʻladi: sifatli oʻqitish xizmatlarini koʻrsatishdan tortib butun boshli OTMning samarali faoliyatini taʼminlashgacha. Oliygoh tayyorlagan “mahsulot”, yaʼni kadrlarning salohiyatli mijozlari va isteʼmolchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, shartnomadagi muayyan shartlar boʻyicha oʻqituvchi va xodimlarni tanlash tashkilotning tadbirkorlik funksiyasiga taalluqlidir.

    Professor-oʻqituvchilar faoliyatida muayyan mustaqillik mavjud. Tahlil va prognoz qilish qobiliyati ishining majburiy qismidir. OTM muhitida yetakchilik fazilatiga va obroʻ-eʼtiborga ega juda koʻp odamlar bor. Ular faoliyatiga barcha turdagi yangiliklarni joriy etish uchun masʼuliyatni zimmasiga oladi, gʻoyani qanday qilib foydali haqiqatga aylantirish haqida oʻylaydi. Bu ichki tadbirkorlik yoki yirik tashkilotlar doirasida innovatsiyalar amalga oshishini taʼminlaydigan innovatsion tadbirkorlikdir.

    Taʼlim tizimida innovatsiyalar — ishbilarmonlik faoliyatining asosi. Intellektual mehnat uchun innovatsiya mavjud qarama-qarshiliklarni hal qilishning muqobil shakli boʻlib, inson faoliyatining barcha jabhasida taraqqiyotni belgilaydi. Shu maʼnoda, OTMga aholiga faqat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi ijtimoiy muassasa sifatida yondashuv eskirdi. Zamonaviy oliy taʼlim muassasasi odamlarning taʼlim olishga, mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaning kadrlarga ehtiyojini taʼminlashga qodir ilmiy-maʼrifiy tuzilma sifatida namoyon boʻlyapti.

    Davlatning umumbashariy tenglik va farovonlik yaratib berishini kutib turmasdan, voqelikni oʻzgartirishi mumkin boʻlgan imkoniyatdan unumli foydalanadigan oliy taʼlim muassasalari tadbirkorlikka ijtimoiy faoliyatning mustaqil va nufuzli turi sifatida qaraydi. Shu bilan birga, ular tadbirkorlik tavakkalchilik bilan bogʻliqligini va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muvaffaqiyatsizliklarga umumiy jarayonning elementi sifatida qaralishini biladi.

    Hamma OTM ham oʻzini oʻzi isloh qilish imkoniyatiga ega emas. Tadbirkorlik faoliyati iqtisodiy barqarorlikni yoʻqotishga duch kelgan va moliyaviy mustaqilligini saqlab qolishga intilayotgan oliy taʼlim muassasalari uchun tavsiya etilishi mumkin. Oliygohlardagi tadbirkorlik faoliyati intellektual va moddiy resurslardan foydalanish, innovatsiyalar hamda ular bilan bogʻliq xavfni baholash va sugʻurta qilish kabi belgilar bilan tavsiflanishi maqsadga muvofiq.

    Biznesning muvaffaqiyati koʻplab omillarga bogʻliq. Ular orasida eng muhimi - tadbirkorlik tashkiloti faoliyati uchun ichki ishbilarmonlik muhiti mavjudligi. Agar tadbirkorlar uzoq muddatli, toʻgʻri maqsad qoʻygan boʻlsa, muvaffaqiyatga erishadi. Strategik xulq-atvor oʻzgaruvchan muhitga moslashish uchun zarur. Garchi bu mavjud salohiyatdan oqilona foydalanishning ahamiyatini kamaytirmasa ham.

    Shu maʼnoda, OTMlar ham inson kapitalini shakllantirishga xizmat qiluvchi mexanizmlardan unumli foydalanishi talab etiladi. Jahon tajribasiga koʻra, ilgʻor universitetlar faoliyatida taʼlim xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq tadbirkorlik faoliyatiga alohida eʼtibor qaratiladi. Tabiiyki, olingan daromad OTMning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, professor-oʻqituvchilarni ragʻbatlantirishning mustahkam resurslari orqali oʻqitish sifati va kadrlarning salohiyatli etib tayyorlanishiga ijobiy taʼsir etadi.

    Botir USMONOV,

    Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori,

    tyexnika fanlari doktori, professor