Gibrid formatda o‘tkazilgan tadbirda Fransiyaning ilmiy va akademik hamjamiyati, tahlil markazlari, rasmiy doira vakillari, iqtisodchilar va jamoat arboblari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar eʼtiboriga fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Tadbir doirasida mamlakatimizda 2023 yil «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili» deb eʼlon qilingani hamda 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida ham so‘z yuritildi. Shuningdek, maʼmuriy islohotlar, OAV erkinligi, aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, qashshoqlikni qisqartirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va boshqa mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi, O‘zbekiston haqidagi film namoyish etildi.
Mari-Pol Dukot, «Outre terre» uyushmasi raisi:
-Biz so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayapmiz. Mazkur tadbir O‘zbekistonda, xususan, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi tub o‘zgarishlar haqida so‘nggi maʼlumotlar olish imkonini berdi, shuningdek, maʼmuriy islohotlar, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish haqidagi axborot menda katta taassurot qoldirdi.
Jak Furer, mustaqil ekspert:
- Men o‘zining muhtasham meʼmoriy yodgorliklari va madaniy merosi bilan insonlarni o‘ziga jalb etuvchi bu go‘zal mamlakatga borishni orzu qilaman.
O‘zbekiston institutsional islohotlarning muhim bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Konstitutsiyaviy islohot mamlakatni uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining ishonchli asosi, respublikada amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning huquqiy poydevori bo‘lishi kerak.
Fursatdan foydalanib, yangi 2023 yilda O‘zbekistonga ravnaq va farovonlik tilayman.