Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish yoʻlida innovatsion guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

    Agrosektor 14 Iyul 2022 2395

    2022-yil 13-iyulda Toshkent shahrida BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamkorligida oʻquv seminar boʻlib oʻtdi.

    Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv oʻtishini qoʻllab-quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi ushbu seminar treningni xalqaro maslahatchi, qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish boʻyicha 40 yillik tajribaga ega mutaxassis buyuk britaniyalik Devid Kaxan olib bordi.

    Tadbirda AKIS agroxizmatlar markazining Fargʻona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi markazlari, qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning viloyatlardagi ilmiy-tajriba stansiyalari, mahalliy qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan oliy va professional taʼlim muassasalari xodimlari, fermer xoʻjaliklari vakillari qatnashdi.

    Devid Kaxan oʻz chiqishida qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda “Innovatsion guruhlar” tushunchasi, sohada mahsulotlarni ishlab chiqarishdagi mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash va barataraf etilishi ularning tadqiqotlariga tayangan holda amalga oshirilishi haqida maʼlumotlar taqdim etdi.

    BMTTD loyihasining milliy koordinatori Ulugʻbek Islamov esa, loyihaning asosiy maqsadi ilm-fan, tadqiqotlar, xizmat koʻrsatish sohasida va ishlab chiqarish oʻrtasidagi munosabatlar samaradorligini taʼminlashdan iboratligini taʼkidlab, respublikada agrar sohadagi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, suv resurslaridan foydalanishda davlat va xususiy sektor tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish lozimligini qayd etdi.

    Shuningdek, seminar trening davomida ishtirokchilar guruhlarga boʻlinib, gʻalla-paxta, chorvachilik, bogʻdorchilik sohalaridagi, suv resurslari bilan bogʻliq muammolarni amaliy mashgʻulotlar yordamida tahlil qildi. Aniqlangan muammoning atrof-muhit va tabiiy resurslarga taʼsirini oʻrganib, muammolar yechimiga doir taqdimotlar oʻtkazdi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Tadbirda taʼkidlanganidek, “Innovatsion guruhlar” qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashib, uning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan ilmiy-amaliy yechimga ega innovatsion loyihalarni ishlab chiqib, soʻngra uni amalga oshiradi. Guruhlar fermer dehqon xoʻjaliklari, tadqiqotchi, agrobiznes vakillari, tadbirkorlar va boshqa sohaga aloqador tashkilot vakillaridan tashkil topadi. Eng yaxshi va innovatsion loyihalar shaffof tanlov asosida mazkur loyihaning maxsus grantlari bilan taqdirlanadi.