O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim, ilm-fan sohasida 50 dan ortiq anglashuv memorandumi, bitim va "Yo‘l xarita"sini imzoladi

    15–16-aprel kunlari O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan O‘zbekiston-Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi tashkil etildi.

    "2030-yil: O‘zbekiston va Tojikistonda oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari" mavzusida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan anjumanda Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda boshchiligida tashrif buyurgan 30 ga yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya va O‘zbekiston tomonidan 50 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar mas’ullari qatnashdi.

    Xalqaro anjuman oldidan O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Tojikiston Ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda bilan muzokara o‘tkazdi.

    Muloqot davomida ikki mamlakat oliy ta’lim tizimi yetakchilari oxirgi yillarda oliy ta’lim, ilm-fan sohalarida hamkorlik aloqalari kengayayotganini e’tirof etib, bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishga kelishib oldi.

    Shuningdek, tomonlar bugungi forum kun tartibiga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha fikr almashib, unda muhim kelishuvlarga erishishga ishonch bildirdi.

    Xalqaro anjumanni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov kirish so‘zi bilan ochib, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning salmoqli natijalariga to‘xtaldi.

    – Keyingi yillarda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan bu kabi forumlar ko‘plab davlatlar, shu jumladan Tojikiston Respublikasi bilan ham ta’lim sohasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Bugungi anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad inson kapitalini, yuqori intellektual salohiyatni rivojlantirish, nazariy-amaliy shakllantirish, kasbiy mahoratini oshirish va ikki davlat hududidagi ulkan tabiiy resurslarni ilmiy-institutsional boshqarishga qodir kadrlarni tayyorlashdan iborat. Shunday ekan, mazkur forum kun tartibiga qo‘yilgan masalalar chuqur hamkorlikni amalga oshirish va uni yangi cho‘qqiga ko‘tarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishish hamda ilmiy va ta’lim sohasida o‘zaro fikr almashish imkonini beradi, – dedi Q. Sharipov.

    Anjumanda so‘zga chiqqan Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda o‘z nutqida O‘zbekiston-Tojikiston aloqalari qator jabhalarda keng rivojlanayotganiga e’tibor qaratib, endilikda oliy ta’lim, ilm-fan sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun tabiiy shart-sharoitlar yuzaga kelganini ta’kidladi.

    – Hamkorlik doirasida biz oliy ta’lim muassasalariaro aloqalarni yangi sifat darajasiga olib chiqish hamda ta’lim sifatini oshirish borasidagi amaliy harakatlar bizning asosiy maqsadlarimizdan biriga aylanadi. Shu paytgacha O‘zbekistonning 30 ta oliy ta’lim muassasasi Tojikistonning 15 dan ortiq ilmiy va ta’lim tashkilotlari bilan qator yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘yganini va bundan keyin ham ishonchim komilki, ushbu hamkorlik har tomonlama kengayib borishini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman, – dedi R.Saidzoda.

    So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalaridagi aloqalar sezilarli darajada faollashganini qayd etishdi. Hamkorlik o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, ilmiy anjumanlar, dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha kengashlar ishida ishtirok etish, ikki davlat olimlari tomonidan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishni o‘z ichiga oladi.

    Hozirda yurtimizning 5 ta oliy ta’lim muassasasida ta’lim tojik tilida yuritilayotgan maktablar uchun kadrlar tayyorlanadi. 2020/2021 o‘quv yilida tojik tilidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul parametrlari ikki baravar oshirildi.

    Xalqaro anjuman o‘z ishini yalpi yig‘ilishi bilan davom ettirdi. Unda dastlab Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda ushbu forumning ahamiyatiga to‘xtaldi.

    So‘ng Samarqand davlat universitet rektori, professor Rustam Xolmurodov “Sifatli ta’lim tizimi – hudud barqaror rivojlanishining muhim omili”, Tojikiston milliy universitet rektori Emomali Nasriddinzoda “Oliy ta’lim transformatsiyasi va uning ta’lim sifatiga ta’siri, samarali boshqaruv va bitiruvchiarni ish bilan ta’minlash muammolari”, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori, professor Botir Usmonov “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimining ustuvor yo‘nalishlari. 2030 strategiyasi”, Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Mahmadshoh Gulzoda “Barqaror kelajak uchun ta’lim: xalqaro hamkorlik strategiyalari va amaliy yondashuvlar” mavzularida ma’ruza qilishmoqda.

    Forum o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Seksiyalar ishida universitetlarning fan va ta’lim integratsiyasi, ilmiy tadqiqotlar yaqinlashuvi borasidagi O‘zbekiston va Tojikiston tajribasi muhokama qilinib, ta’lim sifatini ta’minlash, bilimlarni baholash va samarali boshqaruv masalalari bo'yicha tajriba almashildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro aloqalar xususiyatlari bo‘yicha fikrlar tinglanib, hamkorlikdagi istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi.

    Forum yakunida oliy ta’lim, ilm-fan sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashinuvni kengaytirish va manfaatli aloqalarning boshqa dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha 50 dan oshiq anglashuv memorandumi, bitim va «Yo‘l xarita»lari imzolandi.