Pandemiya endemiyaga aylanadimi?

    Salomatlik 10 Fevral 2022 1795

    Pandemiya qachon tugaydi? Koronavirusning ehtimoliy mutatsiyalari qanchalik xavfli boʻlishi mumkin? Umuman, bu kasallikka qarshi yana qanday samarali kurash olib borsa boʻladi? Hozir olimlar, shifokorlar, ekspertlarning bu boradagi xulosa va yondashuvlarida tafovutlar bor.

    Tahlillarga koʻra, “omikron” shtammi juda keng koʻlamda tarqalgan AQSH va baʼzi Yevropa mamlakatlarida soʻnggi haftalarda kasallanishlar soni kamayib boryapti. Qolaversa, yangi variant oldingi mutatsiyaga qaraganda birmuncha yuqumliroq boʻlganligi bois, pandemiya endemiyaga aylanishiga umid bor.

    Xoʻsh, bu nimani anglatadi? Gap shundaki, koronavirus butunlay yoʻq boʻlib ketmaydi, balki maʼlum bir mintaqada, maʼlum bir vaqtda, maʼlum populyatsiyalar orasida paydo boʻladi. Shunda biz, normal hayotga qaytishimiz mumkinmi?

    Hozir bunga aniq javob yoʻq. Chunki koronavirus bu yogʻiga qanday mutatsiyaga uchrashi nomaʼlum. Olimlarning bilgani shuki, COVID-19 kelgusida aniq mutatsiyaga uchraydi.

    Germaniyalik virusolog olim Ulrike Protserning xulosasiga koʻra, “omikron” toʻlqini pasayishi avvalgi “delta” shtammi qaytadan keng tarqalishiga sharoit yaratishi ham mumkin.

    “Endemiya kasallik barham topgani va vaziyat xavfsiz ekanligini anglatmaydi, — deydi ushbu mamlakatdagi Leybnis instituti tadqiqotchisi Xajo Zeyeb. — Agar yangi mutatsiya paydo boʻlib, u yana epidemiyaga sabab boʻlsa, vaziyat oʻzgarishi, shubhasiz”.

    Yana bir taniqli nemis shifokori Tomas Voshaar esa “omikron”ni pandemiyadan chiqish yoʻli, deb atadi va uning tarqalishiga chek qoʻymaslik lozimligini taʼkidladi.

    “Agar dunyo aholisining yuz foizi yangi shtamm bilan kasallansa, bu pandemiyaning yakunlanishiga sabab boʻladi, — deydi u. — Axir “omikron” bemorlarda nisbatan yengil oʻtadi. Oʻlim holatlari juda kam, kasalxonalarga tushadigan yuklamalar ham u qadar katta muammolarni keltirib chiqmaydi. Muhimi, qisqa vaqt ichida global muammoga yechim topilishi mumkin”.

    Berlinda faoliyat koʻrsatadigan taniqli virusolog Kristian Drosten esa vaziyatni boshqacha baholaydi. Uning ishonch bilan taʼkidlashicha, yoppasiga kasallanish Germaniya uchun imkoniyat emas, aksincha, xatardir. Chunki mamlakatda keksa yoshli aholi qatlami katta. Xastalik ularning hayotini xavf ostida qoldiradi. Oqibatda qariyalar koʻp boʻlgan federal shtatlarda oʻlim holatlari soni ortib ketadi.

    Eslatib oʻtamiz, keyingi kunlarda Germaniyada koronavirusga chalinish koʻrsatkichlari rekord darajaga yetmoqda. Masalan, kecha bu yerda 253 ming kishida COVID-19 infeksiyasi qayd etildi. Ulardan 238 nafari kasallikdan vafot etdi.

    Shu sababli mamlakat sogʻliqni saqlash vaziri hozir karantin choralarini yumshatish payti emasligi, faqat aprel oyi oʻrtalariga kelib bu masala koʻrib chiqilishi mumkinligini qatʼiy taʼkidladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.