“Lahore Expo Center” markazida tashkil etilgan ushbu tadbirda uch kun davomida yurtimizda ishlab chiqarilgan toʻqimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, mebel va yogʻochsozlik, kimyo, farmatsevtika sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari hamda mamlakatimizning turizm salohiyati namoyish etildi.
Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyatini ilgari surishni maqsad qilgan ushbu muhim tadbirda ishtirok etish uchun respublika Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda turli sohalarda faoliyat yurituvchi 150 dan ortiq tadbirkorlardan iborat nufuzli delegatsiya Lahor shahrida tashrif bilan boʻldi.
Koʻrgazmaning ochilish marosimida Pokistonning federal va mahalliy hukumatlari rasmiylari, diplomatik korpus vakillari, shuningdek, 500 dan ortiq pokistonlik biznes doira vakillari ishtirok etdi.
Uch kun davomida 80 mingdan ortiq tashrif buyuruvchilar milliy sanoat mahsulotlari va hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi. Tadbir doirasida Oʻzbekiston tadbirkorlarining 500 dan ortiq “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi. Ularda yangi savdo shartnomalarini tuzish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya aʼzolari, shuningdek, Panjob viloyatining yirik sanoat markazlari – Faysalobod, Sialkot, Gujranvala, Gujrat, Bahavalpur, Moʻlton va Sheyxpura shaharlariga tashrif buyurib, hududlardagi ixtisoslashgan korxonalar va ularning ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishdi. Aniq istiqbolli loyihalar boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishib, qisqa fursatlarda oʻzaro tashriflarni uyushtirish va loyihalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha muzokaralarni batafsil davom ettirish tomonlarning ish rejalariga kiritildi.
Koʻrgazma davomida umumiy qiymati 500 million AQSH dollariga teng 181 ta shartnoma imzolandi. Shundan 263 million AQSH dollari eksport savdo shartnomalari, 236 million AQSH dollari esa import shartnomalarini tashkil etadi.
Pokiston Savdoni rivojlantirish agentligi bosh ijrochi direktori Fayz Ahmad bilan oʻtkazilgan uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimga kiritilgan mahsulotlar roʻyxatini kengaytirish, Oʻzbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish uchun fitosanitar ruxsatnomalar olishni tezlashtirish hamda ikki mamlakat elektron savdo platformalarida mahsulotlarni joylashtirish boʻyicha qoʻshma ishchi guruhni shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda Pokiston hududlarida Oʻzbekiston savdo uylarini tashkil etish, ikki mamlakatda paritet asosida tijorat yarmarkalarini tashkil etish, toʻqimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, transport-logistika, qurilish materiallari, terini qayta ishlash va charm mahsulotlar, chinni buyumlar, mebelsozlik yoʻnalishlarida ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazilib, hamkorlik loyihalari ishlab chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari bu kabi koʻrgazmalarning tashkil etilishi biznes doiralari hamda keng jamoatchilikning ikki davlat sanoat mahsulotlari toʻgʻrisidagi oʻzaro xabardorligini oshirishini, hamkorlik istiqbollari toʻgʻrisida aniq rejalarni shakllantirishini qayd etishdi. Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni faollashtirish, yil davomida qoʻshma tadbirlarni yana tashkillashtirish boʻyicha kelishib olindi.