Ikki mamlakat delegatsiyalarini: O‘zbekiston tomonidan – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Quvayt tomonidan – Quvayt davlat iqtisodiyot va investitsiyalar vaziri Nura Sulaymon Al-Fassam boshchilik qildi.
Kun tartibiga muvofiq tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holatini ko‘rib chiqdilar va o‘zaro hamkorlik ko‘lamini yanada oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
Ma’lumot uchun: so‘nggi 5 yilda tovar ayirboshlash, asosan, oziq-ovqat, kimyo mahsulotlari va xizmatlar yetkazib berish hajmining ko‘payishi hisobiga 5 barobardan ortiq oshdi. O‘zbekistonda Quvayt kapitali ishtirokida 7 ta korxona faoliyat yuritib kelyapti.
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida qutlov so‘zi bilan chiqqan Laziz Kudratov O‘zbekiston-Quvayt hamkorligining rivojlanish salohiyatidan to‘liq foydalanish bo‘yicha har tomonlama sa’y-harakatlarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. Ular qatorida ikki mamlakat bozorlarini tahlil qilish asosida tovar ayirboshlash doirasini kengaytirish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va imzolash, elektron tijorat sohasida hamkorlikni kengaytirish, to‘siqlarni bartaraf etish va «Made in Uzbekistan» hamda «Made in Kuwait» ko‘rgazmalarini o‘tkazish bo‘ldi.
Yirik Quvayt kompaniyalari uchun O‘zbekiston erkin iqtisodiy zonalarida keng imkoniyatlar ochilayotgani, jumladan, soliq, bojxona imtiyozlari va preferensiyalar, xomashyo va kommunal xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari qayd etildi. O‘zbekiston kompaniyalari ham Quvayt Erkin iqtisodiy zonalarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun yetarli tajriba va imkoniyatlarga ega ekanligi ta’kidlandi. Yaqin kelajakda sanoat kooperatsiyasi dasturi va ikki tomonlama sarmoyaviy shartnomalar to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Konstruktiv fikr almashish chog‘ida bank-moliya sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, Quvayt kompaniyalarining O‘zbekistonni xususiylashtirish dasturidagi ishtiroki, qishloq xo‘jaligi, turizm, transport-logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma pozitsiyalar ishlab chiqildi.
Istiqbolli sarmoyaviy imkoniyatlarni aniqlashdan tortib, Quvayt kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda biznes yaratish va rivojlantirishgacha bo‘lgan davrda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
O‘z navbatida, Iqtisodiyot va investitsiyalar davlat vaziri, Quvayt delegatsiyasi rahbari Nura Sulaymon Al-Fassom ham O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyotning ochiqligini ta’minlash va investorlar huquqlarini himoya qilishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu chora-tadbirlarning barchasi savdo-iqtisodiy hamkorlik hajmi va Quvayt ishbilarmonlarining O‘zbekistonga ishonchini oshirish uchun mustahkam asos bo‘lyapti. Vazir yangi tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, amaldagi kelishuvlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash hamda Quvayt kompaniyalarini mamlakatimizga jalb etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir yakunida Savdoni osonlashtirish to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, O‘zbekiston-Quvayt hukumatlararo komissiyasining birinchi majlisi bayonnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.