Bugun, 26-sentyabrda tadbir doirasida “Yangi Oʻzbekiston — ulkan imkoniyatlarga ega yirik mamlakat” sessiyasi hamda resurslarni safarbar etish boʻyicha xalqaro forum boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov qutlov soʻzi bilan OIIB yillik yigʻilishining Buyuk ipak yoʻlida muhim oʻrinni egallagan, tarixan Sharq va Gʻarb, Shimol va Janubni bogʻlovchi boʻgʻin boʻlib xizmat qilgan Samarqandda oʻtkazish ramziyligini taʼkidladi.
Vazir 2030-yilga borib iqtisodiyotning 85 foizi xususiy sektor tomonidan yaratilishiga erishish, energiyaning 40 foizini qayta tiklanadigan manbalar tomonidan ishlab chiqarilishini taʼminlash hamda oʻrtadan yuqori daromadli mamlakat maqomiga ega boʻlish kabi “Strategiya 2030” maqsadlarini qayd etdi. Mehnat natijadorligini ikki barobarga oshirish, eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazish boʻyicha ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.
Laziz Kudratov ishtirokchilarni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va sarmoyaviy islohotlarni doimiy qoʻllab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorlik bildirib, vazirlik oʻzaro taraqqiyot va farovonlik yoʻlidagi qoʻshma tashabbuslarga har tomonlama koʻmak berishga tayyorligini taʼkidladi.
“Oʻzbekiston oʻzgarib bormoqda va siz bu yoʻlda bizning hamkorlarimizsiz. Sizning qoʻllab-quvvatlashingiz, maslahatingiz va sarmoyangiz keyingi oʻn yil ichida ajoyib yutuqlarga erishishimizga yordam beradi. Bugun biz aynan Samarqandda bejiz uchrashayotganimiz yoʻq. Asrlar davomida bu buyuk shahar belgilab kelgan savdo, xalqaro munosabatlar va innovatsiyalar anʼanalarini davom ettiryapmiz”, — dedi Laziz Kudratov.
Sessiyada shuningdek, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki rahbari Jin Liqun, Jahon banki guruhi boshqaruvchi direktori va bosh maʼmuriy direktori Venkay Chjan, yirik xalqaro investorlar va ekspertlar soʻzga chiqdi.
Tadbirning “Resurslarni safarbar qilish boʻyicha xalqaro forum” deb nomlangan ikkinchi qismi xalqaro donorlar va investitsiya fondlari bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarining amaliy jihatlarini muhokama qilishga bagʻishlandi. Xalqaro ekspertlar, nufuzli xalqaro bank va jamgʻarmalar hamda mamlakatimiz hamkorlarining Oʻzbekistonda sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirishning eng istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha fikr va mulohazalari tinglandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.