O'zbekistonda oziq-ovqat radiatsion nurlantirish orqali qayta ishlanadi

    Mamlakatimizda ilk bor ko'p tarmoqli Nurlantirish markazi tashkil etilmoqda va u 2023-yilda ish boshlashi rejalashtirilgan.

    BMT ma'lumotlariga ko'ra, jahonda yetishtiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining uchdan bir qismi tashish va saqlash vaqtida sifatini yo'qotib, yaroqsiz holga keladi. Bu dunyo aholisining o'ndan biri yetarlicha oziq-ovqat bilan ta'minlanmayotgan bugungi sharoitda katta yo'qotishdir.

    Xo'sh, mahsulotlarning foydali xususiyatlari va salomatlik uchun xavfsizligini kafolatlagan holda, ularni saqlash muddatini ikki, uch, hatto, o'n barobarga uzaytirish mumkinmi? Mutaxassislar bunga ha, albatta, deya javob bermoqda. Ko'plab davlatlarda, allaqachon, mahsulotlarni uzoq vaqt saqlashda kimyoviy yoki muzlatish usullaridan ancha samarali, xavfsiz va zamonaviy bo'lgan tinch atom texnologiyalaridan foydalanilyapti.

    Ya'ni, oziq-ovqat mahsulotlari ionlashtiruvchi nurlanish yordamida qayta ishlanib, ularning tarkibidagi tez chirishiga sabab bo'luvchi zararli zamburug' sporalari, bakteriya koloniyalari, parazit va hasharotlar 99 foizgacha yo'q qilinadi. Bu mahsulotlarning ta'mi va xushbo'yligini o'zgartirmagan holda saqlash muddatini bir necha bor oshirish imkonini beradi. Shu usulda qayta ishlangan tibbiyot uskunalaridan esa odamlar uchun xavfsiz bo'lgan radiatsiya bilan davolashda foydalanilyapti.

    O'zbekiston kelasi yildan sanoat miqyosida iste'mol maxsulotlari va tibbiy vositalarni radiatsion texnologiyalar yordamida qayta ishlaydigan davlatlar qatoriga qo'shilish arafasida. Gap shundaki, mamlakatimizda ilk bor ko'p tarmoqli Nurlantirish markazi tashkil etilmoqda va u 2023-yilda ish boshlashi rejalashtirilgan. Loyiha O'zbekistonning “Gatter Group” kompaniyasi hamda Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti. Markazni ishga tushirish, qolaversa, uning faoliyati, ilmiy tadqiqotlarida O'zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Yadro fizikasi instituti asosiy rol o'ynaydi.

    — Tibbiy asbob-uskunalar va mahsulotlarni sterilizatsiya qilish maqsadida radiatsiya bilan nurlantirish usuli O'zbekiston uchun yangilik emas, — deydi O'zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Yadro fizikasi instituti katta ilmiy xodimi Normamat Ismatov. — Bu borada 15 yildan ortiq vaqt davomida ilmiy-tadqiqot ishlari davom etib kelyapti. Hatto, pandemiya davrida bu kimyoviy usulga nisbatan dolzarb va ancha afzal ekaniga ham ishonch hosil qildik. Ammo mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashda radiatsion texnologiyalar hali qo'llanilmagan. Vaholanki, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirishda yetakchi davlatlar qatorida turadigan O'zbekistonda ularni yuqoridagi zamonaviy usulda dezinfektsiya qilishni yo'lga qo'yish yaxshi natija beradi. Texnologiya yordamida oziq-ovqat eksporti hajmi sezilarli ravishda oshadi. Bu o'z-o'zidan, Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan qishloq xo'jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali sohada yillik o'sishni kamida 5 foizga yetkazish maqsadlariga xizmat qiladi.

    Mutaxassisning aytishicha, yangi texnologiya qator afzalliklarga ega. Iste'mol maxsulotlarini radiatsiyaviy nurlantirishda gamma va rentgen nurlaridan, shuningdek, 7.5 MeV (megaelektronvolt) energiyaga ega elektronlardan foydalaniladi. Bunda energiya sarfi va shunga mos ravishda nurlanish narxining kamligi, oziq-ovqat konservantlari va fumigantlardan foydalanilmasligi, isitishning yo'qligi, o'ramdagi mahsulotlarni to'g'ridan-to'g'ri qayta ishlash imkoniyati, yuqori mahsuldorlik, biokimyoviy ko'rsatkichlar va ularning ozuqaviy xususiyatlarini saqlab qolish, asosiysi, mahsulotni uzoq vaqt saqlash imkoni mavjud. Qolaversa, oziq-ovqat maxsulotlari tarkibidagi oqsil, yog' va uglevodlar, shuningdek, aminokislotalar, mineral va ko'plab vitaminlar 10 kGr doza bilan nurlantirilganda ham o'z xususiyatini yo'qotmaydi.

    Ushbu usulning yana bir afzalligi, “gazsizlantirish” jarayonining yo'qligidir. Bu mahsulotlarning qayta ishlashdan so'ng darhol foydalanishga tayyorligini anglatadi. Texnologiyaning barcha saqlash shartlariga amal qilingan xolatda, mahsulot eksport jarayoni boshidan to belgilangan manzilga yetkazilib, do'kon rastalariga qo'yilguniga qadar o'z yaroqliligini yo'qotmaydi. Mutaxassislar buni biror mahsulot misolida yanada aniqroq tushuntiradi: agar qayta ishlanmagan pomidor 0 dan 4 gradusgacha bo'lgan xaroratda ko'pi bilan 10 kungacha saqlansa, ularni ionli nurlantirgandan so'ng saqlash muddati 10 barobargacha uzayadi. SHu usulda qayta ishlangan qulupnayning saqlash muddati ikki baravar, qizil go'shtniki o'n, baliqniki esa uch baravarga ortadi va hokazo.

    Loyiha doirasida mazkur zamonaviy usul tibbiyot sohasiga ham jadal kirib boradi. Yadro fizikasi instituti ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda respublikada 150 dan ortiq korxona 2 mingga yaqin tibbiy buyumlar va dori vositalari ishlab chiqaradi. Mazkur farmatsevtika uskunalarining aksariyati yuqori sifatli va sanoat miqyosida sterilizatsiya qilishni talab etadi. Ko'p tarmoqli Nurlantirish markazi esa ana shu ehtiyojni qoplaydi.

    ION NURLARI ZARARSIZ(MI)?

    BMTning dunyoda ocharchilikka barham berish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va sifatini yaxshilash, qishloq xo'jaligini rivojlantirishga ko'maklashish kabi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda atom texnologiyalaridan foydalanish yordam berishi aytilmoqda. Ionlashtiruvchi nurlantirish orqali mahsulotlarni uzoq vaqtgacha saqlash va inson salomatligini tiklashda radiatsion nurlanishdan foydalanish samarali ekani yaxshi albatta. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Ya'ni, bizni o'ylantirayotgani, atom nurlarining inson salomatligiga ta'siri qanday bo'ladi? Bunday nurlarning zararli ta'siri borasidagi insonlarning fikri qanchalik o'rinli?

    — Hamma gap belgilangan me'yor va talablarga rioya etishda, — deydi Normamat Ismatov. — Masalan, turli kasalliklarni radioaktiv nurlanish bilan davolash yadroviy tibbiyot deyilib, bu zamonaviy tibbiyotning eng innovatsion va rivojlanib borayotgan turi hisoblanadi. Ya'ni, olimlar radiatsiyadan insonlar manfaati uchun foydalanishni o'rgangan va bu barcha xavfsizlik qoidalari hamda protokollari asosida amalga oshiriluvchi zararli bo'lmagan usuldir. Qishloq xo'jaligi mahsulotlari va tibbiyot buyumlarini ionlashtiruvchi nurlanish bilan qayta ishlashning afzalliklari va xavfsizligiga kelsak, bu BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) hamda Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik (MAGATe) tomonidan tasdiqlangan. Dunyo olimlari bu bo'yicha xalqaro loyiha doirasida 24 davlatning yetakchi ilmiy markazlarida o'tkazilgan 10 yillik keng ko'lamli tadqiqotlar natijalari asosida ijobiy xulosaga kelgan. Qolaversa, mahsulotlarni radiatsiyaviy qayta ishlash texnologiyasi inson organizmi va tabiat uchun zararsiz ekani jahonning yetakchi ekspert tashkilotlarining mustaqil tadqiqotlarida ham o'z isbotini topib kelyapti.

    Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik ma'lumotlariga ko'ra, dunyoda 220 dan ortiq Nurlantirish markazlari faoliyat yuritadi. Bugungi kunda 60 dan ziyod mamlakatda umumiy miqdori 800 000 tonnadan yuqori bo'lgan 90 turdagi oziq-ovqat maxsulotlari radiatsion nurlantirish usuli orqali qayta ishlanadi. Birgina qishloq xo'jaligi mahsulotlarini radiatsiyaviy qayta ishlash uchun 500 dan ortiq uskunalardan foydalanilmoqda.

    Ko'p tarmoqli Nurlantirish markazi ishga tushgach, mamlakatimizda yiliga 70 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot va 7 ming tonna tibbiy mahsulotlarni qayta ishlash mo'ljallangan. Bu markaz “Rosatom” kompaniyasining xorijdagi ushbu soha bo'yicha birinchi loyihasidir. Shunday markazlarning eng birinchisi Rossiyadagi Obninsk shahrida qurilgan bo'lsa, ikkinchisi 2016-yilda Litkarino shahrida bunyod etilgan.

    Hozirgi kunda tomonlar imzolagan hamkorlik kelishuvi asosida kompleks uchun er maydoni tanlanib, texnologik uskunalar tayyorlanmoqda. Yadro fizikasi instituti olimlari radiatsiyaviy qayta ishlash uchun me'yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqyapti. Mahsulot va asboblarni sterilizatsiya qilish uchun radiatsiya dozasi va nurlanishdan himoya qilishning samarali qalinligini ta'minlash bo'yicha maxsus hisob-kitoblar olib borilmoqda. Oldinda yangi texnologiya bo'yicha standartlarni ishlab chiqish va tasdiqlash, kadrlar tayyorlash bo'yicha keng ko'lamdagi ishlar turibdi.

    Barcha jarayonlar yakuniga yetgach, yurtimizda ilk ko'p tarmoqli Nurlantirish markazi ish boshlaydi. Majmua oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning yangi usullari bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib borishda ham muhim markazga aylanishi kutilmoqda.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri